Kutubxona

Bolani televizordan chalg‘itishning 10 ta usuli

Hozirgi vaqtda bolalarning televizor va kompyuter, qolaversa, turli gadjetlarga juda berilib ketganligini tez-tez ta’kidlaymiz. Farzandlaringiz televizor orqali faqat foydali ko‘rsatuvlarni tomosha qilayotganligi va unga haddan ortiq uzoq tikilib o‘tirgandan ularning sog‘lig‘iga zarar yetmayotganligiga ishonchingiz komilmi?

Quyida bolalarni televizordan chalg‘itishga yordam beruvchi 10 ta qiziqarli mashg‘ulotni e’tiboringizga havola etamiz.

  1. Eski suratlarni tomosha qilish

Suratlar joylangan eski albomlarni chiqaring. Bolalarga ota-onasi, bobo-buvisining kichikligini tomosha qilish qiziqarli bo‘ladi.

  1. Kichik sayohatlar tashkil etish

Oilaviy to‘planib, kichikroq sayohatlarga chiqing. Buni oldindan rejalashtirish shart emas, barchasi kutilmaganda bo‘lsa yanada yaxshi. Har biringiz navbat bilan sayohat yo‘nalishini belgilang. Shunda biroz vaqtdan so‘ng, kutilmagan notanish joyda hozir bo‘lasiz. Bolalarga sirli joylar juda ma’qul keladi.

  1. Mini-bog‘ yarating

Deraza tokchasida kichkina tomorqa yarating. Tuvakka piyoz eking yoki kashnich, petrushka va boshqa urug‘larni qadang. Ularni sug‘orib, parvarish qiling. Qanday qilib nihol unib chiqayotganligini kuzating. Farzandingiz ushbu agronomlar bayramida katta zavq bilan ishtirok etadi.

  1. Pikniklar tashkil qiling

Agar ob-havo qulay bo‘lsa, tabiat qo‘ynida chodirlar o‘rnatib, gulxan tashkil qiling. Qishning sovuq kunlarida bunday piknikni uyda tashkil qiling. Stullar va choyshab yordamida yalanglik yarating. Bolaning bundan boshi ko‘kka yetadi.

  1. Mehmonga boring

Buvi, xola yoki do‘stingiznikiga mehmonga boring. Agar ularning uyida ham bolalar bo‘lsa, bu ayni muddao bo‘ladi.

  1. Kelajakka xat yozing

Farzandingiz bilan kelajakda ochishga mo‘ljallangan maktub yozing. Unga turli rasmlarni chizish yoki oilaviy suratlarni ham mustahkamlash mumkin. Kelajakda o‘ziga nimani hikoya qilishni bolaning o‘zi tanlasin. Xatni butilkaga solib, uni germetik mahkamlang. Ustiga esa u ochiladigan sanani ko‘rsating. Ko‘p yillardan so‘ng, bu maktub kutilmagan, biroq yoqimli sovg‘aga aylanadi.

  1. Kichkina oshpaz

Yaqinlaringiz uchun pishiriq tayyorlashga harakat qiling! Ularni bezatish jarayoni bola uchun juda maroqli ekanligini unutmang. Pishiriqlarni bezatishda fantaziyangizni ishga soling.

pishiriq

  1. Sovun pufakchalari

Bunday pufakchalarni uyda shampun va suv yordamida ham tayyorlash mumkin. Kokteyl ichish uchun mo‘ljallangan naycha yordamida uni puflang. Pufakchalar hosil qilib, ularni yorish yoki kim kattaroq pufak hosil qilish bo‘yicha musobaqalashish mumkin.

pufakcha

  1. Keraksiz buyumlarni muhtojlarga hadya qiling

Farzandingiz ortiq kiymaydigan kiyimlar yoki o‘ynamay qo‘ygan o‘yinchoqlarni ajratib, ularni bolalar uyiga yoki boshqa muhtojlarga tarqating. Ezgu ishni bajarish orqali zavqlaning.

  1. Uy yig‘ishtirish

Uyni tartibga keltirish jarayonini ham qiziqarli o‘yinga aylantirish mumkin. Agar bola hali kichikroq bo‘lsa, unga latta berib, changlarni artish yoki o‘yinchoqlarni tozalashni topshirish mumkin. Kattaroq bola uchun esa bu jarayonni musobaqaga aylantiring.

Televizor bolani mashg‘ul qilishning yagona yo‘li emasligini sinab ko‘ring.

Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.