Ona va bola

Bolalar bilan yozni maroqli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar

Farzandlarimizga eng ko‘p kerak bo‘lgan narsa bu bizning e’tiborimiz, ularga ajratadigan vaqtimiz, birgalikda sayrga chiqishimizdir. Yoz — bolalar bilan vaqtni maroqli va shodon o‘tkazish uchun eng qulay mavsumdir. Agar ular bilan munosabatlaringiz qayerdadir keskinlashgan bo‘lsa, yana yaqinlashish imkonini qo‘ldan boy bermang!

Issiq kunlar vaqtni ko‘chada o‘tkazish, ta’til va birga dam olish kunlarini oilaviy rejalashtirish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Biroq ko‘pincha yoz kunlari yakuniga yetib qolganda, ko‘p narsalarga ulgurmay qolganligingizni payqaysiz. Buning oldini olish uchun yozni avvaldan rejalashtiring!

Ideal yoz uchun bir nechta oddiy qadam:

  1. Reja va byudjetdan boshlaymiz

Agar oldindan qayerga bormoqchiligingiz va nimalarni ko‘rmoqchi ekanligingizni bilsangiz, buning uchun pul ajratishning ham imkoni bo‘ladi. Moliyaviy masala har doim ham ota-onalarga yozgi orzularini ro‘yobga chiqarish imkonini bermaydi. Biroq, biz yoz faslini bolalar bilan o‘tkazish haqida gapirar ekanmiz, bizning ular uchun ajratadigan vaqtimiz har qanday puldan qadrliroq! Shuning uchun ijodkorlikni ishga solib, bor imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanamiz.

  1. Oilangiz uchun mos keladigan bir nechta variantni tanlagandan so‘ng, ularni bolalarga ko‘rib chiqish uchun bering. Ulardan albatta yozni qanday o‘tkazmoqchi ekanligini so‘rang va maslahatlashing.
  2. Mudboard - yaxshi kayfiyat doskasini yarating. Unga yozni qanday o‘tkazish borasidagi istaklaringiz aks etgan turli surat va rasmlarni yopishtirib chiqing.

Quvnoq yoz uchun 10 ta g‘oya:

- Sayohat. Dengiz, tog‘lar va qishloq - bu yangi taassurotlar va joy almashtirishdir;

- Qarindoshlar bilan muloqot. Masalan, birgalikda kechki ovqat uyushtirish, bayram va turli tadbirlar, mehmonga borish;

- Tabiat qo‘yniga chiqish. Pikniklar, tabiat qo‘ynida tunab qolish, daryoda cho‘milish va velosipedda sayr qilish;

- Bolalar bilan ijodiy ishlar va kitob mutoalasi;

- Ijodiy ishlar ko‘rgazmasini tashkil etish. Bunga farzandingiz do‘stlarini va ularning ijodiy ishlarini ham jalb qilishingiz mumkin;

- Oshxonada birga mevali pirog, uy sharoitidagi muzqaymoq, sutli kokteyllar tayyorlang;

- Qishga turli mevalardan murabbolarni birgalikda tayyorlang;

- Chodirlar bolangiz qalbini tezda zabt etadi. Ularni qo‘l ostingizda bor materiallardan ko‘chada, uyda yoki dala hovlida qurish mumkin;

- Suratga tushish. Yozdagi his-tuyg‘ularni suratlarga muhrlang. Buning uchun alohida albom ochishingiz mumkin;

- Farzandingizga o‘z taassurotlari, orzu va rejalarini yozib borish mumkin bo‘lgan kundalik tutishni taklif qiling.

Ba’zan farzandlarimiz uchun vaqt ajratishga qiynalamiz va buni keyinga suramiz. Biroq hozir va bugun yashash kerakligini unutmasligimiz lozim.

Bolalar bilan yozni maroqli va unutilmas o‘tkazish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmang!

Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.