Salomatlik

Bolalarda kariyesning oldini oluvchi menyu

Bolalar kariyesi — tishlarning eng qo‘rqinchli dushmanidir. Uni vaqtida aniqlash juda qiyin bo‘lib, undan xalos bo‘lish esa ko‘p mehnat talab qiladi. Shuning uchun ham bolalarda kariyesning oldini olish muhim hisoblanadi.

Tishlarni yoshlikdan asraymiz

Har bir bola tishlarni asrash uchun ularni muntazam yuvish lozimligini biladi. Gigiyenaga muntazam amal qilish barchasidan muhim hisoblanadi. Sut tishlar uchun yumshoq cho‘tka va maxsus bolalar pastasini tanlash lozim. Ertalab va kechqurungi tish yuvishdan tashqari har safar ovqatlangandan so‘ng og‘izni chayish lozim. Pediatrlar bu kabi jarayonlarga bolani deyarli yo‘rgakdan o‘rgatish lozimligini ta’kidlaydi.

Qadrdon dushmanlar

konfetlar

Bolalar kariyesi ko‘pincha u yoki bu mahsulotga haddan ortiq mehr qo‘yishning oqibati hisoblanadi. Bu yerda gap eng makkor shirinliklar: irislar, obaki, shokoladli batonchiklar va muzqaymoq haqida bormoqda. Bolalar rosa xush ko‘ruvchi qotirilgan non bo‘laklari (suxarik), chipsi va yeryong‘oqlar ham tishlarga xavf tug‘diradi. Mevali soklar va shirin gazli ichimliklar ham kariyes sababchilaridir. Chunki ular tarkibidagi shakar va kislotalar tish emalini yuvib ketadi. Yaxshi pishmagan mevalar ham xuddi shunday xavf tug‘diradi. Sut bilan ham ehtiyot bo‘lish lozim. Uning tarkibida kalsiy bilan birga laktoza ham mavjud. U esa og‘riq keltirib chiqaruvchi bakteriyalar uchun qulay muhitni yaratadi.

Foydali mahsulotlar

Tish uchun foydali mahsulotlarning birinchi guruhini qattiq va xom sabzavotlar tashkil qiladi. Sabzi, lavlagi, karam milklarni juda yaxshi massaj qilib, tish karashini (nalyot) tozalaydi va tupuk ishlab chiqilishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida zararli bakteriyalarni yuvib ketadi. Brokkoli ham kalsiy va fosforning xazinasi hisoblanadi. Jo‘yakdan olingan har qanday ko‘kat, petrushkadan tortib salat bargigacha og‘iz bo‘shlig‘ini dezinfeksiya qiladi.

Dengiz mahsulotlari

Agar siz farzandingizda baliq va dengiz mahsulotlariga mehr uyg‘ota olsangiz kariyesning rivojlanish xavfi sezilarli darajada kamayadi. Gap shundaki, tishlar uchun hayotiy muhim bo‘lgan kalsiy va ftor D vitamini bilan bog‘langan holda samaraliroq o‘zlashtiriladi. Dengiz mahsulotlari esa bu moddalarga boy sanaladi. Bundan tashqari, ular B guruhi vitaminlari, yod, selen, fosfor hamda kalsiy va ftorning katta zahirasiga ega.

Sutli hujum

Sutli mahsulotlarning har biri tishlarni himoya qilishda o‘ziga xos vazifani bajaradi. Tabiiy yogurt og‘izdan noxush hid kelishini bartaraf qilib, tish minerallarini yetkazib beradi. Tvorog kalsiy va fosforning optimal nisbatiga ega bo‘lib, bola organizmi tomonidan deyarli to‘liq o‘zlashtiriladi. Natijada emal mustahkamlanadi. Pishloq esa kariyesga qarshi eng yaxshi vosita hisoblanadi. U suyak to‘qimasidagi kalsiy miqdorini oshirib, shamollashning oldini oladi.