Bilasizmi?

Bolalarning multfilmlarga bog‘lanib qolishiga sabab nima?

Bolajonlarning oynai jahon orqali multfilm ko‘rayotganlarida bir nima deb ko‘ring-chi? Darrov xarxasha qilib, dod-voy solishadi. Hatto, ba’zan muzqaymoq bilan ham ularni chalg‘itish amrimahol. Xo‘sh, nima uchun? Nega bolalar kiprik qoqmay multfilm tomosha qilishni bunchalik yaxshi ko‘rishadi? Biz 5 ta sabab orqali mazkur savollarga javob beramiz.

Birinchidan, bolalarning bir mashg‘ulotdan ikkinchisiga o‘tib ketishlari juda qiyin. Shu bois, ularni ba’zan multfilm yoki o‘ynab turgan mashg‘ulotlaridan chalg‘itib, ovqat yeyishga yoki boshqa bir ish qilishga undash mushkul.

Ikkinchidan, multfilmlar bolalarni kuldiradi. Tabiiyki, ularning kayfiyati yanada ko‘tariladi va natijada bolada zavqiy hisni uyg‘otuvchi gormonlar ishlab chiqariladi. Bola esa qayta-qayta multfilm ko‘rishga intilaveradi.

Uchinchidan, multfilm tomosha qilayotgan bola ortiqcha harakat qilmaydi. Ammo buning salbiy tomoni ham bor. Axir, bu “begunoh” mashg‘ulot bolaning fikri o‘sishiga, sinchkov bo‘lib voyaga yetishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi! Avvaliga ota-onalar xalaqit bermasligi uchun bolalarni ekranga “mix”lashadi, keyin esa ularning o‘zlari ekranning yaqin “do‘st”iga aylanishadi.

To‘rtinchidan, rang-barang animatsiyalar, ya’ni xatti-harakatlar bolajonlarni o‘ziga mahliyo qiladi. Bu orqali bolalar multfilm qahramonlarini kuzata boshlaydilar. Ular orasida ayrim multfilm qahramonlarining vujudga kelishiga ham ana shunday qiziqarli animatsion harakatlar sabab bo‘ladi.

Beshinchidan, multfilmda haqiqat rangli bo‘yoqlarga bo‘yaladi va insonlar, hayvonlarning xususiyatlari ataylab buzib ifodalanadi. U ertaknamo syujeti orqali kattalarni kichikka, o‘n yoshli bolani besh yoshga, besh yoshli bolani ikki yoshli tomoshabinga aylantirishga qodir. Shu bois, uni nafaqat bolalar, hatto kattalar ham sevib tomosha qilishadi.

Albatta, multfilmlarning qanchalik foydali jihati bo‘lsa, shunchalik zararli tomoni ham mavjud. Multfilmlar ertaklar kabi bolalarni yaxshilikka yetaklashi kerak, ammo hozirda hamma multfilmlarni ham ezgulikka xizmat qilyapti, deya olmaymiz. Shu bois, bolalarni multfilmlar bilan “do‘stlashtirish”dan avval, uning g‘oyasi va mazmuniga e’tibor bering. Bolajonlar multfilmdagi bor voqeani boricha qabul qilishadi, shuni unutmang.

Manba: Qalampir.uz