Bilasizmi?

Bolaning ulg‘ayishida o‘yinlarning ahamiyati

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson miyasi olti yoshgacha to‘liq shakllanib ulguradi, qolgani – takomillashuv. Demak, ayni ana shu jarayonda bolaning nimani va qanday o‘ynayotgani, qiziqish bildirayotgan jihatlari, sal keyinrok esa o‘qishga bo‘lgan layoqatiga kattalar tomonidan rag‘bat bildirilishi juda muhimdir.

Qanday o‘yinlar o‘ynash mumkin?

Bolaning ulg‘ayish jarayonida o‘yinlar katta ahamiyatga egadir. Buning uchun farzandingizning aqlini tanishini kutib o‘tirish shart emas. Hatto 3-4 haftalik go‘dak bilan ham o‘yin o‘ynash mumkin. Bu davrda bolakay ko‘rish orqali siz bilan tillashadi. Rang ajratishni o‘rganayotgan bolangizning ko‘zlaridan 10 sm. narida oq-qora (zebra o‘yinchog‘i), qizil va olovrang o‘yinchoqlarni ushlab turing. O‘yinchoqni tomosha qilayotganda gapirmang, faqat sokin musiqa qo‘ying.

2-4 oylikdan boshlab dilbandingiz sizga jilmayishni, turli ovozlar chiqarishni o‘rganadi. Endi yotog‘i yoki belanchagining tepasiga turli osma o‘yinchoqlarni ilsa bo‘ladi. Aylanib turuvchi samolyot, jonivorlar, qo‘ng‘iroqchalar bolani tez jalb etadi. Ularni ushlab olishga harakat qila boshlaydi. Bunga izn bering. Bundan tashqari, unga musiqa qo‘yib bering va ohangga mos ravishda uni erkalang.

5-6 oylikka kelib, bola atrofidagi barcha narsalarni ushlab "tatib" ko‘rishga ehtiyoj sezadi. U ko‘rish, ushlash, ta’m bilish orqali dunyoni anglayapti. Qo‘lchalari ushlashga qiynalmaydigan, ammo yutib yuborish mumkin bo‘lmagan kattalikdagi yorqin rangli o‘yinchoqlarni tanlang. Bolani qorniga yotqizib, atrofiga o‘yinchoqlarni sochib qo‘ying. Bola o‘ynash orqali emaklashga urinadi.

7-8 oydan esa bolakay o‘yinlarga qiziqa boshlaydi. Sizni ham o‘zi bilan o‘ynashga chorlaydi. Emaklab borib o‘ziga yoqqan o‘yinchoqlarni ajrata oladi. Buning uchun siz ham o‘yinchoqlar sonini ko‘paytirib boring. Unga bir xillik emas, faqat yangiliklar kerak. Harakatlanuvchi o‘yinchoqlar bilan o‘ynash bolaga ma’qul tushadi.

9-10 oyga kelib turli hajmdagi o‘yinchoqlarga e’tibor bering. Endi bolakay katta va kichik buyumning farqiga boradi. Turfa rang va o‘lchamdagi koptoklarga gal keldi. Piramida yasashni o‘rgatishingiz ham mumkin.

Bolakay bir yoshga to‘lgach, mashina o‘ynash, aravachadagi o‘yinchoqlarni sudrashga kirishadi.

Ikki yoshga kirgan bola bilan mozaika yasash juda qiziqarli mashg‘ulot. Bu uning aqliy rivojlanishida yaxshi samara beradi. Kubiklardan uy va buyumlar yasash ham foydali.

Uch yoshdan konstruktor o‘yinchoqlarga gal berish mumkin. Qurish, yasash, chizish, umuman yaratish bilan bog‘liq o‘yinlarga e’tibor qarating.

Manba: Beka.Uz