Kutubxona

Bolajonlar uchun uyda teatr tashkil etamiz

Teatr katta tarbiyaviy kuchga ega. U bolalarning kechinmalariga kuchli ta’sir qiladi, axir ular teatr qahramonlari bilan birga yashab, ularning xursandchilik va qayg‘usini bo‘lishadi. Sevimli o‘yinchoqlar ishtirokidagi eng oddiy teatr sahna ko‘rinishi bu nafaqat qiziqarli mashg‘ulot, balki ota-ona uchun bola nutqi, xotirasi, ijodiy qobiliyati, axloq-odobi, do‘stona munosabatlar va dunyoqarashini kengaytirish va rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Bola undagi bezaklarni o‘zi tayyorlab, rassom va dizaynerlik qobiliyatlarini uyg‘otishi, undagi kostyumlarni o‘ylab topishi, ssenariysini yozishi va sahna ko‘rinishida rol o‘ynashi mumkin. Bu uy sharoitidagi oddiy teatr sahnasi bo‘lsa ham uning imkoniyatlari katta ekanligini unutmaslik zarur.

Teatr bolaga undagi qo‘rquv va boshqa kamchiliklarni, shuningdek, o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni yengishga yordam beradi. Bola sahna ko‘rinishini sahnalashtirish davomida muloqot qilishni o‘rganadi, uning yashirin qobiliyatlari yuzaga chiqadi.

teatr1

3—5 yoshli bolakaylar uchun uy teatri

Bu yoshdagi bolalarga kichikroq rollar va vazifalar berish orqali sahna asarini tayyorlashga jalb etish mumkin. Bunday sahna ko‘rinishini bolaga yaxshi tanish ertaklar asosida tayyorlash mumkin. Do‘stlik, yaxshilik, bir-biriga yordam berish mavzulariga bag‘ishlangan oddiy ertaklardan foydalanish mumkin. 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qo‘g‘irchoq teatrini kattalar tashkil etgani ma’qul.

7—13 yoshli bolalar uchun teatr

Bu yoshdagi bolalar butun sahna ko‘rinishini tayyorlashni o‘z zimmasiga olishni istaydi va buni uddalay oladi. Bunda ota-ona farzandining tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi va mustaqillikka intilishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bunday sahna ko‘rinishini biror bayram yoki tadbirga mo‘ljallab, unga to‘plangan bolalar va yaqinlarni xursand qilish mumkin.

Uy teatrini tashkil qilish

Siz buning uchun uyingizning istalgan qulay joyini tanlashingiz mumkin. Qo‘g‘irchoq teatrining sahnasini stolda, uycha yasab, biror pardani osib qo‘yib ijro qilish mumkin. Rollar bilan ijro etiladigan sahna ko‘rinishida turli bezaklarni o‘ylab chiqish mumkin. Ular albatta murakkab bezaklar bo‘lmasdan, qo‘l ostidagi bor narsalardan tayyorlanishi kerak.

Masalan, kartondan parda yoki daraxtni kesib olish yoki uy va shunga o‘xshash narsalarni chizib olish mumkin. Bolalarga o‘zlari o‘ylab topadigan kostyumlar juda qiziqarli bo‘ladi. Bu ularning fantaziyasini rivojlantiradi.

teatr2