Tarbiya

Bolalardagi qizg‘anchiqlik: yaxshimi yoki yomon?

Ko‘pchilik ota-onalar farzandida qizg‘anish hissini payqab qolishsa, nahotki biz uni noto‘g‘ri tarbiyalayotgan bo‘lsak, deb hayron bo‘lishadi. Mehribon va aqlli bolangiz birdaniga ilgari bermagan savollarni bera boshladi: “Nima uchun Shavkatning o‘yinchog‘i menikidan yaxshiroq? Nima uchun Sardorlarning uyi biznikidan katta? Nimaga Nigoraga ko‘chada bosh kiyimsiz yurishga ruxsat berishadi, menga esa yo‘q? Nega Sevaraning ikkita ukasi bor, menda esa bittayam yo‘q?” Dastavval bu sizni quvontiradi, ammo keyinchalik qo‘rqitishni boshlaydi.

Shunga qaramay, yuqoridagi kabi savollarni deyarli barcha bolalar beradi. Bu normal holat, chunki kichkintoy tevarak-atrofni kuzatish, taqqoslash va xulosa chiqarish qobildiyatiga ega ekanligidan dalolat beradi. Agar u javoblaringizdan qoniqsa, darrov esidan chiqarib yuboradi, boshqa narsalarga chalg‘iydi. Demak, xavotirga o‘rin yo‘q.

Farzand tarbiyasida ma’suliyatli ona sifatida siz tabiiyki uning hamma xohish-istaklarini bajara olmaysiz va bajarmaysiz ham. Lekin kelajakda uning qizg‘anchiq bo‘lib o‘sishini ham xohlamaysiz. Ko‘p hollarda bolangiz savollariga aniq va to‘g‘ri javob berish eng samarali usul hisoblanar ekan.

1. Bolaga tushuntirish ishlarini olib borayotganda gap-so‘zlaringizdan kichkintoy “mening nimamdir yomonroq ekan, shuning uchun ayrim narsalardan mahrum bo‘lgan ekanman-da” degan xulosaga kelmasligi kerak. Undan ko‘ra, “Agar yo‘taling o‘tib ketsa, o‘zim senga zo‘r muzqaymoq olib beraman” yoki “Agar ko‘p konfet yesang, tishing og‘riydi. O‘rtog‘ingning oyisi buni bilmasa kerak-da”, deb ayting.

2. Farzandingizga tushuntiring: insonlar o‘rtasidagi farq (tafovut) – doimiy emas, uni o‘zgartirish har kimning o‘ziga bog‘liq. Ya’ni, agar u o‘z ustida tinimsiz ishlasa, vaqt o‘tishi bilan Sherzoddan ham uzoqroqqa sakrashi mumkin. Agar o‘zini chiniqtirishni boshlasa, Maqsud kabi yengil kiyimlarda yurishi mumkin bo‘ladi. Faqat unga: “Biz buni o‘zimizga ravo ko‘rolmaymiz” deb aytmang.

3.Bolakayga tushuntiring: har bir narsaning albatta o‘z to‘lovi (badali) bor. Inson esa nima uchun to‘lash-to‘lamasligini o‘zi hal qiladi. Masalan, Kamolaning ota-onasi unga chiroyli va qimmat o‘yinchoqlar, o‘zlariga esa dang‘illama uy, mashinali sharoitda yashashni tanlashdi, lekin bularning hammasi qizlari bilan kuniga atigi 0.5-1 soatgina ko‘rishish evaziga amalga oshiriladi. Siz aksincha, mayli u qadar boy bo‘lmasangizda, farzandingizga ko‘proq vaqt ajratishni, u bilan ko‘proq birga bo‘lish uchun harakat qilayotganingizni ayting.

4.Bolalar qizg‘anchiqligining asosiy predmeti – o‘yinchoq. Bolakay tushunishiga imkon bering: u yoqtirib qolgan o‘yinchoqni hozir olishga imkon yo‘q, ammo yaqin orada sotib olasiz. U o‘zi anglagan holda “kamroq konfet yesam, o‘yinchoqqa ham pul tejalardi” degan fikrga kelsin. Ham sog‘liqqa foyda, ham cho‘ntakka.

5. Farzandingizni o‘rab olgan muhit, sharoit eng yomonlardan emasligini, undan ham nochor ahvolda yashovchilar borligini ko‘rsating. Va ular qizg‘anishga arziydiganlarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil etishini gap orasida qistirib ham o‘ting.

6. Bolaning oldida “Ana odamlar qanday yashayapti!” yoki “Hali bu pullarni qayerdan, qanday yo‘llar bilan topayotganligi ma’lum emas” kabi gaplarni gapirmang.

7. Uy ichidagi qulaylikka va narsalarning joylashuviga ahamiyat bering. Kichkintoy uyda o‘zini qulay va erkin his qilishi juda muhim.

8. Hech kimni bolangiz oldida misol, namuna qilib ko‘rsatishga intilmang. Uning qobiliyati va mehnatini qo‘shnining a’lochi qizi Sitora nisbatan emas, balki o‘zining imkoniyatlaridan kelib chiqib maqtang, kerak bo‘lsa mukofotlang.

9. Farzandingizga ko‘proq mustaqil topshiriqlar bering, uy yumushlari bilan ham bandligini ta’minlang.

10. Kichkintoylar qizg‘anish hissini ko‘proq yig‘i orqali ifodalaydilar. Bu holatda uning aynan nimani istayotgani, o‘z fikrlarini aniq va lo‘nda ifodalashini talab qiling.

Bir tomondan, qizg‘anchiqlik – yomon narsa emas, kelajakda u tanqid kabi ta’sir etib, maqsad sari qadam tashlashga kuch, g‘ayrat bag‘ishlaydi. Boshqa tomondan olib qaraganda, yuragining tub-tubida har bir bolakay ota-onasiga ishonishni xohlaydi. Shundan qilingki, hamma narsa o‘z me’yorida bo‘lsin.

Manba: Darakchi.uz