Har bir ona ertami-kechmi o‘z farzandini bolalar maydonchasiga olib boradi. Bir yarim yashar go‘dakka arg‘imchoqlarni shunchaki uzoqdan ko‘rsatmaysiz, balki ancha katta bo‘lib qolgan bolaga ularda uchishga ruxsat berasiz.
Maydonchada ona o‘zini qanday tutishi kerak?
Shu paytgacha farzandingizni aravachaga yotqizib qo‘yib, bemalol soya yo‘laklar bo‘ylab sayr qilgan, bola uxlab qolganida yo‘l chetidagi o‘rindiqda o‘tirib, maza qilib jurnal o‘qigan bo‘lsangiz, endi maydoncha bo‘ylab farzandingizning ortidan yurishingizga to‘g‘ri keladi. U goh birovning boshidan qum sochib yuborsa, goh zinalardan yiqilib tushadi yoki arg‘imchoqlar ostiga boraveradi.
-
Doim farzandingizni kuzating va uning sayr-tomoshasida faol qatnashing
Gazeta o‘qib, o‘rindiqda jimgina o‘tiraman, deb o‘ylamang. Bolangizni arg‘imchoqda uchiring, birgalikda qumdan shakllar yasang. Shuningdek, kimdir uni xafa qilishga urinsa, yoki u kimgadir hamla qilib qolsa, sizning ishtirokingiz zarur bo‘ladi.
-
Begona bolalarni yomonlashdan o‘zingizni tiying
To‘g‘ri, begona bolalar ba’zan kishining jig‘iga tegadi. Ammo ularning o‘z ota-onasi bor, axir sizga ham o‘zingizga qaratilgan tanbehni eshitish yoqmasa kerak? Buning ustiga, bolangizga boshqalarni g‘iybat qilishni o‘rgatmang, bu yaxshi ish emas.
-
Har qanday favqulodda vaziyatga tayyor turing
Bolalar ko‘pincha mushtlashib, biron joyini qonatishi, boshini yorib olishi, arg‘imchoqdan yiqilishi mumkin. Shu tufayli o‘zingiz bilan bint, plastir, brilliant yashili, og‘riqni qoldiruvchi vositalardan iborat kichik aptechka olib yuring.
-
Bolangizga harakatlanayotgan arg‘imchoqlarga yaqinlashishga ruxsat bermang
U faqat qo‘lingizdan ushlab borishi mumkin — shu narsani unga qoida sifatida tushuntiring. Begona bola u yerga yugurib ketganini ko‘rishingiz bilan, onasiga bu haqda bildiring. Ba’zan esa tezkorlik bilan harakat qilib, ularni tutib qolishingizga to‘g‘ri keladi.
-
Birovning o‘yinchog‘i — birovniki
Ushbu oltin qoidani bolaga yoshligidan singdiring. Shunda siz “Ber!” yoki “Shuni xohlayman!” degan janjallardan nari yurasiz. Bolaga o‘zining o‘yinchog‘i qaysi-yu, birovniki qaysiligini tushuntiring, odob bilan iltimos qilib, o‘yinchoq almashtirishga o‘rgating.
-
Maydonchaga olib chiqadigan o‘yinchoqlarni ajratib qo‘ying
Bolalar maydonchasiga olib chiqilgan o‘yinchoqlar omon qaytmaydi: qo‘g‘irchoqlarning sochi yulinadi, mashinalarning g‘ildiragi yo‘qoladi. Shu tufayli buning uchun oddiyroq o‘yinchoqlarni tanlang. Ammo o‘yinchoq yo‘qolsa, bolangizni hech ham ayblamang.