Har bir ota-ona farzandlarini turli o‘yinchoqlar bilan xushnud etishni xohlaydi. Lekin bolajonlar uchun hamma o‘yinchoqlar xam mos kelaveradimi? Ularni xursand qilamiz deb noto‘g‘ri ta’sir qiladigan o‘yinchoqlarni xarid qilmaslikni istasangiz ushbu tavsiyalarga e’tiboringizni qarating.
1-2 yosh uchun: Yog‘och doska; Tebranma toychoq (o‘g‘il bolalarga); Aravachadagi qo‘g‘irchoq (qiz bolalarga); Ichma-ich qutilar; Chelak va belkurak to‘plami; g‘ildirakli o‘yinchoq (kapalak, qushcha); Musiqiy shkatulka (pianinocha, gitaracha); Koptok; Rang-barang rezina, plastmassa o‘yinchoqlar; Mashinacha, tank, yuk mashinasi (ovoz chiqaradigan); O‘yinchoq telefon.
2-3 yosh uchun: Turli o‘lchamdagi to‘plar; Qo‘g‘irchoqlar; Yumshoq o‘yinchoqlar; Kubiklar; Uch g‘ildirakli velosiped; Plastilin. Bo‘rli doska; Rangli qog‘ozlar; Rangli qalamlar, flomaster va bo‘yoqlar (rasm chizishni o‘rganish uchun); Stol va stulchalar; Telejka; Fonarcha; Bog‘dorchilik o‘yinchoqlari; Musiqiy uskunalar (barabancha, qo‘ng‘iroq, tanbur) Oddiy mozaika suratlari; Konstruktor o‘yinlar (yig‘ish, to‘plash, qurish).
3-6 yosh uchun: Koptoklar, plastilin, kubiklar; Kasbga oid o‘yinchoqlar: shifokorlar, qurilish, duradgorlik asboblari; Yirik avto o‘yinchoqlar (KamAZ, vagon, samolyot, poyezd); Qalam, flomaster, akvarel, yelim, qog‘ozlar; Stol o‘yinlari — domino; konki, chang‘i; Cho‘milish baloni; Rasm bo‘yaydigan kitoblar; Uycha; Harflar to‘plami.
Fakt: Bolaning aqliy salohiyat darajasining 20%i irsiyatga bog‘liq bo‘lsa, qolgan qismi esa atrof-muhit va muloqot ta’sirida rivojlanadi.
Zararli o‘yinchoqlarni qanday farqlash mumkin?
Tashqi ko‘rinishi: ular ochiq rangda, qo‘g‘irchoq va jonivorlar muloyim, jilmaygan holatda, tajovuzkor holatdan yiroq bo‘lishi lozim. Uni ko‘rgan bola quvonishi kerak. Hajmi: bola uni o‘zi ko‘tara olishi kerak, biroq og‘iz sohasiga sig‘masligi lozim. Yirik o‘yinchoqlar esa boladan ko‘pi bilan uch baravar katta bo‘lishi mumkin. Xavfsizlik: ovozli o‘yinchoqlar chiroqchalari ehtiyotsizlik yuz berganda, bolaga zarar yetkazmasligi shart. Sifati: hech qanday yorliq yoki belgisiz bo‘lgan o‘yinchoqlarni xarid qilmang. Ular xavfli materialdan tayyorlangan bo‘lishi mumkin. O‘yinchoqning tarkibi bilan albatta, tanishing.
Qanday o‘yinchoqlar tavsiya etilmaydi!
- Ulkan maxluq shaklidagi jonivorlar, robotlar shaklidagi. "Urush urush" o‘ynashga mo‘ljallangan bunday o‘yinchoqlar bolada tajovuzkor ruh uyg‘otadi.
- Junli paxmoq o‘yinchoqlar: ayiqcha, quyonchalarning juni bola og‘ziga kirishi, qichishtirishi, allergiya chaqirishi mumkin. Ko‘z tugmachalarini esa bola uzib yutib yuborishi ehtimoldan xoli emas.
- Shovqinli o‘yinchoq musiqa asboblarining ba’zilariga rok, rep kabi jazavaga soladigan musiqalar yozilgan. Musiqali o‘yinchoqlarni albatta, eshitib ko‘ring, sokin va kayfiyatni ko‘taradiganini tanlang. Asabni buzadigan va baland ovozlisini xarid qilmang.
- Avtomat o‘yinchoqlar ham tavsiya etilmaydi. Ulardagi jangari ovoz, o‘qlar to‘plami bolaga ijobiy ta’sir etadi, deb aytish mushkul.
- Barbi qo‘g‘irchoqlari. Yosh ayol tasviridagi ozg‘in, zamonaviy, pardozlangan va ochiq liboslardagi bunday qo‘g‘irchoqlar maktab yoshidagi qizlarga to‘g‘ri keladi, ammo bolalarga emas. Chunki ularda bola uchun notanish tana a’zolari ham mavjuddir…
Qachondan boshlab kitob o‘qib berish mumkin?
Bolaning ilk kitobi suratli bo‘lishi lozim. Unda yorqin va yirik hajmli jonivorlar, uylar, daraxtlar tasvirlanadi. Har bir surat alohida karton qog‘ozlarda bo‘lsa yana yaxshi. Bola ularni farqlashni o‘rganadi. Bunday kitoblarni 4-6 oylikdan boshlab bolaga ko‘rsatish mumkin. Kitob jildi silliq va qalin bo‘lsin, chaynashga qulay bo‘lmasin. Bir yoshdan so‘ng bolaga oson va qisqa syujetli ertaklar o‘qishni boshlash mumkin. 12-18 oylikda bolaga she’riy ohangli mitti ertaklar tez singadi. Ushbu ertaklar, albatta, suratli bo‘lishi kerak. Bola hozircha tasavvur qilishni bilmagani uchun ertakni rasmlar orqali tushunadi. Ikki yoshli bolaga tarbiyaviy ahamiyatga ega, oxiri yaxshilik bilan tugaydigan ertaklarni o‘qib berish lozim. U syujetni eslab qoladi. Bu pallada ertak eshitib uxlash bolaning xotirjamligiga, ruhiy barqarorligiga ijobiy ta’sir etadi. U ertakni o‘z xayolida jonlantira boshlaydi.
Farzandlaringizni to‘g‘ri tanlangan o‘yinchoqlar bilan xursand qiling. Kitoblar olamiga olib kirib, ma’naviyatini boyiting. Zero, bizdan keyin qolajak avlodlarimizning zehnli, bilimli va iqtidorli bo‘lib ulg‘ayishi Vatanimizning gullab-yashnashiga katta hissa qo‘shadi.
Manba: Beka.Uz