Young Driver Motor Cars kompaniyasi Firefly nomli bolalar elektromobilini namoyish qildi. Biroq ushbu o‘yinchoqning narxi qo‘shimcha soliqlarsiz 5750 yevroga baholangan. Bunday pulga Buyuk Britaniyada 1,2 litrli motorga ega Dacia Sandero modelini xarid qilish mumkin. Rossiyada esa yana taxminan 1000 AQSh dollari qo‘shib Chevrolet NEXIA R3 avtomobilini sotib olsa bo‘ladi.
Firefly eletromobili Tesla Model S P100D singari ikkita elektromotor bilan ta’minlangan. Shuningdek, unga mustaqil podveska, svetodiodli fara, burilish signallari, sozlanadigan o‘rindiq va gidravlik tormoz disklari o‘rnatilgan.
Mitti elektromobilning maksimum tezligi – 16 km/st.
Salon elektron raqamli ekran bilan jihozlangan. Ekranda spidometr, soat va harakat indikatori bor. Bundan tashqari, Firefly ota-onalar tomonidan 130 metrgacha bo‘lgan masofadan distansion tarzda to‘xtatilishi mumkin. Eng qizig‘i, kompaniya juda ham badavlat mijozlarga karbon kuzovli versiyani ham buyurtma asosida ishlab chiqarishini ma’lum qilgan.