Biz bola tug‘ilganidan keyin uyda tartibsizlik hukm surishiga o‘rganib qolamiz. Ko‘p onalar bolasi faqat buyumlarni sochib, hamma joyni to‘zg‘itishi mumkin deb hisoblaydi. Aslida esa bunday emas. Bolani dastyor qilib tarbiyalash o‘z qo‘llaringizda. Bunda quyidagi tavsiyalar sizga qo‘l kelishiga ishonchimiz komil.
- Yumushlarni birgalikda bajaring
Nima bilandir band vaqtingizda bolani quvib solmang, yaxshisi uni ham yumushga jalb qiling. Uy ishlari va bola bilan muloqotni birlashtiring. U sizga idish yuvish mashinasidan idishlarni chiqarishda, salat uchun ko‘katlarni maydalashda (qo‘li bilan), sabzavotlarni idishga solishda yordamlashsin.
- Yutuqlari uchun maqtang
Bolani yutuqlari va urinishlari uchun maqtang, shunda farzandingiz bu xatti-harakatlarni kelajakda ham jon-dili bilan takrorlaydi. Unga sizga yordamlashish yoqib tushadi.
- Fe’l-atvorini e’tiborga oling
Farzandingizga ayniqsa xush yoqadigan yumushlarni o‘zingiz uchun bilib oling va unga aynan o‘sha ishlarni ishonib topshiring.
- Yumushni o‘yinga aylantiring
Zerikarli uy ishlarini o‘yinga aylantirishga urining. Masalan, o‘yinchoqlarni yig‘ishtirish bo‘yicha estafeta, sehrli changni artish va hokazo. Ko‘p narsalarni o‘ylab topish mumkin.
- Yordamni unga haqiqatan ham ehtiyoj sezgan vaqtingizda so‘rang
Bolani nima bilandir band qilish yoki sho‘xliklardan tiyish uchungina ishga jalb qilmang.
- Yumushni bekam-u ko‘st bajarishini kutmang
Bergan vazifangiz kamchiliklar bilan bajarilgan bo‘lsa, koyimang. U uyni yig‘ishtirganidan keyin, atrof battar to‘zg‘ib ketgan bo‘lsa ham, bolani urinishlari uchun maqtang. Boshida ko‘p ishlarni qayta bajarishingizga to‘g‘ri keladi, biroq bu bolani yordamchi qilib tarbiyalashdagi boshlang‘ich va muhim bosqichdir.
- Ko‘proq erkinlik bering
Bola bajarayotgan yumushlarga aralashmang, tezlashtirmoqchi bo‘lmang, koyimang. Sabr qilib, bola ishni tugatishini kuting, shunda undagi xohish so‘nmaydi.
- Uy ishlarini jazo sifatida qo‘llamang
Bola uy yumushlarini bajarish — jazo deb o‘ylamasligi kerak. Aks holda unda uy ishlariga nisbatan salbiy munosabat yuzaga keladi.