Yoz oylarida ko‘pchilik bolalarning badani, qo‘l-oyoqlari, yuziga issiqlik toshishi kuzatiladi. Bu esa ayrim onalarning xavotirlanishiga sabab bo‘ladi. Ular tezda farzandini o‘rab-chirmab, dori vositalarini berishga urinadi. Aslini olganda, bola badaniga issiqlik toshishi atrofdagilarning haddan ortiq "g‘amxo‘rligi" natijasida yuzaga keladi. Chunki bolalarni issiq havoda qalin kiyimlarga o‘rab qo‘yish uning isib ketishiga olib keladi.
Toshmalarning kelib chiqish sabablari
Bola badaniga issiqlik toshishining eng birinchi sababi uning haddan ortiq isib ketishidir. Onalar farzandlarini yelvizak va shamollardan ehtiyot qilib, yo‘rgakka o‘rab qo‘yadi. Natijada bolada kuchli terlash kuzatiladi. Ularda tana haroratini muvozanatlashtirib turuvchi markaz yaxshi rivojlanmaganligi bois, ter teri hujayralarida uzoq vaqt ushlanib qoladi. Oqibatda teri hujayralari ta’sirlanib, toshmalar toshadi.
Issiqlik toshishining belgilari:
Issiqlik asosan bola badanining ba’zi joylarida toshadi. Ayrim hollarda toshmalar butun badan bo‘ylab tarqaladi. Toshma tananing quyidagi sohalarida toshishi mumkin:
- yuz;
- dumbalar;
- ko‘krakning oldingi yuzasi;
- tabiiy burmalar;
- chov sohasi;
- yelkalar;
- bosh;
- qo‘l va oyoqlarning ichki sohasi.
Badanda issiqlik toshishi kasallik hisoblanmaydi. Shu bois bolaning umumiy ahvoli o‘zgarmaydi, isitma, bezovtalik, badan qichishi kuzatilmaydi. Toshmalar qizg‘ish rangda bo‘ladi. Ayrim hollarda ular pufakcha ko‘rinishida bo‘ladi. Kun davomida toshmalar tashqi muhit haroratiga bog‘liq holda ko‘payishi yoki kamayishi mumkin.
Onalarga maslahatlar:
- Bolaga paxtalik matodan kiyim kiydiring;
- Yoz oylarida bolalarga pampers kiydirmaslikka harakat qiling;
- Toshma toshgan sohalarni nam latta bilan artib oling;
- Yozda iloji boricha farzandingizni har kuni cho‘miltirib turing;
- Bolani imkon qadar tashqarida ko‘proq sayr qildiring;
- Toshma toshgan sohalarga malhamlar va losyonlar surmang;
- Bolaning shaxsiy gigiyenasiga e’tibor qiling;
- Yoz oylarida bolani haddan ortiq o‘rab tashlamang;
- Bola yotadigan xonani har kuni shamollatib turing, xona harorati 25 darajadan oshmasligi kerak;
- Bolaning tabiiy burmalariga tez-tez e’tibor bering;
- Agar bolaga taglik kiydirsangiz uning to‘lishini kutmasdan, tez-tez almashtirib turing;
- Yoz oylarida ertalab bolaga havo vannalari tashkil qiling.