Bilasizmi?

Bolangizni qo‘g‘irchoqqa aylantirmang

Barcha ota-onalar qatori siz ham amal qilishingiz uchun kashf etilgan, aniq ishlab chiqilgan muayyan qoidalar yo‘q aslida, chunki har bir bola o‘ziga xos bo‘lib, alohida muomala, munosabatga ehtiyoj sezadi. Ammo ota-onalar qo‘llashi mumkin bo‘lmagan bir necha xatti-harakatlar borki, jahl otiga qamchi urishga shay, tajribasiz, yosh oila kattalari o‘zlari anglamagan holda taqiqlarga yo‘l qo‘yishadi.

O‘zini tuta oladigan, intizomli farzandni tarbiyalashni istasak uning shuuri, ongida ijobiy taxlit, tarzini yillar davomida shakllantirishimiz va nima bo‘lishidan, har qanday vaziyatdan qat’iy nazar uni buzmasligimiz lozim.

Oila qo‘rg‘oningizda yuz beradigan galdagi janjal paytida "Yaxshilab o‘ylab ko‘rdingmi?" degan gapni aytib qolasiz. Aslida siz (ota-onalar) bu jumlani tilga ola turib, jon-jigaringizning ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotganingizni xayolga keltirmaysiz ham. Bilib qo‘ying, bu ma’lum ma’noda bolani kamsitishdek "jaranglaydi".

Ortiqcha g‘amxo‘rlik ham ma’qullanmaydi. Bunda siz bolangizning imkoniyatlariga yetarlicha baho bermagan bo‘lasiz va u o‘zini noraso, ijobiy xislatlari yetarli emas, deb his etadi. Bosh qoida: "Bolaning o‘zi haqli bo‘lgan, qo‘lidan kelgan ishni uning o‘rniga bajarishga urinmasligimiz kerak".

Har doim erkalatib, erk berib qo‘yish ham yaramaydi. Agar kichkintoyingizga "yo‘q" deyolmasangiz, u oxir-oqibat "gapimda turib olsam, hamma aytganimni qilishadi", deb tushunadi. Balki oila ichida uning istaklari bajo keltirilar, ammo natijada u hayotga moslasholmay, xunob bo‘ladi.

Boladan doimiy itoatkorlik, bo‘ysunishni talab etish taqiqlanadi. Yaxshisi, uni oldindan ogoh qiling, xabardor eting, shunda uning e’tirozlarini tinglaysiz. Axir bolangiz o‘z darslarini, mashg‘ulotlarini tashlab, buyruqlaringizni so‘zsiz bajarishga yuguraversa, undan kelajakda mustaqil shaxs emas, (xizmatchi) "qo‘g‘irchoq" yetishib chiqadi-ku.

Tarbiyada izchillik, ketma-ketlik, qat’iy intizom bo‘lishi kerak, agar ona aniq bir narsaga bugun taqiq qo‘ysa, bunga ertaga ham, indiniga ham amal qilinishi darkor.

Muhim qoidalardan yana biri: hali bolaning aqli yetmaydigan narsalarni undan talab qilmay tura turing. 2 yoshli kichkintoy 5 yashar boladek mulohaza qilolmaydi, shu sababli undagi rivojlanishni tezlatish, shoshirish yaramaydi. Bu faqatgina go‘dakning o‘zini o‘zi anglash mexanizmini buzib, qo‘shimcha to‘siq, g‘ovlarni keltirib chiqaradi, xolos.

Barcha tafsilotlarni bayon etaverish shart emas. Agar bola ayb ish qilgan bo‘lsa, unga bu xatoligini bir necha so‘zlar bilan xotirjam tushuntirish kifoya. G‘azablangan ona butun boshli ma’naviy ma’ruzasini o‘qishga kirishib ketsa, o‘zini o‘zi himoyalashning bosh vositasi sifatida bolaning ongi "o‘chadi-qoladi". Bunga esa bolalar juda tez moslashib olishadi. Farzandingizning ruhiyatini ezmang, axir, baribir bildirilgan barcha mulohazalar natijada birgina (yagona) mazmunni kasb etadi-ku.

Manba: Beka.Uz