Uch-to‘rt yoshdan o‘tgach, mulohazasi tiniqlashib qolgan bola kattalarga xos harakatlarni takrorlashga o‘ch bo‘lib qoladi. Shu sabali, bolaga xuddi shu davrdanoq muomala va munosabat me’yorlarini o‘rgatib borishning foydasi katta. Umrning bu pallasidan boshlab bola oila yordamida jamiyatga qo‘shila boshlaydi. Go‘dakligida olgan tarbiyaviy yo‘l-yo‘riqlar bolaning xarakteri va ijtimoiy bilimlarini shakllantirib boradi. To‘g‘ri tarbiya tufayli farzandingiz kelajakda jamiyat yo‘lboshchilaridan biri bo‘lib yetishishi mumkin. Bu har bir ota-onaning orzusidir. Farzandingizning boshliq bo‘lishi, avvalo, sizga bog‘liq. Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan dasturlarni eslab qolishga harakat qiling.
Muloqot qilish. Muloqot jarayonida fikrni aniq-tiniq ifodalay olish u yoki bu davrada ahamiyatli kishi bo‘lish deganidir. Bola o‘z fikrini ravon ifodalay olishi uchun ko‘proq muloqotda bo‘lishi kerak. Har qanday sharoitda ham nutqi rivojlanayotgan farzandingiz bilan har kuni 15-20 daqiqa suhbatlashib, undagi harakatni rag‘batlantirishga, tasavvuridagi shaklni so‘zda ifodalay olish ko‘nikmasini rivojlantirishga o‘rganing.
Tinglashga o‘rgatish. Birovlarni eshita olish, avvalo, hurmat bo‘lsa, ikkinchidan – ma’lumot olishning eng oson yo‘lidir. Nutqni rivojlantirish davomida farzandingizga sizni diqqat bilan tinglashga bo‘lgan moyilligini oshiring. Buning uchun oldin bolani diqqat bilan eshitib, keyin har bir so‘zga urg‘u berib, fikrni ohangdor talaffuz qiling. Ayniqsa, ertaklar orqali qiziqtirib, bolani suhbatdoshni diqqat bilan tinglash ko‘nikmasini oshirish mumkin.
Yaratuvchanlikka o‘rgatish. Bu boshqacha fikrlash qobiliyati degani. Bir vaqtning o‘zida biror masala yechimini turlicha yo‘llar orqali izlash mumkin. Zamonaviy tilda bu uch o‘lchamli fikrlash deyiladi. Bola ongida bunday idrokni shakllantirishning eng oson yo‘li – uni san’at bilan oshni qilishdir. Surat chizish va qo‘shiq kuylash bolaga o‘zini kashf qilish uchun berilgan imkondir.
Rag‘batlantirish. Bu yaxshi amallarning mukofoti va go‘dakda ularni yana takrorlash ishtiyoqini uyg‘otishdir. Bu muayyan jamoa yetakchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan bolangizning muhim fazilatiga aylansin: uni bag‘rikeng va qo‘li ochiq qilib tarbiyalash maqsadga muvofiq. Oddiy e’tibor, maqtov, ishonch bildirish yoki bolaga yoqadigan maskanlarga sayohat ham rag‘batning ko‘rinishlaridir.
Hissiyotni nazorat qilish. Bola ongi – ko‘zgu. Unga baqirsangiz, u ham baqiroq bo‘ladi, muloyim muomala ea uning shirinso‘zligining kafolati. Tarbiya jarayonidagi sizning hissiyotlaringiz ustidan nazoratingiz bolada ham shu fe’l-atvorning shakllanishida muhim omil. Zero, boshliq jahl va aql o‘rtasida muvozanatni teng ushlab turgan dorboz, aslida! Farzandga muomala qilayotganda har bir fikrni bosiqlik bilan tushuntiring. U qilgan noto‘g‘ri harakat uchun asabiylashish shart emas, unga bu harakat oqibatini izohlab bering.
Ishonch bildirish. «Shaxsiyat va ijtimoiy ruhiyat» jurnali o‘tkazgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, rahbar shaxslar o‘rtasida ommaviy tarqalgan kamchilik, bu – o‘ziga nisbatan ishonchning pastligi ekan.
