Bog‘cha yoshi

BOLALAR NeVROPATOLOGI JAVOB BeRADI

SAVOL: Sakkiz yoshli qizim haligacha kechasi siydik tutolmaydi. Bunga asabiy zo‘riqish sabab bo‘layapti, deyishdi. Rostdan ham siydik tuta olmaslikka asab tizimidagi o‘zgarishlar sabab bo‘lishi mumkinmi?

JAVOB:Agar bolada 5 yoshdan keyin ham tungi siydik tuta olmaslik kuzatilsa, unda albatta somatik kasalliklar bor-yo‘qligi tekshirilib, umumiy siydik tahlili, ultratovush diagnostikasi o‘tkaziladi. Agar bu tahlillar ijobiy bo‘lsa, bolalar asab kasalliklari shifokoriga murojaat qilishlari shart.

SAVOL:O‘n yoshli o‘g‘lim kun bo‘yi charchasa ham, kechasi soat o‘n bir, o‘n ikkigacha uxlamay yuraveradi. Ayting-chi, bu holatni normal deyish mumkinmi? JAVOB:Avvalo, bolaning kun tartibi bo‘lishi kerak. Bola har kuni bir xil vaqtda uyg‘onib, bir xil vaqtda uyquga yotishi muhim. Bola tun davomida umumiy 8 soat uxlashi shart. Agar uning uyqusi 8 soatdan kam bo‘lsa, mutaxassis ko‘rigiga olib borib, kerakli muolajalar olib borish tavsiya etiladi.

SAVOL:Qizim to‘rt yosh. Lekin judayam asabiy. Goh ukasining o‘yinchog‘ini olib qo‘yadi, goh bog‘chadagi dugonasining qo‘lini tishlab oladi. Ayting-chi, boladagi tajovuzkorlik o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadimi yoki uni mutaxassisga ko‘rsatish kerakmi? JAVOB: Bunday hollarda bolaga yordam berish kerak. Bu holat bolaning biror tashqi ta’sirlarga javob reaktsiyasini bildiradi. Bundan oiladagi muhit ham mustasno emas. Oilangizdagi muhitni yaxshilang. Oilaviy muammo va mojarolarni farzandingizdan xoli vaziyatda hal qiling. Bolaga ko‘proq vaqt ajrating. Agar bu ham samara bermasa unda mutaxassisga uchrash lozim.

SAVOL:O‘g‘lim judayam sho‘x. U doim hech kim kutmagan ishlarni boshlab yuradi. Garchi tajribalari o‘ziga ziyon yetkazsa ham u yana yangi-yangi tajriba qilishdan cho‘chimaydi. Ayting-chi, bunday bolani o‘z holiga qo‘yish kerakmi yoki unga albatta tinchlantiruvchi vositalar bergan ma’qulmi? JAVOB:Bunday bolalarga sport yordam beradi. Suzish, shaxmat, shashka, gimnastika kabi sport turlarining birortasiga jalb qilish bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday bolalarni albatta biror mashg‘ulot bilan band etish, imkon boricha bo‘sh qoldirmaslik kerak. Tinchlantiruvchi dori vositalarini esa albatta shifokor maslahati bilan bergan ma’qul. Savollarga bolalar nevropatologi Alijon Iskandarov javob berdi. Agar sizda ham savol bo‘lsa murojaat eting,javob beramiz.