Tarbiya

Bolalarga hayot bilan “do‘stlashishni” o‘rgatamiz

Kishi ulg‘aygach, kelgusi hayoti qanday bo‘lishi, ko‘p hollarda uning  bolaligiga bog‘liq. Ayniqsa, bolalikdagi ota-onalar bilan bog‘liq munosabatlar muhim rol o‘ynaydi. Ochiqlik, yumshoq ko‘ngillilik bolalarni hayotning  oq-qora tomonlariga nisbatan juda ta’sirchan qilib qo‘yadi. Ota-onalar bolalarga yordam bermog‘i  va ertaga ularning muvaffaqiyatli kelajagi uchun bugundan shug‘ullanmog‘i lozim.

Bu borada bizda bir necha maslahatlar bor. Demak:

1. Bolaga “doim kasalsan”, “qobiliyatsizsan”, “qaysarsan”, “mustaqil emassan”, deb ta’sir ko‘rsatmang

Agar u bu kabi gaplarni doimiy ravishda kattalardan eshitaversa, ishonavering, ular o‘zlarini aynan shunday tutishi mumkin.

2. Bola fe’lidagi, harakatlaridagi salbiy jihatlarini yaxshilayman, deb uning shaxsiyatini tanqid qilmang

Ko‘pincha ota-onalar o‘zgaradi, degan umidda bolaning kamchiliklariga e’tibor qaratadi. Lekin aksincha yuz berishi ham mumkin. Qolaversa, tanqidiy munosabat uning o‘z-o‘zini baholash, o‘ziga ishonish darajasiga ta’sir etadi.

3. Unutmang: tanqid bolaning shaxsiyatiga emas, nojo‘ya harakatiga qarata bo‘lishi kerak

Masalan, bola piyolani sindirib qo‘ydi va onasidan: “buncha beso‘naqay, beparvo bo‘lmasang” qabilida dakki eshitadi. Bu payt bolada “men doim shunaqa yomonman” degan tushuncha paydo bo‘ladi. Ona bunday hollarda bolaning qilmishining ehtiyotsizlik tufayli sodir bo‘lganligini aytgani ma’qul.

4. “Ertaklar-yaxshilikka yetaklar”, degan naqlga amal qiling

Siz ham bolaga qahramoni yaxshi ish qilmagan ertaklardan so‘zlab bering. Chunki ular ko‘pincha o‘zlarini ertak qahramonlari bilan solishtiradi, bu esa voqea-hodisaga chetdan nazar solishga yordam beradi. O‘zingiz ham birgalikda o‘sha ertak qahramoni qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketishi mumkinligi haqida suhbatlashing.

5. “Qo‘shtirnoq” usulidan foydalaning

Unda Siz bolangiz holati bilan bog‘liq va sizda ham shunday vaziyat bo‘lgan to‘qima yoki hayotiy voqeani so‘zlaysiz. Keyin o‘sha vaziyatdan qanday chiqib ketganingiz haqida ham ayting. Bolalar bu singari holatlarda Siz aytgan usullardan foydalanishi mumkin. Bu ayniqsa, o‘smir yoshdagi farzandlar uchun as qotishini ruhshunoslar ta’kidlaydi.

6. Ijobiy mazmundagi iboralarni qo‘llang

Ko‘pincha ota-onalar bolalarga: “asabiylashma”, “janjallashma”, “bukchayma” qabilidagi tanbehlarni beradi. Ular salbiy toifaga kiruvchi tanbehlardir. Uning o‘rniga ijobiy mazmundagi  “tinchlan”, “yarashib ol”, “qaddingni tik tut” singari so‘zlarni ishlating.

Farzandingizga bo‘lgan bugungi munosabatingiz, unutmangki, ertaga uning hayot bilan “chiqishib ketishi”ga, “do‘stlashishi”ga  zamin hozirlaydi.

Manba: Daryo.uz