Tarbiya

Bolangizdan so‘rashingiz kerak bo‘lgan 30 ta savol

Muloqot – tarbiya kaliti, degan edik. Muloqot – ikkitomonlama aloqaning asosi. Bir fursat jim turib, bolani tinglasak, uning ko‘nglini eshita boshlaymiz va bolamizni yaqindan bilib olamiz. Bolalar har doim ham o‘z fikr-mulohazalari, orzulari, tashvishlarini bayon qilmaydilar. Band ota-ona bo‘lish yoki nutqning rivojlanmasligi buning bosh sabablari.

Agar har kuni farzandingizni 30 daqiqa tinglay olsangiz, tez orada undagi keng dunyoqarash, ruhiy va tarbiyaviy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lasiz. Keling, ularning dunyolarining bir qismiga aylaning. Buning vaziyat tug‘ilganida, sekin-asta, bolaning yoshidan kelib chiqib quyidagi 30 ta savolni bolangizdan so‘rab ko‘ring. Shu bilan birga, qo‘shimcha 10 ta savol jarayonning samarali kechishiga xizmat qiladi.

“Agar ertak yozsang, uning qahramoniga qaysi ismni qo‘yasan? Ertakda u nima ishlar qiladi?”

“Kattalar qiladigan qaysi ishni sen ham qilging keladi? Sen uchun eng sevimli mashg‘ulot nima?”

“Agar senga oppoq qog‘oz bersam unga nimaning suratini chizasan yoki nima deb yozgan bo‘lar eding?”

“Maktabda eng yaqin o‘rtog‘ing kim? U nega yaxshi?”

“Esingda qolgan eng yaxshi kuning yoki xotira haqida gapirib ber.”

“Agar sen ertak qahramoni bo‘lib qolsang, nimalar qilar eding?”

“Menga meni kayfiyatimni ko‘taradigan biror latifa aytib ber-chi.”

“Bugun yoki shu hafta seningda esingda qolgan biror voqea sodir bo‘ldimi?”

“Sening fikringcha, eng yaxshi kun qanday bo‘lishi kerak?”

“Qayerlarga sayohatga borging keladi?”

“Qanday jonivorni boqqing keladi? Sening-cha, jonivorlar ham insonning do‘sti bo‘la oladimi?”

“Qaysidir do‘stingga yordam berging keladimi?”

“Agar bizning (ota-ona) o‘rnimizda bo‘lib qolsang, nima qilgan bo‘lar eding?”

“Agar maktabda biror nimani o‘zgartirish imkoning bo‘lganida, nimani o‘zgartirar eding?”

“Sening-cha, sinfdoshlaringdan qaysi biri yaxshi o‘qituvchi bo‘la oladi?”

“Oilamizda senga yoqmaydigan yoki o‘zgartirish kerak, degan biror narsa bormi?”

“Dunyoda nimanidir o‘zgartirging keladimi? Nimani va qanday?”

“Sen yaxshi ko‘radigan kitob yoki film qahramoni haqida nimalar deya olasan?”

“O‘sha qahramon biznikiga mehmonga kelsa, undan nimalarni o‘rgangan bo‘lar eding?”

“Ertaga ertalab sehrgar bo‘lib uyg‘onsang, nima ishlar qilar eding?”

“Amalga oshishi mumkin bo‘lgan 3 ta istagingni men bilan o‘rtoqlashgin.”

“Nimaga doim bir xil rangli kiyim tanlaysan? Bu rang senga nega yoqadi?”

“Eng katta orzuing nima?”

“Kim bilan ko‘proq o‘ynab, do‘st bo‘lging keladi?”

“Nima seni ko‘proq tashvishga soladi?”

“Agar ismingni o‘zgartirmoqchi bo‘lsang, qaysi ismni tanlagan bo‘lar eding?”

“Hayotda nimadan ko‘proq faxrlanasan?”

“Menga ayta olmagan va hozir aytging kelayotgan biror gaping bormi?”

“Mendan nimadir so‘raging kelgan vaqtlarda nima sababdan so‘ray olmaysan?”

“Seni nohaq jazolagan kunimni eslay olasanmi?”

Siz shu kabi savollar bilan bolangizning ichki olamiga sayohat qiling. Shu bilan birga, quyidagi qo‘shimcha savollardan ham foydalaning.

“Bu haqida yana nima deya olasan?”

“Nahotki? Batafsilroq gapirib bera olasanmi?”

“Rostdanmi? Keyin nima bo‘ldi?”

“Qiziq. Davomini ham eshitgim kelyapti.”

“Va bu bilan sen menga aytmoqchisanki ...?”

“Xo‘sh, endi nima qilmoqchisan?”

“Seni tinglash juda maroqli. Yana shu taxlit gaplashib tursak bo‘ladimi?”

Farzandingizning kamolini ko‘rish Sizga nasib qilsin!