Ma’lumki, o‘z vaqtida bolalarimizni tish shifokoriga ko‘rsatish, tishlarining sog‘lom bo‘lishini va to‘g‘ri o‘sishini ta’minlaydi. Lekin ko‘pchilik ota-onalar va bolajonlar stomatologga borishni uncha hushlashmaydi. Tibbiyot kreslosida suyanib jim o‘tirish so‘ralgan vaqtda, lampaning o‘tkir nurlari bolajonlarning ko‘zchalariga tushib, shifokorning “jajji og‘izchalaringizni oching” degan zahotiyoq eng bosiq va vazmin bolalar ham qo‘rqishni boshlashadi.
To‘rt yoshli o‘g‘limni tishlarini birinchi marta tish shifokori ko‘rigiga olib borganimda, u xursand bo‘lib tibbiyot kreslosiga chiqib, og‘izlarini katta ochdi. O‘g‘lim to shifokor kresloni o‘ziga qulay qilib to‘g‘rilaguncha ancha xotirjam edi. Kreslo qimirlashi bilan o‘g‘lim tipirchilay boshladi va yig‘lab yubordi. Bu ham kamlik qilgandek ukasidan avval ko‘rikdan ancha xotirjam va ko‘z yoshisiz o‘tgan 6 yoshli qizim unga qarab “ukamga tegmang! uni tinch qo‘ying!” deya yig‘lab baqira boshladi. Qizimning bu harakati o‘g‘limga ta’sir qilib, battar jazavaga tushdi. Bir amallab ko‘rikni o‘tkazdik. Shifokor o‘g‘limning bitta jag‘ tishida muammo borligini aniqladi va uch kundan so‘ng yana kelishimizni aytib navbatga yozib qo‘ydi. Bu yerdan chiqa turib, “keyingi safar o‘g‘limni qanday qilib olib kelarkanman, ahir oddiy tish ko‘rigida shuncha yig‘i-sig‘i bo‘lsa” deya o‘yga toldim.
Oldinda uch kun bor. Keyingi “jiddiy ko‘rikdan” bolamni qanday qilib tinch va ko‘z yoshisiz o‘tkazish bo‘yicha internet va tanish mutaxassislardan olgan maslahatlar asosida strategiya tuza boshladim. Quyida tayyor bo‘lgan strategiyamni sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Balki sizga ham nafi tegib qolar:
- Bolangizni faqat bolalar tish shifokoriga olib boring. Balki siz o‘z tishlaringizni davolaydigan mutaxassisga ishonarsiz, ammo, aynan bolalar tish shifokorlari bolalar va o‘simirlar bilan muomala qilishda hamda munosabatga kirishishda ancha tajribali bo‘lishadi. Undan tashqari ularning tibbiyot xonalari bolalarbop dizaynda bo‘ladi. Hattoki, ularning ba’zilarida kichkina bolajonlarimiz uchun mo‘ljallangan, ko‘rik paytida ko‘zlariga chiroqning o‘tkir nurlaridan himoya qiluvchi ko‘zoynaklar yoki kichkintoyni e’tiborini tortuvchi va asabiylashishini oldini olishga ko‘mak beradigan turli o‘yinchoqlar mavjud bo‘ladi.
- Bolangizda tish muammosi boshlanishidan oldinroq shifokorga qatnashni boshlang. Mutaxassislarning aytishicha bolangizda tishlar chiqa boshlaganda yoki bir yoshga to‘lgan paytda tish doktorga ko‘rsatish keyingi tashriflarni osonlashtirar ekan. Bolalardagi xavotirni kamaytiradigan eng zo‘r yo‘l bu bolangizdagi tish muammolari boshlanishidan avval shifokor bilan tanishtirishdir. Erta yoshdan va muntazam ravishda doktor ko‘rigiga qatnashning ikki hissa foydasi bor ekan: birinchisi, bolangiz yoshligida shifokorni tez-tez ko‘rib turishi tufayli ularga ko‘nikadi va qo‘rqish hissi ancha pasayadi. Ikkinchisi, albatta, boladagi tish bilan bog‘liq kassaliklarni o‘z vaqtida oldini olishga erishasiz.
- Ko‘rik davomida bolangizga yaqinroq bo‘ling. Tishlar tekshirilayotganda bolaning ota yoki ona qo‘lini ushlashi va ularning quchog‘ida bo‘lishi farzandlarimizga katta dalda bo‘lar ekan. Kresloda yolg‘iz o‘tirishdan ko‘ra ona quchog‘ida o‘tirish boladagi qo‘rquv va xavotirni bir muncha kamaytiradi.
- Ko‘rik paytida ko‘p gapirishdan tiyiling. To‘g‘ri, barcha ota-onalar bolasini tinchlantirish va uni chalg‘itish uchun ko‘p gapirishga harakat qilishadi. Ammo, bu kutilgan natijani bermaydi. Shifokorga bolangiz bilan gaplashish uchun imkon yarating. Bu ularning bir-birini yaxshi tushunishlari va iliq munosabatni vujudga kelishiga yordam beradi.
- Doim ozingizning ishonchli stomatologingiz xizmatidan foydalanishga odatlaning. Yangi joy yoki yangi odamlar oldida o‘zini noqulay his qiladigan bolalar uchun doimiy ravishda faqat bitta yaxshi mutaxassis ko‘rigiga borish ancha samara beradi. Chunki, bir necha ko‘riklardan so‘ng bolangiz va shifokor o‘rtasida yaxshi munosabatlar shakllangan bo‘ladi.
- O‘zingizdagi tish bilan bog‘liq yomon xotiralarni unuting. Agar siz tish doktoridan qo‘rqsangiz, sizdagi qo‘rquv bolangizga ham o‘tar ekan. Shuning uchun ham siz o‘zingizdagi qo‘rquvni ko‘rik paytida bolangizga sezdirmang.
- Farzandingizga tish ko‘rigi bilan bog‘liq qo‘rqinchli hikoyalarni aytib berishlariga yo‘l qo‘ymang. Chunki bu “hikoyalar” shubhasiz bolada qo‘rquv va xavotirni uyg‘otadi.
- Yana bir eng muhim jihat shundan iboratki Stomatolog ko‘rigiga borganda bir marotabalik ishlatiladigan asbob-uskunalarni dorixonadan sotib oling. Agar buning imkoni bo‘lmasa shifokor anjomlari qachon va qanday sterillangani haqida so‘rashni unutmang. Iloji bo‘lsa ularni ko‘zdan kechiring. Havfli yuqumli kasalliklarning aksariyati aynan stomatologiya xizmatidan foydalanish jarayonida yuqish ehtimoli yuqori ekanligini also unutmang!