Bu hayotda hammamizning ham farzandimiz katta bo‘ladi, ulg‘ayadi, do‘stlar orttiradi va ilk bor kimnidir sevib qoladi. Tabiiyki, vaqt o‘tgani sayin bolaning o‘ziga yarasha sirlari paydo bo‘ladi, uning nazarida bu “maxfiy” ma’lumotlarni ota-ona aslo bilmasligi kerak. Aslida ham shunday bo‘lishi lozimmi? Ko‘pgina vaziyatlarda ota-ona farzandining biror narsani oxirigacha gapirmayotganini sezishi bilan uni bilishga oshiqib, uzoq vaqt bosh qotiradi. Shunday vaziyatga duch kelgan ota-onalar, keling, yaxshisi, bolalarimizning “kichkinagina” sirlari va ularga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish haqida “kattagina” suhbat quraylik...
Hammamizga hayotiy tajribadan ma’lumki, kichik yoshdagi bolalar sirlashishni juda yaxshi ko‘rishadi. Ular uchun sir shunchaki “havo”dan ham paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘yinchoqni yostiq ostiga berkitish. Shuning o‘zi uning uchun katta sir. Axir, u o‘yinchog‘ini yashirganini hech kim ko‘rmadi-ku!
Ko‘pincha, hatto eng ishonuvchan bolaning ham o‘z ota-onasiga bildirmaydigan gaplari bo‘ladi. Lekin ota-onalar, odatda, farzandlari doim “ochiq”ligiga va hech narsani yashirmasligiga o‘rganishgan. Aslida ham bu ular uchun juda muhim sanaladi. Shu bois aksariyat ota-onalar bilan suhbatlashganda, bola o‘smir yoshda sirli bo‘lib qoladi, degan fikrni eshitamiz. Ammo ular adashishadi. Zero, to‘rt yashar bolakayning ham o‘z siri bo‘lishi mumkin.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi
Boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan bolada sub’yektiv sirlar bo‘lishini inkor etolmaymiz. Aynan shu sirlar bolakay ichki olamining asosi, tayanchi sanaladi. Axir, xayolot dunyosi, istak va umidlarsiz yashab bo‘lmaydi-da! Ichki olam ta’siri bolaning “men”i shakllanayotganida namoyon bo‘la boshlaydi, unda o‘ziga xos fe’l-atvor yuzaga keladi.
Shunday qilib, farzandi boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan ota-onalar diqqatiga: bolangizga hech qachon befarq bo‘lmang. Loqaydlik sizning dushmaningizdir. Bolangizni o‘z siri bo‘lsa-da, uni siz bilan bo‘lishishni istaydi. Mana shu paytda “ishonch”ni oqlasangiz, u keyinchalik ham sizni “sirdosh” deb biladi.
“Oyijon, sizga bir gap aytaymi?”
Agar farzandingiz sizga biror ko‘nglida saqlayotgan gapi, xayoli, orzularini aytsa, uning bu gaplarini hurmat qilishingiz kerak. Siz uchun bu gap ahamiyatsizdek tuyulsa-da, bolangiz uchun juda muhim. Shu bois uni sir, deb bilayapti. Unutmangki, bolakayning olamni qabul qilishi bilan sizning dunyoqarashingiz o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. Agar bu borada xato qilsangiz, natijasi achinarli bo‘lishi mumkin. Bola hamma narsani ichiga yutadigan, suhbatlashmaydigan va yaqinlariga ishonmaydigan bo‘lib qoladi. Shuningdek, farzandingizni hamma narsaning mayda tafsilotlarigacha so‘zlab berishini talab qilmang, yaxshisi, kuting. Vaqti kelib, sizni qiziqtirgan va o‘zi aytishni istagan hamma narsani gapirib beradi.
O‘smirlar dunyosi
O‘smirlik yoshi bola va ota-ona hayotidagi eng murakkab davrlardan biri sanaladi. Bola 14 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan paytda o‘z yaqinlaridan anchagina uzoqlashadi. Ruhshunoslarning fikricha, bu holat o‘ta tabiiy hisoblanar ekan. Shu ma’noda aksariyat o‘smirlarning o‘tish davrida o‘z ota-onasiga ishonmay qo‘yishi ham hayotiy haqiqat. Yoshlik davringizga xayolan bir qayting, axir, sizning ham 15-16 yoshda hech kimga aytmagan gaplaringiz bo‘lgan-ku?! Nega endi, ular farzandingizda bo‘lmasin? Uning shaxsiyati va fe’l-atvori hamon shakllanmoqda. Shu bois, chegara va me’yorni to‘g‘ri ushlang. Endi u jajji bolakay emas, nimani aytish va nimani yashirishni o‘zi hal qila oladi.
Ota-onalar uchun kichik qo‘llanma
1.Bola katta bo‘layotganidan va u ko‘p vaqtini do‘stlari davrasida o‘tkazayotganidan vahimaga tushmang. Mabodo, farzandingiz o‘z shaxsiy hayotining ma’lum bir qismiga parda tortayotgan bo‘lsa, ushbu vaziyatga nisbatan sabrli bo‘ling. Unga do‘st tutina olsangiz, ma’lum vaqt o‘tgach, u sizga hamma sirlarini o‘zi ochib beradi.
2.O‘smir yoshdagi farzandingizning sirini bilish, ko‘chadagi do‘stlari haqida ma’lumot yig‘ish uchun bosim o‘tkazish yaramaydi. Agar u siz bilan dildan suhbatlashishni istamasa, bu fursatni toqat bilan kuting. Yelkangizga boshini qo‘yib dardlashgani kelganida esa ko‘kragidan itarmaslikni maslahat beramiz.
3.O‘smir farzandingizni qoralamang va o‘z fikringizni uqtirishga harakat qilmang. Sizga bo‘lgan ishonchi so‘nishiga xizmat qiladigan suhbatlardan qoching.
Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent, ruhshunos
Anjim ShAMShETOVA tavsiyalari asosida
Dilnoza Shuhrat qizi tayyorladi
Manba: Darakchi.uz