Bolalar va o‘smirlar adabiyotini nashr etish tizimini yanada takomillashtirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar bergan, deb yozadi Kun.uz.
Qarorga muvofiq ikki oylik muddatda 2018-2022 yillarda bolalar va o‘smirlar adabiyotini nashr etish tizimini yanada takomillashtirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi:
bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan kitoblarni nashr qilishga ixtisoslashtirilgan nashriyotlarni aniqlash mezonlarini ishlab chiqish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;
bolalar va o‘smirlar dunyoqarashini kengaytirish, ularni ertangi kunning chinakam qahramonlari sifatida tarbiyalashga qaratilgan asarlar yaratilishini rag‘batlantirib borish;
yaratilayotgan yangi asarlarni maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida keng targ‘ib qilish maqsadida ushbu asarlar mualliflari ishtirokida muntazam ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;
bolalar va o‘smirlar mavzusida ijod qilayotgan adiblarga “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan aniq ijtimoiy buyurtmalar berish tizimini takomillashtirish;
bolalar va o‘smirlar mavzusida ijod qiladigan yosh adib va shoirlarni tarbiyalash, ularning ijod namunalarini chop etib borish.
Xalq ta’limi vazirligiga:
• umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan kitoblarni nashr etish kvotalari o‘quvchilar (tarbiyalanuvchilar) soni va ehtiyojidan kelib chiqqan holda belgilash; • kvotalar asosida bolalar dunyoqarashini kengaytirishga, ularning ma’naviy, intellektual olamini boyitishga qaratilgan, bolalar psixologiyasiga mos adabiyotlarning bosqichma-bosqich chop etilishini ta’minlash topshirildi.
2018-2019 o‘quv yilidan boshlab bolalar va o‘smirlar o‘qishi zarur bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Matbuot va axborot agentligi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasiga bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarni arzon narxlarda chop etish choralarini ko‘rish yuklandi.
Shuningdek, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan hududlarga kitoblarni yetkazish bilan bog‘liq xarajatlarni hisob-kitob qilishda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan kitoblar narxining asossiz ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zaruriy choralar ko‘riladi.
Umumta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida har oyning oxirgi shanba kunini “Insholar kuni” deb belgilandi. Bunda o‘quvchi va talabalar o‘zlari o‘qigan kitoblari bo‘yicha insholar tanlovi tashkil etiladi hamda ularni rag‘batlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi.