Salomatlik

Bolalar ich kiyimlari qanday bo‘lishi kerak?

Farzandlarimiz kiyadigan ich kiyimlarni tanlashda birinchi navbatda ularning sog‘lig‘ini e’tiborga olish kerak. Ich kiyim bolaning nozik terisi bilan bevosita aloqada bo‘ladi, shu tufayli, u maksimal darajada qulay bo‘lishi, yoqimsiz hissiyotlarni keltirib chiqarmasligi, shuningdek, bolalarning jinsiy a’zolarini tashqi muhit bilan aloqadan himoya qilishi kerak.

Bolalar ich kiyimlariga asosiy talablar

Kichkintoylar ich kiyimlari namlikni singdirib olish va havo o‘tkazish, shu tariqa esa boladagi ter ajralishini nazorat qilish xususiyatiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ular allergiyani keltirib chiqarmasligi va ixcham bo‘lishi ham muhimlikda qolishmaydi.

Sanab o‘tilgan xususiyatlarga faqat bitta mato — tabiiy trikotaj javob bera oladi, buning ustiga u juda muloyim va teriga xush yoqadi. Havo o‘tkazmaydigan va issiqlikni saqlay olmaydigan sintetik matolardan farqli o‘laroq, trikotaj gigiyena talablariga javob beradi. U oson tozalanadi, g‘ijim bo‘lmaydi va tez-tez yuvganda ham chiroyli ko‘rinishini saqlab qoladi.

Zamonaviy trikotaj matosi ko‘plab turlarga bo‘linadi. Bolalar ich kiyimlarini ishlab chiqarishda asosan interlok (100 foiz paxtadan iborat ikki tomonlama trikotaj) va kulir (ichki tomoni “g‘ishtdan terilgan”dek zich naqshli, yuza qismi esa vertikal “o‘rimlar”dan iborat silliq mato)dan foydalaniladi.

Ich kiyim tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?

Farzandingizga ich kiyim sotib olishda uning yuqori sifatga ega ekanligiga e’tibor bering: chiziqlarning barchasi to‘g‘ri va tartibli bo‘lsin, choklar esa yaxshilab tikilgan bo‘lsin. Trusik bolaga loppa-loyiq bo‘lsin: tor va tig‘iz bo‘lmasin, bog‘i (rezinkasi) yumshoq bo‘lsin. Bolaning o‘z o‘lchamidan kichik bo‘lgan ich kiyim turli yoqimsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin, chunonchi, bolada qon aylanishi buzilishi va terisida ishqalanish natijasida yara paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Bir yoshgacha bolalar uchun hech qanday bezaklari bo‘lmagan ich kiyimlar olgan ma’qul. Unga tikilgan lentachalar, bantikchalar qanchalik bejirim bo‘lmasin, ertami-kechmi, ular bolaning “o‘lja”siga aylanadi, u esa bezak elementining mazasini tatib ko‘rish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi. Voqeaning davomini o‘zingiz tasavvur qilishingiz mumkin.

Shuni esdan chiqarmangki, farzandingizga yangi ich kiyim kiydirishdan avval, uni albatta maxsus bolalar sovuni yoki kukuni bilan yuvib olish kerak. Qo‘shimcha “dezinfeksiya” maqsadida esa ich kiyim qurigach, unga issiq dazmol bosish zarur.