Bilasizmi?

Bolalarga qanday shampunlar tavsiya etiladi?

Ko‘pchilik onalar “Bir yoshgacha bolaga xech qanday sovun yoki shampun ishlatish shart emas” degan fikrni ta’kidlaydilar. Ammo bu fikr ko‘p hollarda o‘zini oqlamaydi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, turmushda albatta unga ehtiyoj sezamiz. Sovundan ham ko‘ra shampundan foydalanish qulayroqdek tuyuladi. Mutaxassislar ham sovundan muntazam foydalanish go‘dakning terisiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashadi. Shampunlar tanlovini esa ijobiy baholashadi. Ammo bu bolalar boshini yuvishda ham kattalarga mo‘ljallangan shampundan foydalanish kerak degani emas.

Shampunlar faqat tozalikka xizmat qilmaydi. Chaqaloqning sochi siyrak bo‘lishi uni yuvmasa ham bo‘ladi degani emas. Bola sochi kichkinaligidanoq to‘g‘ri parvarish qilinsa, bu kelajakda uning sog‘lom va jilokor bo‘lishini ta’minlaydi. Aslida boshni yuvishdan maqsad faqatgina yog‘, kir va changni tozalash emas, balki sochni oziqlantirish, ildizlarini mustahkamlashdir. Shampunlar tarkibidagi foydali moddalar ta’sirida esa bosh terisi va soch oziqlanadi, sog‘lomlashadi, ildizi mustahkamlanib o‘sishi tezlashadi.

Tanlovda quyidagilarga e’tibor bering: olayotgan mahsulotingiz faqatgina taniqli firmaniki ekanligiga emas, balki uning tarkibi va foydalanish muddatiga ham e’tibor bering. Ayniqsa tarkibida teri yallig‘lanishining oldini oluvchi va turli mikrob, bakteriyalardan himoyalovchi ekstraktlar bo‘lishi juda muhim.

Universal shampunlar juda foydali. Yana shunday universal shampunlar borki ular bilan nafaqat soch, balki bolaning butun badanini ham yuvish mumkin. Bu turdagi shampunlar tarkibida moychechak (romashka), kolendula, chereda, lavanda kabi tabiiy dorivor giyohlar ekstrakti mavjud. Lavanda ekstrakti bor bo‘lgan shampun esa go‘dakni tungi uyqudan oldin cho‘miltirishga moslab ishlangan. Chunki uning hushbo‘y ifori go‘dak mushaklarini bo‘shashtirib, tinchlantiradi.

Sovunning o‘rni. Ba’zi onalar bola terisi uchun shampundan ko‘ra sovunni foydali deb hisoblaydilar. Buning ham xech zarari yo‘q, faqat bunda go‘dak terisiga mos keluvchi vodorod ko‘rsatkichli (pH) sovunlardan foydalanish lozim.

Kattalar shampuni bolaga zararli. Aziz onalar! Kattalar foydalanadigan shampun bolalarga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Shu tufaydi farzandingiz uchun ham maxsus shampunlar sotib olishni esdan chiqarmang. Kattalar shampunlari ortiqcha yog‘ni kamaytirishga mo‘ljallangan. Bolalarning terisi esa 7 yoshgacha yupqa bo‘ladi, shuningdek ular juda kam miqdorda yog‘ ajratadi. Tabiiyki bolaning bosh terisi yog‘ga qarshi minerallar bilan muntazam reaksiyaga kirishishi natijasida quruqlashib boradi. Odatta bolalarning nozik organizmi allergik reaksiyalarga ko‘proq duchor bo‘ladi. Go‘dak qanchalik kichik bo‘lsa, uning terisi ham tashqaridan kelgan mikroorganizm (mikrob, bakteriya)larga qarshi shunchalik sekin kurashadi. Ularning ta’sirini kamroq kesadi. Kattalarning shampuniga allergik chaqiruvchi turli sun’iy bo‘yoq, yaltiroq tus beradigan moddalar qo‘shiladi. Maxsus bolalar shampuni esa alohida zararsiz moddalardan tayyorlanib, unda turli biofaol qo‘shimcha, yorqin bo‘yoq, o‘tkir hidlar bo‘lmaydi.

Manba: Beka.Uz