Ruhshunoslar bolani mustaqillikka, puxta o‘ylab qaror qabul qilishga va o‘z shaxsiyatini to‘g‘ri idrok etishga o‘rgatish uchun unga tug‘ilganidan boshlab alohida shaxsiy joy ajratish zarur deb hisoblaydilar…
Biz bor kuchimiz bilan bolalarni yolg‘izlikdan himoya qilishga harakat qilamiz. Bolaning kunini har xil mashg‘ulotlar bilan to‘ldirib tashlaymiz. Bog‘cha yoki maktabdan uyga qaytishda sabrsiz savollar yog‘diramiz va darhol javobini eshitishga chog‘lanamiz.
Va juda muhim narsani ko‘zdan qochiramiz! E’tibor va munosabatlarning ortiqchasi ham xuddi ularning yetishmasligi kabi muammolar tug‘diradi. Mukammal shaxs bo‘lib yetishishi uchun kichkina odamchaning yolg‘iz qolishi juda zarur. Yaxshisi o‘zining xonasida, agar u yo‘q bo‘lsa – bola o‘zini xo‘jayin deb his qiladigan bolalar burchagida.
Bola yolg‘iz qolgan daqiqalarda uni bezovta qilmang! Xitoy faylasufi Yan Chjuning ogohlantirishlarini e’tiborga oling: «Tabiati buzilib ketmasligi uchun har bir odamning o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolishiga imkon bering»...
Bu hikmatli gap bolalar tarbiyasida shunday ma’noni anglatadi: o‘zingiz bolani yolg‘iz qoldirishga o‘rganmaguningizcha, uni mustaqillikka o‘rgata olmaysiz.
Shubhasiz, bola uchun aloqa qilish juda zarur! Yaqinlari bilan munosabatda bo‘lish uni hissiy jihatdan mustahkamlaydi va rivojlanishiga yordam beradi, shuningdek tengdoshlari bilan bo‘lgan aloqalar esa ijtimoiy malakalar to‘plashiga imkon beradi.
Bu bilan birgalikda bola yolg‘iz qolishga o‘rganishi zarur. «Quloq sol», «qara» kabi buyruqlarsiz ham eshitishni va qarashni o‘rganadi. O‘zi o‘ynashni va o‘zi o‘ylashni o‘rganadi. Diqqatini to‘plashga va kuzatuvchanlikka o‘rganadi.
Yolg‘iz qolishni bilmaydigan bola atrofidagilarga juda bog‘lanib qoladi. Bu yerda muammo bunday bola bilan qiyinroq bo‘lishida emas, balki bu bolaning xarakteriga qattiq ta’sir ko‘rsatishidadir.
Shuning uchun bolani yoshligidan o‘zini o‘z hududida yolg‘iz qolishiga imkon bering.
Manba: Daryo.uz