Qo‘l so‘rish, burun kavlash, jinsiy a’zoga hadeb teginaverish, tirnoq tishlash va hokazo. Bolalarning yomon odatlari ro‘yxatini ancha davom ettirish mumkin. Ularni qanchalik jiddiy qabul qilish kerak? Nima uchun yuzaga keladi? Yo‘qotish yo‘llari bormi?
Vaziyat naqadar jiddiy?
Bola katta bo‘lar ekan, u yoki bu odatni birdan ilib oladi, unga tez ko‘nikadi va o‘sha odatni xuddi shunday tezlikda unutishi ham mumkin. U barmog‘ini so‘rishi, tirnog‘ini tishlashi, soch tolalarini chaynashi, burun kavlashi, xullas, ko‘pdan ko‘p xunuk ishlarni qilishi mumkin. Bundan tashvishlanish kerakmi yoki o‘tkinchi narsa sifatida xotirjam qarash lozimmi?
Yomon odatlarga o‘rganish bola rivojlanishining ma’lum bosqichiga xosdir. Ko‘pincha ular bir umrga qolib ketmaydi, bu odatlarning ortida balki jiddiy muammo ham yo‘qdir. Masalan, uch yarim yashar Javohir, negadir, yolg‘ondakam yo‘talib-yo‘talib qo‘yadigan odat chiqardi. Hech qanday shamollash ham, allergiya ham yo‘q. Keyin ma’lum bo‘lishicha, bog‘cha tarbiyachisi shamollab bir-ikki kun yo‘talib yurgan ekan, kichkintoy o‘zi uchun nufuzli bo‘lgan insonning bu ishini takrorlay boshlagan. Vaqt o‘tishi bilan bu odati o‘z-o‘zidan qolib ketdi. Lekin u bola ruhiy holatidagi notinchlik yo boshqa muammolardan darak bo‘lishi ham mumkin. Shu sababli vaziyatni baholash uchun bola o‘sayotgan muhitni yaxshilab kuzatish lozim.
Sababi nima?
Bolaning yomon odatlari manbaini taftish qilar ekanmiz, avvalo, ota-ona, kattalar o‘zlariga tashqaridan nazar tashlashlari kerak. Masalan, burun kavlash, ruchka yo tirnoq tishlashni kichkintoy kattalarda ko‘rgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Yomon odatlarning qanday kelib, qanday yo‘qolganini ba’zida ota-ona ham, bolaning o‘zi ham sezmay qoladi. Bundan kelib chiqadiki, o‘sha odatlarga duch kelganda qattiq vahima qilmaslik kerak. Lekin beparvo qarab turish ham yaramaydi. Asosiysi, kichkintoyni bu odati uchun urishish, jerkish mumkin emas. Chunki «Barmog‘ingni og‘zingga solma» yoki «Nega hadeb burningni kavlayverasan?» degan tanbehlar, ayniqsa, ular ko‘pchilik orasida aytilsa, farzandingiz ruhiyatiga yomon ta’sir o‘tkazadi. Natijada yo bola bu odatini umuman tashlamaydi, yoki o‘rniga undan-da xunukroq boshqa bir qiliq chiqaradi.
U bu odatni kimdadir ko‘rib, shunchaki bolalikka xos taqlidchilik bilan takrorlayaptimi yo buning zamirida boshqa chuqur psixologik muammo bormi? Bu savolga javob topish uchun oiladagi muhitni ota-ona bir tanqidiy nazardan o‘tkazishi kerak. Agar uyda hammasi joyida bo‘lsa, muammoning ildizini bog‘cha yo maktabdan qidiring: bog‘cha opasi yoki tengdoshlari tomonidan tazyiq yo bosim o‘tkazilmayaptimi, birov uning ustidan kulmayaptimi, umuman, bolangiz sizdan biror sir bekitmayaptimi? Agar bu savollarga ham «Yo‘q» javobini olsangiz, demak, bu oddiy taqlidchilik.
Muammoning yechimi qayerda?
Kichkintoy bilan ruhan yaqin bo‘lish, uning ichki dunyosi va ruhiyatini anglash, yashirin istaklarini aniqlab, ularni yo ro‘yobga chiqarish yoki ulardan voz kechishga ko‘ndirish — mana shular muammoning yechimidir. Bundan tashqari, farzandingizdan yoshiga va salohiyatiga munosib narsani talab qilish kerak. Falonchining o‘g‘li 5 yoshda o‘qishni o‘rgangan bo‘lsa, bu sizning farzandingiz ham albatta, shu yoshda buni eplashi, eplay olmasa, kelajagi porloq emasligidan dalolat ekani kabi qarashlar umuman noto‘g‘ri. Insonning aqliy rivojlanishi fazalar bilan kechadi. Va faollik fazasi hammada ham bir xil yoshda bo‘lavermaydi. Balki 7 yoshda o‘qishni o‘rgangan bolangiz 15 yoshida o‘sha o‘zidan aqlliroq ko‘ringan tengdoshini ortda qoldirib ketar. Shu sababli kichkintoyga individual yondashish, tarbiyani poygaga aylantirmaslik kerak. Aks holda, kichkintoy ruhiyati bunga o‘zi bilgan va eplagan tarzda qarshilik ko‘rsata boshlaydi, bu qarshilik ba’zida arzimas barmoq so‘rishdan tortib to tunda o‘rnini qo‘llab qo‘yishgacha bo‘lishi mumkin.
