Ko‘pincha ota-onalar bolalarini o‘ziga ishonchi yo‘q, uyatchan, odamovi deb atashadi. Bularning hammasi o‘zlari bergan tarbiya mahsuli ekanligini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Agar siz bolangiz vazmin, o‘ziga va o‘z kuchiga ishongan bo‘lishini xohlasangiz – o‘zingizning muomalangizdan boshlang.
O‘ziga ishonch himoyalanish hissidan paydo bo‘la boshlaydi: agar bola og‘ir vaziyatlarda ota-onasi yordamga kelishini bilsa, uning o‘z kuchiga ishonishga o‘rganishi qiyin bo‘lmaydi.
Bunga nimalar xalal beradi?
Oshiqcha xavotirlik
Dunyodagi hamma narsadan (muammolar, omadsizlik, ayblash) qo‘rqadigan ota-onalar hech qachon o‘ziga ishonadigan odamni yetishtira olmaydi.
Qiyoslash tizimi
Haqiqiy o‘ziga ishongan kishilar boshqalarning yutug‘iga qarab emas, balki o‘z istaklari va imkoniyatlarini ishga solib muvaffaqiyat qozonadi. Boshqa bolalarga solishtirish bilan siz, birinchidan uning imkoniyatlarini shubha ostiga qo‘yasiz, ikkinchidan esa boshqalar sizga ko‘proq yoqishini ta’kidlagan bo‘lasiz.
Salbiy fikr
Agar bolangiz biror ishni boshlayotganda siz: «Bajara olmaysan» yoki «Uncha yaxshi chiqmadi», – deb fikr bildirsangiz, hech qanday muvaffaqiyat to‘g‘risida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Keling, bolalarga o‘z kuchini sinab ko‘rishga ruxsat beraylik va ular o‘zlari to‘g‘ri deb hisoblagan ishlarini bajarsin.
Manba: Daryo.uz