Kichkina bola organizmida juda kam miqdorda bo‘lsa-da temir moddasining yetishmovchiligi kamqonlik va boshqa xastaliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Bolalar gemoglobinini qanday oshirish mumkin?
Dastlab kamqonlik sabablari va oqibatlarini ko‘rib chiqsak. Juda ko‘p holatlarda bolalardagi kamqonlikka muvozanatlashtirilmagan ratsion sabab bo‘ladi. Shuning uchun agar tahlil natijalari farzandingizda ushbu kasallik mavjudligini ko‘rsatsa, zudlik bilan uning taomnomasini qaytadan tuzib chiqing!
Gemoglobin me’yori
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qabul qilingan me’yor bo‘yicha qon tarkibida gemoglobin 120-140 g/l ni tashkil etishi lozim. Agar ko‘rsatkich biroz pasaygan bo‘lsa, shifokor odatda maxsus parhez tavsiya etadi. Biroq natija me’yordan jiddiy farqlansa, dori vositalari qabul qilishga to‘g‘ri keladi.
Kamqonlik nimasi bilan xavfli hisoblanadi?
- Birinchidan, gemoglobin kislorodni tashish uchun, demak butun organizmning to‘g‘ri rivojlanishi uchun javobgardir;
- Ikkinchidan, u organizmning turli infeksiyalarga qarshiligini ta’minlaydi;
- Uchinchidan, bu moddaning taqchilligi hayotiy muhim organlarning zo‘riqishini oshiradi.
Bolada kamqonlik alomatlari
E’tiborli ota-ona kamqonlikning dastlabki alomatlarini tahlil natijalarisiz ham payqashi mumkin. Boladagi rangparlik, kam harakatlik, ishtahaning yo‘qolishi kabilar shunday alomatlardandir. Bola uyqudan endi turayotganligiga qaramasdan, charchagandek tuyuladi.
Ta’m va hid bilishda o‘zgarishlar paydo bo‘ldimi? Bolangiz bo‘r, tuproq yoki loyni tatib ko‘rgisi kelayotgan yoki kraska va benzinning hidi ajoyib ekanligini aytgan bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling!
Kamqonlikda bola ratsioni
Emadigan yoshdagi bolalarda 5-6 oylikkacha odatiy ratsionni o‘zgartirish tavsiya etilmaydi. Ona o‘z taomnomasini zarur mahsulotlar bilan boyitishi samaraliroq hisoblanadi.
Agar bola qo‘shimcha ovqatlar yeydigan bo‘lsa, unga tarkibida temir yuqori bo‘lgan aralashmani tanlagan ma’qul. Bolangizni yaxshilab ko‘zdan kechirgandan so‘ng, diyetolog qanday qo‘shimcha ovqat berishni tavsiya qila oladi.
Agar bolaning yoshi to‘g‘ri kelsa, shifokor tarkibida temir moddasi bo‘lgan turli sabzavotlar, jumladan ismaloq, bryussel karami va yormalarni (ayniqsa grechixa yormasi) tavsiya etishi mumkin. Ana undan keyin go‘shtga o‘tish mumkin (mol go‘shti, kurka yoki tovuq go‘shti).
Bolaga muntazam ichish uchun na’matak qaynatmasi yoki quruq mevalarning sharbatini taklif qiling - ularning tarkibi ham temir moddasiga boy.
Shifokorlar bolalar menyusini kichik yoshdan boyitib borishni tavsiya etadi. Bir yoshli bola ratsioniga bargli ko‘katlar, go‘shtning turli shakllari va baliq, pishloq, tuxum, sabzavot va mevalar kiritilishi lozim.
Kamqonlikka qarshi kurashishda anor sharbati ham ajoyib vosita hisoblanadi.
Kun tartibi
Kamqonlikni davolash paytida kun tartibiga qat’iy amal qilish lozim. Tinch va havosi yangilangan xonada bolaning to‘laqonli uxlashi (kunduzgi uyqu ham) majburiy shartlardandir. Bola organizmiga kislorod yetishmaganligi uchun u ochiq havoda ko‘proq sayr qilishi lozim. Gimnastika va chiniqtirish ham foyda keltiradi.
Maqolani tayyorlashda internet ma’lumotlaridan foydalanildi.