Bilasizmi?

Bolaga qachondan va qancha qulupnay berish mumkin?

May oyi ayni qulupnayning g‘arq pishgan pallasi. Qancha xohlasangiz, shuncha yeyishingiz mumkin. O‘sib kelayotgan bolaga ham bu mazali mevadan bergimiz keladi. Ammo ko‘pchilik onalar bu meva allergiya beradi deb, qachon va qancha berish ustida bosh qotiradilar. Quyida ushbu savollarga javob beramiz.

1. Qulupnay antioksidantlarga boy, organizmdan toksinlarni haydovchi reza meva hisoblanadi. Uning tarkibidagi shakarni bola oshqozoni yaxshi hazm qiladi. Shuningdek, meva tarkibidagi A, S va V1 vitaminlari ko‘rish qobilyatini yaxshilaydi, immunitetni oshiradi va moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Qulupnaydagi kalsiy va fosfor moddalari esa bolanig o‘sishiga ko‘maklashadi. Ko‘rib turganingizdek, qulupnay bola uchun foydali meva.

2. Qulupnay tarkibida gistamin moddasi mavjud bo‘lgani uchun yoshiga yetmagan bolalarga qulupnay mumkin emas. Oylik bolalar uchun reza mevalardan qorag‘at va smoridinagina mumkin. Ularni oz-ozdan bo‘tqaga qo‘shib, bola oshqozini o‘rgatsangiz bo‘ladi.

3. Bola 2 yoshga to‘lgandan so‘ng unga qulupnayni berishni boshlash mumkin. Avval 1 dona mevani nonushtadan so‘ng berib ko‘ring. Yodda tuting bir dona qulupnay bilan boshlaysiz. Agar kechga borib, hech qanday allergiya kuzatilmasa, ertasiga 2 dona berishingiz mumkin. Mana shunday qilib, bola organizmini yangi reza mevaga o‘rgatasiz.

4. Agar kichkintoyingizning organizmi qulupnayni yaxshi qabul qilsa, 3 yoshga to‘lgunicha bir kunda uning kaftlariga sig‘adigan miqdordagina qulupnay bering. Undan ortiq emas. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha 3 yoshdan so‘ng qulupnayga bo‘lgan allergiya o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi. Ammo bu ham nisbiy ko‘rsatkich bo‘lib, ba’zi kichkintoylarda 5 yoshdan keyin o‘tib ketishi mumkin.

5. Qulupnay allergiyaga sabab bo‘lganida, quyidagi belgilar kuzatiladi:

 

  • Tanaga toshmalar toshadi;
  • qorinda og‘riq paydo bo‘ladi;
  • yo‘tal, hansirash va qaysarlik, injiqlik ham kuzatiladi. Nima bo‘lganda ham shifokorga murojaat qiling.

 

6. Bolaga qulupnayni tvorogga, bo‘tqalarga, quymoqlarga qo‘shib bersangiz yoki undan sharbat, mevali salatlar tayyorlab bersangiz, allergiya qo‘zg‘atuvchilar kamayadi.

Manba: Darakchi.uz