Chaqaloqning ko‘krak emishdan bosh tortishi onani qiynaydigan eng katta muammo desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bolaning ko‘krakdan bosh tortishiga doimo bir sabab bo‘ladi, ana shu sababni bilish muammoni yechimiga olib keladi.
Bola ko‘krakdan bosh tortayotganida amaliy yordam.
1. Bola haqiqatdan ko‘krak sutidan bosh tortayaptimikan?
Ba’zi chaqaloqlar bir davrga kelib onani kamroq ema boshlaydilar. Ba’zilar faqat bir tomon ko‘krakni xush ko‘rib qoladilar. Ko‘pchilik chaqaloqlar oldingi emishdan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmagani sababli qorni to‘q bo‘lgani uchun yaqin soatda emishdan bosh tortishi mumkin. Yoki ikki oy bo‘lgach, soatlab emib yotgan bola bir necha daqiqa davomida tez-tez emib turishga o‘tib olishi mumkin.
Shu kabi holatlar onani ranjitishi hech gap emas. Bolaning bir tartibda emishiga o‘rganib qolgan ona uchun bu ko‘krakdan bosh tortishdek tuyuladi. Aslida bu chaqaloq odatlarining o‘zgarishidir, xolos. Ularga moslashish kerak bo‘ladi.
2. Ko‘krak sutga to‘lib ketayotgan bo‘lsa?
Shunday davr keladiki, bola uyquda ko‘p bo‘lib yoki uzoq vaqt davomida emmay yursa, onaning ko‘kragi sutga to‘lib ketadi. Odatda ko‘krak suti bolaning ehtiyojiga munosib ravishda keladi. Agar ko‘krak suti haddan ziyod ko‘p kelib, ko‘krakka og‘riq berayotgan bo‘lsa, u holda ortiqcha sutni sog‘ib tashlash lozim. Sog‘ilgan sutni to‘g‘ri saqlab keyinchalik bolaning o‘ziga bersa bo‘ladi, ko‘krakni esa og‘riq, mastit kabi noxush holatlardan asrab qolasiz.
3. Bolani talabiga qarab emizish.
Bolani emishga ehtiyoji bo‘lganidagina emizish lozim. Agar bola biron jadval, vaqt-soatga qarab emizilsa, uning organizmi bu tartibga o‘rgana olmaydi. Natijada u ko‘krakdan bosh torta boshlaydi. Masalan, ba’zi chaqaloqlar kunduz kuni emishni yaxshi ko‘rsalar, ba’zilari tuni bilan onasini emib chiqishni xushlaydilar. Shu yo‘l bilan ular o‘zining sutga bo‘lgan 24 soatlik ehtiyojini qoplaydilar. Bola onaning tartibiga emas, ona bolaning tartibiga moslashishi lozim.
Ona ko‘krakni vaqti-bemahal emas, aynan bola xohlaganida unga tutqazishi kerak. Bola har emganida qancha emishi muhim emas, uning jismoniy ko‘rsatkichlarining kerakli darajada ortib borishi sut yetarli ekanligidan dalolat beradi.
4. Shoshmayapsizmi?
Bolada emish ijobiy taasurotlarni uyg‘otishi kerak. Bolani emizayotganingizda unga qarab, uni erkalab, shirin so‘zlar gapirib, biron joyga shoshmagan holda emizish muhim.
Agar bola ko‘krakdan biron sabab tufayli bosh torta boshlasa, uni yalong‘och qilib, terini o‘zingizning teringizga tekkazib uzoq vaqt quchoqlab yuring. Teri teriga tegishi bolada emish instinktlarini uyg‘otib yuboradi va uni yana emishga undaydi.
5. Sut kelishi hajmi o‘zgarishi.
Yangi onalarda chaqaloqning ilk 2 oyida sut juda ko‘p keladi. Chaqaloqlar bu davrda qiynalmay, kuchanmay emishga o‘rganib qoladilar. Ikki oylar o‘tgach ona organizmidagi gormonal o‘zgarishlar natijasida sut hajmi ma’lum bir qisqa muddatga kamayib qolishi mumkin. Shunda chaqaloq sut hajmi va oqimi pasayganligi tufayli emishda qiynaladi va ko‘krakdan bosh torta boshlaydi.
Shunday holat yuz berganda bolaga boshqa ko‘krakni galma-galdan tutqazib ko‘ring. Emayotganida ko‘kragingizning yuqori qismini kaftingiz bilan sut keltirish maqsadida asta ezib-ezib turing. Bu jarayon bolaga qo‘shimcha sut kelishini ta’minlaydi. Eslatib o‘tamiz, sut birdan kamayib qolish davri bir necha kunda o‘tib ketadi va bolaning ehtiyojidan kelib chiqqan holda yana kerakli holiga qaytadi.
