Bilasizmi?

«Bolamning bo‘yi nega o‘smaydi?»

— O‘g‘lim 8 yoshda, bo‘yi past. Har oyda o‘lchab turamiz, o‘zgarish bo‘lmayapti. Tug‘ilganida yaxshi edi, buni sezganimizga 2 yil bo‘ldi. Irsiyat bilan bog‘liq emas, chunki oilamizda bo‘yi pastlar yo‘q. Nima qilish kerak, maslahat bering? Faqat gormon bilan davolanadimi? Boshqa yo‘li yo‘qmi?

Jamila Komilova, Shayhontohur tumani

Savolga shifokor-pediatr, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza TURDIYeVA javob beradi.

— Bo‘y o‘smayotgani nasliy sabablarga bog‘liq bo‘lmasa, organizmda turli kasalliklar kechayotgan yoki bo‘yni o‘stiradigan gormonlar faoliyati izdan chiqqan bo‘lishi mumkin. Bolalarning bo‘yi o‘smay qolishiga ko‘pincha oqsil, vitamin va mineral moddalar yetishmasligi sabab bo‘ladi. Sabzavot va ho‘l mevalarni kam iste’mol qiladigan, yaxshi ovqatlanmaydigan bolalarning bo‘yi juda sekin o‘sishi kuzatilgan.

Kasallikka bosh miyadagi o‘zgarishlar sabab bo‘lsa, nevropatolog zarur muolajalarni buyuradi. Bolaning o‘sishida faol qatnashadigan ichki endokrin bezlar — gipofiz, qalqonsimon va jinsiy bezlar faoliyati me’yordami, shuni tekshirtiring. O‘sish gormoni yetarli bo‘lmasa, bemorga gormonal preparatlar qo‘llaniladi. Muolaja paytida bola oqsilga boy mahsulotlar, ayniqsa, tuxum, pishloq, go‘sht, tvorog, mevalar iste’mol qilishi kerak.

Manba: Darakchi.uz