Bugungi kunda o‘smirlarning yarmiga yaqini uzoqni ko‘ra olmaslikdan aziyat chekadi, miopiya tashxisi esa olti yoshdan boshlab qo‘yilmoqda. Ko‘z shifokorlari bu holatni inson ko‘zlari cheklangan doiradagi faoliyatga, ya’ni televizor va gadjetlarni tomosha qilish uchun mo‘ljallanmaganligi bilan izohlaydi. Ko‘zlarimiz uzoqni ko‘rishga moslashgan va yaqin masofadan ishlash bolalar ko‘zi uchun ayniqsa zarardir.
Miopiyaning oldini olish usullari:
- kompyuterda ishlash va televizor tomosha qilish vaqtini cheklash;
- tashqi yoritishsiz elektron qurilmalardan o‘qish mumkin emas;
- bolaning juda ko‘p o‘qishi ham ko‘zlari uchun zarar, shuning uchun o‘qishni ko‘chadagi faol o‘yinlar bilan uyg‘unlashtirish kerak;
- bola uzoqlarga qarashi uchun ko‘proq vaqtini ochiq joylarda o‘tkazishi lozim;
- uning dars stoli deraza oldida joylashganligiga e’tibor qarating.
Bolalar ko‘zi uchun ko‘z mushaklarini mustahkamlovchi quyidagi mashqlar foydali hisoblanadi:
- "Kapalak"
Bolaga uning qovoq va kipriklari chiroyli kapalakning qanotlari ekanligini tasavvur qilishiga yordam bering. Ko‘zlarni pirpiratish kerak bo‘ladi, bunda barcha harakatlar yengil va yetarlicha tez bo‘lishi kerak.
- "Quvnoq soatlar"
Bu mashqda esa ko‘zlarni dam chapga, dam o‘ngga qarayotgan soat strelkalari deb tasavvur qilamiz. Bu mashqni kamida 20 marta takrorlash zarur va uni bajarish jarayonida boshni to‘g‘ri tutish kerak.
- Keyingi mashqda ko‘zlarni besh soniyaga yaqin mahkam qisish, keyin esa to‘liq bo‘shashtirish zarur.
- "Temiryo‘l svetofori"
Bola o‘zini svetofor deb tasavvur qilishi lozim. U goh o‘ng, goh chap ko‘zini yopishi kerak bo‘ladi.
- Imkon boricha uzoq vaqt ko‘zlarni pirpiratmasdan turish kerak. Kun sayin bu mashqning vaqtini oshirib borish zarur. Bola ko‘zini pirpiratishi bilan u ko‘zlarini yumib olib, o‘zini uxlayotgandek tasavvur qilishi lozim. Diqqatni bir joyga to‘plab, keyin bo‘shashtirish mushaklar uchun ijobiy natija beradi.
- "Yaqin-uzoq"
Oynaga kichikroq aylanani mustahkamlab qo‘yish kerak. Bola undan nigohini uzoqroqda joylashgan ob’yektga ko‘chirishi kerak. Masalan, ko‘cha simyog‘ochi, daraxt yoki qo‘shni bino.
- "Massaj"
Ko‘zlarni yumib, barmoq do‘mboqchalari bilan ularni silash kerak bo‘ladi. Yonoqlar, qosh va ko‘z atrofini ham massaj qilish mumkin. Bu mashq ushbu sohada qon aylanishini yaxshilab, ko‘rish organlari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.