Bolaning o‘z oilasini chizgan rasmiga qarab, uning oila a’zolariga bo‘lgan munosabatini bilib olsa bo‘ladi. Undan tashqari bola o‘zini oilada qanday his etishini ham ko‘rish mumkin.
Bolaga o‘z oilasini chizib berishini taklif qiling. Chizish jarayoniga aralashmaslik muhim. Rasm tayyor bo‘lganda, uni tahlil qilsa bo‘ladi.
Ketma-ketlik: Oila a’zolarining chizilgan ketma-ketligiga qarab ularning qay biri bola uchun eng muhim ekanligini bilsa bo‘ladi. Bola odatda birinchi bo‘lib o‘zi uchun eng qadrli va sevimli insonini chizadi. Agar oila a’zolardan kimnidur chizish esidan chiqqan bo‘lsa, demak u inson bilan munosabati yaxshi emas. O‘zini o‘rtada chizgan bola, oilada u sevilayotganini his qilayotganidan dalolat beradi. Umuman o‘zini chizmay qolsa, demak u yolg‘iz va oila a’zolariga o‘zini kerakmas hisoblamoqda.
Hajmi: Chizilayotgan insonning hajmi qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik bola uchun hurmatga sazovordir. Oilada kamsitilayotganini his etgan bola o‘zini kichkina chizadi.
Masofa: Oilada tinchlik-hotirjamlik bo‘lsa, barcha a’zolar bir-biriga yaqin joylashgan bo‘ladi. Agar oila a’zolari orasida biron buyum yoki masofa tasvirlangan bo‘lsa, demak ular munosabatlarida uzoqlik borligini bola his qilayotganini ko‘rsatmoqda.
Rang: Bola sevadigan narsalarini iliq yoqimli ranglar bilan bo‘yaydi. Qora rangda bo‘yalgan oila a’zosiga nisbatan bolada nafrat borligi namoyon bo‘lmoqda.
Tana a’zolari: Aniq va to‘liq chizilgan tana a’zolariga ega inson bola uchun kerakli ekanligidan dalolat beradi. Agar oila a’zolaridan birining og‘zi juda katta yoki tishlari bilan chizilgan bo‘lsa, demak u bolaga ko‘p jaxl qilmoqda. Ko‘zlarini juda katta chizgan bola, nimadandur qo‘rqadi. Qo‘llari juda uzun yoki umuman tasvirlanmagan oila a’zosi bolaga qattiq kuch ishlatayotganini yoki uni psixologik ezayotganligini ko‘rsatmoqda.
Bolaning dili juda nozik ekanligini unutmaslik kerak. Vaqt-vaqti bilan unga oila a’zolarini chizib berishni taklif qilib, o‘z munosabatlaringizga baho bering. Ularni yaxshilashga turtki bo‘ladi.
Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!
Manba: Uzbaby.uz