Birgina barmoq so‘rish odatini olaylik. So‘rish bolaning tabiiy instinktidir, aynan shu instinkt tufayli u tug‘iliboq onasining ko‘kragini ema boshlaydi. Ammo ayrim bolalar yoshlari katta bo‘lgach ham, so‘rg‘ich yo barmoqni so‘rishda davom etaveradilar. Ba’zilar esa chaynashni yaxshi ko‘rishadi: ruchkani, sochni, yoqa yoki yengni. Nimanidir so‘rish yoki chaynash odati bola ruhiyatining xotirjam emasligi, uni nimadir bezovta qilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sababli, avvalo, uning asabiy holatini yaxshilash, tinchlantirish lozim. Olaylik, ona kechki payt bolasi karavoti yoniga o‘tiradi va unga shirin allalar yo ertaklar aytib beradi. Ba’zida shunchaki dildan suhbatlashish ham mumkin. Shuningdek, ikki yarim-uch yoshlik bolalarga yumshoq o‘yinchoqlar ham tinchlantiruvchi vazifasini bajaradi.
O‘ziga ishonchi ortsin
Bola ulg‘aygani sayin uni yomon odatlardan qaytarish qiyinlashib boraveradi. Shuning uchun yoshi kattaroq bolalarga shunchaki ona mehrining o‘zi kamlik qiladi. Endi kichkintoyga o‘ziga ishonishni, sobitlikni o‘rgatish lozim. Farzandingizni me’yorida maqtang, bu maqtovni faktlar bilan mustahkamlang (quruq «asalim-shakarim» emas, «menga yordam beradigan dastyorim» tarzida). Unga oz-ozdan o‘zi qilishni istagan uy ishlarini topshiring. Masalan, o‘g‘lim piroglar pishirayotganimda masalliqlarni aralashtirishni yoqtiradi. Men unga garchi to‘kib yuborish xavfi bo‘lsa-da, bu ishni ishonib topshiraman. To‘kilsa, o‘rni to‘lib ketadi, bolamning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortgani qoladi, deyman-da.
Gap kattalarda bo‘lishi mumkin
Ayrim ota-onalar kichkina o‘g‘il bolalarning nuqul o‘z jinsiy a’zosiga teginayotganini ko‘rib qo‘rqib ketishadi. Aslida bu tabiiy hol. Masalan, bolaga ishtonining choki botsa yo hojatga borishni istasa, qo‘li beixtiyor o‘sha yoqqa ketishi mumkin. Qolaversa, qo‘llarini erkin harakatlantirib istagan yeriga tekkizishi mumkinligini bilgan kichkintoy a’zosini ushlab ko‘rgisi kelishi tabiiy (xuddi qulog‘i yo oyoq barmoqlarini ushlagandek). Buni ko‘rgan kattalar o‘z qarichlari bilan o‘lchab, fojia yasasalar, bu odat chiqurroq ildiz otib ketishi mumkin. Ba’zan kattalar o‘zlari bolaning jinsiy a’zosiga teginishlari, a’zoni ko‘p gapirishlari mumkin. Shunda bola ham jinsiy a’zo haqida ko‘p o‘ylaydigan, har o‘ylaganda unga teginib qo‘yadigan bo‘lib qoladi. Demak, avvalo, pashshadan fil yasamang, qolaversa, bolaning oldida hadeb shu mavzuni ko‘taravermang. Bordi-yu, farzandingiz hadeb shu ishni takrorlayotgan bo‘lsa (bu kichkintoyning atrofdagilar, olam bilan o‘zaro munosabati buzilganini bildiradi), bu o‘rinda endi bolalar ruhshunosiga murojaat etish kerak bo‘ladi. Ya’ni unda-bunda qo‘l tekkizish boshqa-yu, muntazam ravishda va ko‘p bor bu ishni qilish boshqa.
Xulosa
Ko‘rib o‘tganimizdek, yomon odatlar shunchaki paydo bo‘lib, keyin o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadigan, ya’ni JIDDIY BO‘LMAGAN yoki aksincha, bolaning ichki olamidan, undagi xavotir va bezovtalikdan xabar beradigan JIDDIY turlarga bo‘linadi. Bolangizdagi odat qaysi turga mansubligini aniqlash uchun avval yaxshilab tashxislash ishlarini o‘tkazing, ya’ni unga e’tibor va mehr yetarli darajadami yoki yo‘q, shuni tekshiring. Keyin o‘zingiz, jiddiy hollarda esa mutaxassis yordamida sabablarni bartaraf etishga kirishing.
ShAHINA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz