Tarbiya

Bolaga qachondan boshlab pul berish kerak?

Bu masalada  juda ko‘p ota-onalarning, shu bilan birga psixologlarning fikrlari turlicha. Kimdir bolani yoshligidan pul bilan munosabatda bo‘lishga o‘rgatish kerak, chunki hozirgi zamon talabi shu, desa, ba’zi ota-onalar bu fikrga umuman qarshi chiqishadi. Ular bolani yoshligidan pulga o‘rgatmaslik, chunki buning oqibatida bola hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan bo‘lib qoladi degan fikrni ilgari suradilar. Shu o‘rinda oila muhitiga nihoyatda katta ta’sir qiluvchi, umuman ilmiy adabiyotlarda ham turli munozaralarga sabab bo‘lgan va bo‘ladigan masalalardan biri – «bolaga qachondan boshlab uning shaxsiy xarajatlariga pul berish mumkin», degan masalaga to‘xtalsak..

Ruhiy muhiti sog‘lom oilalarda bu masala alohida muammo bo‘lib o‘rtada turmaydi. Chunki mol-mulk, pul-xarajat oilada ayol va erkakning umumiy roziligi, ya’ni, bizning Sharq oilalarida otalar, ya’ni erkaklarning izn va ixtiyorlarida bo‘ladi. Bu degan so‘z ayollar pul-xarajat masalalaridan butunlay chetlatilgan, degan gap emas.

Odatda, naqd pul oilada onaning qo‘lida bo‘lib, erkaklar xohlaganicha olib xarajat qilishadi. Shu bilan birga katta xarajatlar albatta, bamaslahat qilinadi, maydalari esa erkaklarning burchi sanaladi. Chunki bozordan yuk ko‘tarib yurishlar ayollarga og‘ir.

Biz bu mulohazalarni ataylab hozir qisqa va zarurat uchun keltirdik, xolos. Chunki hozirgi mavzuimiz bolaga qachon va qancha pul berishda.

Bolangiz pulga qizg‘anchiq bo‘lib o‘smasin desangiz undan pulni yashirmang. Shu bilan birga u yoshligidan sizning savdo qilgan paytlaringizni ko‘rsin. Demak, u bilan bozor, magazinlarga birga chiqishni unutmang. 6-7 yoshidan boshlab bolani mustaqil non olib kelishga yo bo‘lmasa kichik narsalarni xarid qilishga yuborishingiz mumkin. Bunda albatta do‘kondagi sotuvchi bilan qanday muomala qilishni yo bo‘lmasa bozorchadan olayotgan narsasini narxini sotuvchi bilan qanday kelishishini o‘rgating. Xarid qilayotgan narsaning sifatiga e’tibor berish lozimligini aytishni ham unutmang. Albatta, bola bozor yoki magazinda biron narsani ko‘rib, olib bering, deb xarxasha qilishi mumkin. Shunday paytda pulingiz hozircha yetmasligini ayting. U albatta, payti kelib kattalar pulni qayerdan olishini so‘raydi. Siz o‘shanda ishlab topishingizni aytasiz. Pul topishning o‘ziga xos tomonlarini, u uchun katta mehnat qilish zarurligini, shu bilan birga mehnat qilish uchun bilim va hunar lozimligini bolaga yoshligidan uqtirganingiz ma’qul. Tushuntirish vaqtida ota-onalarning farzandini kam-ko‘stsiz o‘sishi uchun mehnat qilishlarini ham qistirib o‘ting. Ammo zinhor gapirayotgan vaqtingizda sizning minnat qilayotganingiz yo bo‘lmasa tez-tez “Senlarni boqamiz deb shunday azob bilan mehnat qilayapmiz”, degan gaplarni takrorlashingiz kerak emas.  Buning tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda katta bo‘ladi.

Oilada bolaga pul muomalasini o‘rgatishda ehtiyot bo‘ladigan tomon shundaki, pulni bolaga zaruriyat tug‘ilganda bir kishi bergani ma’qul. Agarda bola biron marotaba, aytaylik muzqaymoq olishga pulni onasidan bir va dadasidan bir undirsa, shu zahotiyoq bunday imkoniyatni u abadiy yodiga singdiradi. Va har bir iloji topilgan payti har ikkalasidan pul undirishga harakat qiladi.

Bu o‘rinda, ba’zi hollarda uchrab turadigan, bolaga dadasidan yashirib pul beruvchi onalar o‘z bolalariga yaxshilik qilayapti, deb ayta olmaymiz. Umuman har qanday yashirincha qilingan ishning bolaga salbiy ta’sir qilishini unutmaslik kerak.

Endi bolaga qancha pul berish kerak degan savolga qaytsak. Shahar maktablarida o‘qiydigan bolalarga doim ertalab kundalik xarajatlar uchun pul beriladi. Masalan yo‘l kira, tushlik uchun. Bolani yoshiga qarab pulni hisob-kitob qilib, har kuni bir xil miqdorda bering. Masalan yo‘l kira uchun 1400 so‘m. Tushlikni narxini maktab oshxonasidan aniqlang va bolaning yoshiga nisbat qilib bering. Bolaning qo‘lida ortiqcha pul yig‘ilishi qator muammolarni keltirib chiqaradi. Avvalo tengdoshlari orasidagi munosabat o‘zgaradi. Ortiqcha pulni sarflash uchun so‘roqsiz do‘kon va bozorga borish, kerak-keraksiz narsalarni sotib olish, umuman olganda ota-onaninig mehnat qilib topgan  pulini qadriga yetmaslik kelib chiqadi. Bu esa bora-bora ota-onam menga doim katta pul berishga majbur degan fikrni keltirib chiqaradi. Qishloq maktablarida yo‘l kira muammosi yo‘q. Shu bilan birga tushlikni ham uydan olib ketishlari mumkin. Ammo bu  bolaga pul bermaslik kerak degani emas. Agar bolaga pul berilmasa, bozor, savdo –sotiq ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishtirilib, tajriba orttirilmasa, kelgusida bolani bu narsalar mutloqo qiziqtirmay qoladi. Natijada katta bo‘lganda ham pul topish va oilaga kerakli narsalarni xarid qilishda anchagina muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Shu o‘rinda ota-onalarga ba’zi bir narsalarga e’tibor berishlarini aytmoqchi edik. Ko‘p oilalarda mablag‘ni ota topib kelsada , bozor –o‘char, xarajat qilish ayollarning bo‘yniga qolib ketadi. Natijada ayolarimiz og‘ir sumkalar bilan do‘konma-do‘kon yurishga majbur bo‘lishadi. Shu sababli o‘g‘il bolalarga ham vaqtida bozor qilishni, oilaga kerakli bo‘lgan narsalarni mustaqil xarid qilishlarini o‘rgatib borish zarur.

Dilbar Hamdamova, amaliyotchi psixolog