Farzandingiz o‘yinchoqlari va boshqa buyumlarni faqat chap qo‘li bilan olayotganligini payqadingizmi? Buning uchun tashvishlanishga hojat yo‘q. Muhimi uning haqiqatan ham chapaqay ekanligini aniqlab olishdir.
Chapaqaylik bu yomon holat emas va buning uchun bolani to‘g‘rilash kerak emas. Bu bola miyasining o‘ng yarimshari chapiga qaraganda ustunlik qilayotganligini anglatadi.
Bolaning ko‘proq qaysi qo‘lidan foydalanishini birinchi yillarda aniqlashning imkoni yo‘q, chunki bu paytda bola miyasining har ikkala yarimshari notekis rivojlangan bo‘ladi.
Ushbu alomatni bola uch yoshga to‘lganda aniqlash mumkin bo‘ladi. O‘ng qo‘ldan foydalanadigan yoki chapaqay bolalar nafaqat turli qo‘li bilan yozishi, balki hissiyotlari bilan ham farqlanadi. O‘ng qo‘lini ishlatadigan bolalar hissiyotlarga ko‘proq beriluvchan bo‘ladi. Bunday bolalarga kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi, so‘zlashuv chog‘ida artikulyasiyadan faol foydalanish, yuqori tezlikdagi nutq xosdir.
Chapaqay bolani o‘zgartirishga urinish noto‘g‘ri, chunki unga tabiatan berilgan qobiliyatni o‘zgartirish yaxshilikka olib kelmaydi. Ota-onalar bunga to‘g‘ri munosabat bildirishi va bolaga yordam berishi lozim.
Chapaqay bolalarning ota-onalariga maslahatlar:
- Bolaning hudud yoki joyda mo‘ljal olishiga ahamiyat qarating;
- Kamroq vazifa yuklang;
- Bunday bolalarga uch yoshdan keyin bolalar bog‘chasiga borish tavsiya etiladi.
Ota-ona yoki o‘qituvchi bolani o‘ng qo‘lidan foydalanishga majburlasa, bola hamma qatori emasligidan uyala boshlaydi va bu kamchiligini ko‘rsatmaslikka urinadi. Natijada bola e’tiborsiz, asabiy va parishonxotir bo‘lib qoladi.
Bolaning chapaqayligini qanday aniqlash mumkin?
Bola asosan qaysi qo‘lidan foydalanishini o‘yin ko‘rinishida aniqlash mumkin. Boladan chapak chalishni, mushukchani silab qo‘yishni yoki butilkani aylantirishni iltimos qiling. Aksariyat hollarda yetakchi qo‘l bosh rolni bajaradi.
Farzandingizni soatning chiqillashini eshitib ko‘rishga undang. Uning qaysi qulog‘ini tutishiga qarab, unda miyaning qaysi yarimshari faolroq ekanligini aniqlab olish mumkin. O‘ng qo‘lini ishlatuvchi bolalar uchun vazifalarni bajarish osonroq, chapaqaylar uchun qulayliklarni esa ularning ota-onasi yaratishi lozim. Bola uchun zarur buyumlarni chapaqaylar uchun mo‘ljallangan do‘konlardan xarid qilish mumkin.
Olimlar hozirgi paytda chapaqay bolalarning ko‘proq tug‘ilayotganligini aniqladi. Bu esa matematika va sport sohasida buyuk insonlarning yetishib chiqishiga olib keladi.
Maqolani tayyorlashda "Razvitiye detey" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.