Bolaga ishonch bildiring. Ko‘pchilik ota-onalarning katta xatosi – ulg‘ayib qolgan farzandiga biror ishni ishonib topshirmasligida. Natijada farzand katta bo‘lganida boshqalarga shubha bilan qaraydigan bo‘lib qoladi. Vaziyatdan kelib chiqib, farzandingizga bolaligidan mustaqil ishni ishonish uning o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Keyinchalik esa bu odati butun jamoaning ishonchini qozonishiga xizmat qiladi.
To‘g‘riso‘zlikka o‘rgatish. Bola ayb ish qilsa, uni kechiring. Aks holda, u sizni jazolashizdan qo‘rqib, yolg‘on gapirishga o‘rganadi. Bolalarning tili va dili o‘rtasidagi bir xillikni rivojlantirish uchun to‘g‘riso‘zlikka o‘rgating. Bo‘lajak rahbarning bu sifati kelajakda uning halol inson bo‘lishini ta’minlaydi.
Mehnatga o‘rgatish. Rahbar bo‘lish uchun mehnat qilish kerak. Har narsaga oson yechim qidiradigan boladan rahbarning chiqishi qiyin. Bolalar tabiatan faol bo‘lishadi. Bu faollikni foydali ishga yo‘naltiring. Bolaga uy ishlarini buyuring. Boladagi mehnat qilish ko‘nikmasi vaqtdan unumli foydalanish uchun asosdir.
Vaqtdan unumli foydalanish. Rahbarlarning bosh raqibi vaqtdir. Yutuq – bu ulgurish degani. Ulgurish uchun tartibli bo‘lish kerak. Go‘dak hayotiga turli-tumanlikni olib kirish hamda ularni ketma-ket, tartib bilan amalga oshirish muhim omil. Misol uchun, o‘zi tengi bolalar bilan o‘ynash, uy o‘yinlari bilan mashg‘ul bo‘lish, kim bilandir suhbat. Hammasiga ulgura olish, avvalo, tartib va me’yorga bog‘liq. Bu me’yor bora-bora bolada vaqtni to‘g‘ri taqsimlash ko‘nikmasini yuzaga chiqaradi.
Bolani bo‘sh vaqtdia ko‘proq kitob mutolaasi bilan band qiling. Bu uni ko‘proq fikrlashga undaydi. Bilim va chuqur tahlil ishonchning ikki qirrasidir.
Imkon berishga o‘rgatish. Farzandingizga imkoniyat berishga odatlaning. Ba’zida uning muvaffaqiyatsizligiga ko‘z yuming-da, tirishqoqligidan quvoning. Bola ham bu xususiyatni qadrlaydigan bo‘ladi. Qolaversa, xodimlar ham berilgan imkoniyatni yaxshi ko‘rishadi. Bu fazilatga ega boshliqqa samimiy munosabatda bo‘lishadi.
Kamtarinlikka o‘rgatish. “Kamtarga kamol” deb behudaga aytishmagan. Zero, manman odamni rahbar qilish kimning ham xayoliga kelar edi. Shu bois, bolani boshqalar, ayniqsa undan kuchsizroq bo‘lgan bola bilan solishtirmang, uni oldida boshqalarni kamsitmang. Bolangizdagi qizg‘anchiqlikning oldini oling. Misol uchun, o‘z o‘yinchoqlarini boshqa bolalar bilan baham ko‘rishi va bundan quvonishi unda odamlarga hurmat tuyg‘usini uyg‘otadi.
Hazil-mutoyiba va ijobiylik. Hajv va kulgi inson tanasida ham jamoaviy muhitda ham ijobiylikni yuzaga keltiradi. Ijobiylik esa, shubhasiz, omad degani. Boshliqning vaqti-vaqti bilan qiladigan hazil-mutoyibasi xodimlar uchun qo‘shimcha va sermahsul quvvat manbaidir. Bolangizdan hadeb ayb topmang. Uning harakatlarida yaxshilik alomatini ko‘ring va buni qo‘llab-quvvatlab uni ijobiy fe’l-atvorli odamga aylantiring. Bolangizda bu fazilatlarni rivojlantirish uchun o‘z tengdoshlari bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish imkoniyatini bering.
Unutmang, farzandingizning boshliq bo‘lishi sizga bog‘liq! Yo‘lboshchi uchun chiroy yoki qaddi-qomat emas, insoniy fazilatlar muhim. Balki, siz o‘zingiz allaqachon boshliqdirsiz. Lekin uyda, avvalo, ota yoki ona bo‘lishga harakat qiling.