Maqola bola ruhiyati bo‘yicha ekspert va taniqli yozuvchi Syuzan Magsamenning maqolasi asosida tayyorlangan.
Yigitning kimgadir ishqi tushishi – bu tabiiy holat. Muhabbat aslida toza tuyg‘ular mevasi. Bolaning sinfdosh qizga, maktabdosh va hatto o‘qituvchisiga mehri tushishi ko‘p kuzatiladi. Ota-ona bu vaziyatda uning tuyg‘ulariga shikast yetkazmagan holda, bolaga ularni sharhlab berishi lozim. Birinchi o‘rinda, bolaning munosabati sevgi yoki shunchaki o‘rganish ekanini aniqlash kerak.
Ko‘pchilik onalar o‘g‘lining kimnidir sevib qolganini eshitgach, aksariyat holda ilk taassurot salbiy bo‘ladi. Boisi, ko‘pchilik onalar jonday aziz o‘g‘lini rashk qiladi!
Ayniqsa, bugun – sevgi yoshi tobora yosharib borayotgan bir mahalda ota-onadan bu sevgini me’yoriga keltirish uchun katta zehn va e’tibor talab qilinadi. Ruhiy tadqiqotlarda ma’lum bo‘lishicha, chinakam sevgi insonda oila sharoitida, ayniqsa birinchi farzand dunyoga kelganidan so‘ng shakllanadigan iliq munosabatlar tufayli paydo bo‘lar ekan. Bolalar oilada ota-ona munosabatlarining shifokorlaridir. Kun kelib, biz ota-ona sifatida farzandimizning ruhiy holatiga shifo bera olishimiz kerak.
Bolaning uydan tashqarida kimgadir nisbatan shakllangan hissiy munosabatlari ularni o‘ziga yaqin olish va kuchli mehr qo‘yish tufayli yuzaga keladi. To‘g‘ri, "bolalik sevgisi"ga bola tanasidagi biologik ta’sir ham kuchini ko‘rsatadi. Miyada dofamin, noradrenalin va serotonin degan insonning asab tizimiga ta’sir o‘tkazuvchi gormon va kimyoviy moddalar mavjud. Ular romantik tuyg‘ular "muallifi"dirlar. Ularning har birida o‘zgacha sehr mavjud. Biri har qanday vaziyatda ham kayfiyatning ko‘tarinkiligini ta’minlasa, boshqasi insonni g‘ayratli qilib, uyqusiz tunlardan keyin ham tongni bardam qarshi oladigan qilib qo‘yadi, yana biri odamni boshqalarga mehribon va e’tiborli qiladi.
Ilk muhabbat simptomlari bolada duduqlanish, kaft terlashi va yurakning tez urishi kabi holatlarni keltirib chiqaradi.
Avvaliga miyadagi tuyg‘u unsurlari tufayli paydo bo‘lgan hislar keyinchalik qiziqqonlik, bog‘lanib qolish tufayli mustahkamlanib, ulg‘aya boshlaydi. Ilk sevgi turli ko‘rinishda bo‘ladi. Kimnidir quvnoq qilsa, kimnidir tushkun qilib qo‘yadi.
Bizning tajribasiz bolamiz uchun notanish tuyg‘ular og‘irlik qilib, uning fe’liga yomon ta’sir qilishi ham mumkin. Oshiq yigitcha bora-bora o‘zini yomon his qilishi, zaif seza boshlaydi. Bola aynan mana shu davrida ota-onasi bilan o‘zining shaxsiy hissiyotlari haqida ochiqcha gapirishi mumkin. Agar shu jarayon uzilmasa, ota-ona farzandiga o‘z vaqtida bu tuyg‘ularning mohiyatini tushuntirsa, bolaning qalbida sevgining go‘zal urug‘larini va sevgiga bo‘lgan hurmatni uyg‘ota olsa, farzandi keyinchalik ham bu masalada ularga murojaat qilishga odatlanadi. Aks holda, bora-bora ular indamas bo‘lib qoladilar va jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yadilar.
Bu "jajji muhabbat"ni ayblashga, bolani tergab, uni qo‘rqitishga urinmang. Bolaga do‘stiga olijanob odamdek munosabatda bo‘lish sirlarini o‘rgating. Farzandingiz o‘zi yoqtirgan insonni hurmat qilsa, bora-bora undagi mehrdan ham ustun bo‘lgan do‘stlik rishtalari paydo bo‘la boshlaydi.
Bolaning kimnidir yaxshi ko‘rishi uning bizni sevmay qo‘yganini yoki bizdan sovib qolganini anglatmaydi. Uning o‘qituvchisi, enagasi yoki yana kimgadir bog‘lanib qolishi aslida sog‘lom turmush nishonasidir.
Bu kabi "bolalik sevgisi" qisqa muddatli bo‘lishi ham mumkin. Agar tuyg‘ular bolada nosog‘lom kayfiyat uyg‘otayotgan bo‘lsa, ruhshunosga murojaat qiling. Boshqa ota-onalarning bu boradagi tajribalariga qiziqib ko‘ring.
Bolangiz katta va tushunadigan yoshda bo‘lsa, unga yoshlikdagi sevgining o‘tkinchi ekanini tushuntiring. Unga samimiy muhabbat aslida yaratuvchanlik, insonning ichki imkoniyatlarini yuzaga olib chiqishga ko‘maklashuvchi ezgulik tuyg‘usi ekanini anglating. Uni o‘zi mehr qo‘ygan qiz bilan samimiy do‘st bo‘la olishiga, chin muhabbat keyinchalik oilaviy hayotda sodir bo‘lishiga ishontiring.