Muhimi, shu kichik davrda bolani ko‘krakdan ajratishga shoshilib, sun’iy ovqatlanishga o‘tib yubormaslik lozim.
6. Alaqsish.
Uch oylardan so‘ng bolada atrof-muhitga bo‘lgan e’tibori asta-sekin oshib boradi. Shunda emayotgan payti u yon-atrofga alaqsirayveradi va ko‘krakdan bosh tortadi. Qorni och bo‘lsa ham, uning qiziquvchanligi emishga yo‘l qo‘ymaydi. Shu kabi holatlarda bolani qorong‘ulikda, uyquga ketish yoki uyqudan turish payti emizish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Onaning bo‘ynida bola ko‘ziga yoqimli taqinchoq uni diqqatini ushlab tiniqib emishiga undaydi.
7. Butilkaga o‘rganib qolmadimi?
Bolaga qo‘shimcha tarzda butilkadan sut ichirayotgan bo‘lsangiz, u holda u ko‘krak sutidan chiqib ketishi oson bo‘ladi. Chunki ko‘krakdan farqli o‘laroq butilkadan sut tortish bolaga juda oson, ayniqsa soska teshigi katta bo‘lsa.
Butilkadan qo‘shimcha emizish shart bo‘lsa, u holda undan emayotganida bolani ko‘krakni emgan holatida ushlamang yoki karavotda yotqazib emizing. Ko‘krak sutini emganda esa u bag‘ringizga yaqin bo‘lsin. Iloji bo‘lsa, uning teri teringizga tegib tursin. Shunda u ko‘krakni butilka bilan alishtirmaydi, chunki onaning bag‘rida yotish uchun ko‘krakdan emishi kerak bo‘ladi.
8. Emizish holati.
Bola birdan ko‘krakdan bosh tortayotgan bo‘lsa, uni boshqa holatda emizib ko‘ring. Ba’zi chaqaloqlar o‘sgan sari emayotganida holatini o‘zgartirishni istaydi.
9. Issiqlik.
Jazirama issiq kunlari bola emishni istamay qoladi. Yoz kunlari ham uy haroratini 24-26 gradus atrofida ushlab turishga harakat qiling.
10. Qo‘shimcha ovqatlar.
Olti oydan so‘ng onalar shoshib-pishib qo‘shimcha ovqat berishni yoki undan yomoni bolaga kattalarning ovqatidan yalatishni boshlaydilar. Turli xil ovqatlarning bola ratsioniga tezlik bilan kirib kelishi bolani ko‘krak sutidan bosh tortishiga sababchi bo‘ladi.
11. Tish og‘rig‘i.
Bolada tish chiqishi ham ko‘krak sutidan bosh tortishga sababchi bo‘lishi mumkin. Og‘zi og‘riganidan qiynalib ketgan bola emgisi kelmay qoladi. Bolalar uchun maxsus tish qichitgichini muzlatib emizishdan oldin bolani og‘ziga berib qo‘ying. Muzlagan qichitgich og‘riqni biroz bosadi va bola emishga tayyor bo‘ladi.
12. Hayz va homiladorlik.
Bolaning ko‘krakdan bosh tortishiga yana bir kichik sabab bu onaning gormonal holatidir. Ba’zi ayollarda hayz davomida va homiladorlik davrida ko‘krak suti hajmi va hatto mazasi ham o‘zgarib qolishi mumkin.
13. Onadan uzoq muddatga ayri bo‘lish.
Biron sabab tufayli ona bola bir necha kun davomida birga bo‘lmasa, bola ko‘krakdan bosh tortadigan bo‘lib qolishi mumkin. Bu holatni yengish uchun teriga-teri usulini qo‘llash juda samarali bo‘ladi.
Tajribali onalarning maslahat berishicha, bola ko‘krakdan bosh tortayotgan bo‘lsa, og‘ziga 2-3 tomchi ko‘krak sutini tomizish kerak, u sutning mazasini his etib, ko‘krakni olishga intiladi.
14. Ko‘krak terining mazasi.
Ko‘krakka biron kosmetik vosita surilgan yoki undan vosita isi taralayotgan bo‘lsa, bolaga yoqmasligi mumkin. Ko‘krakdan faqat sut hidi va mazasi kelishi kerak. Hatto dengizga sho‘ng‘ib chiqib bolaga ko‘krakni tutqazsa, u bosh tortadi. Chunki dengizning sho‘r suvi ko‘krakni terisini bola uchun yoqimsiz qilib qo‘yadi.
Eng muhimi, ko‘krakdan bosh tortish doim vaqtinchalik holat ekanligini unutmaslik kerak. Ona imkon qadar asabiylashmay, tinchlanib yo‘l tutsa, tez orada hammasi joyiga tushadi. Asabiy onani bola umuman ema olmaydi.
Manba: Uzbaby.Uz