Ota-onalar doim farzandining eng aqlli, eng omadli va umuman hamma narsada birinchi bo‘lishini istaydi. Farzandining baholari yaxshiroq bo‘lishi uchun ularga bir olam kitoblar xarid qiladi. Biroq ba’zan ular bilan birga shug‘ullanish uchun ortiqcha vaqt topa olmaydi. Aslida bilag‘on bolani shakllantirishning retsepti juda oddiy, biroq u kattalarning ishtirokini talab qiladi. Chunki bu usul uydan boshlanadi. Quyida keltirilgan ko‘nikmalar o‘ylab chiqilmagan bo‘lib, ular italiyalik olimlar tomonidan ilmiy isbotlangan nazariyadir.
- Albatta ovoz chiqarib o‘qish zarur
Sinsinnati shahri Bolalar tibbiyot markazining tadqiqotchilari ovoz chiqarib o‘qish bolalar miyasining rivojlanishiga ta’sir qilishini amalda isbotladi. O‘qish jarayonida miyaning quloq orqali eshitish, tasavvur qilish va nutqni tushunish kabi qismlari ham ishtirok etadi. Bundan tashqari, bolalikda ovoz chiqarib o‘qish ulg‘ayganda ham yaxshiroq va ko‘proq kitob o‘qishning garovidir.
Bolada kitoblarga nisbatan mehr uyg‘otish va uning tasavvur olamini rivojlantirishning eng oddiy usuli u bilan birga mutoala qilishdir.
- "Rahmat" aytishni o‘rgating
Forbes jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, oddiygina minnatdorlik bildirish ko‘plab ijobiy xislatlarga ega ekan. Birgina "Rahmat" aytish psixologik va jismoniy sog‘likni yaxshilaydi, tajovuzkorlikni pasaytirib, uyquni mustahkamlaydi, yangi tanishlar orttirishga xizmat qiladi. Farzandingizni o‘zida bor narsalarning qadriga yetish va ular uchun minnatdorlik bildirishga o‘rgating.
- Tasavvur olamini rivojlantiring
Tel-Aviv universitetida 6—9 yoshli bolalar ishtirokida tajriba o‘tkazildi. Bolalarga dastlab o‘zining partasidan butun koinotgacha bo‘lgan suratlar, so‘ngra aksincha tartibdagi suratlar namoyish etildi. Shundan so‘ng, ijodkorlikni aniqlovchi oddiy testdan o‘tkazildi.
O‘zining kichkina dunyosi qanday qilib butun Olam hajmigacha kengayib borayotganligini ko‘rgan ishtirokchilar, aksincha cheksiz koinotning maktab partasigacha kichrayib borishini kuzatgan bolalarga qaraganda yaxshiroq natija ko‘rsatgan. "Ichkari"ga emas "tashqari"ga qarab mulohaza qilish bola fantaziyasini shakllantiradi, unga jismlarni turli nuqtai nazardan ko‘rishga yordam beradi. Bolalar tasavvur olami chegara bilmaydi!
- Stol o‘yinlarini o‘ynang
Psychological Science tadqiqoti turli boshqotirmalar, kubiklar va stol o‘yinlari bolaning makon va mantiqiy fikrlashini rivojlantirishini ko‘rsatdi. Farzandingiz bilan stol o‘yinlarini birga o‘ynash uchun kuniga bir soat vaqt ajrating.
- Tabiatga e’tibor qarating
Journal of the Study of Religion, Nature and Culture bolalar va tabiatning o‘zaro bog‘lanishini o‘rganib chiqib, ko‘chada hatto oddiy vaqt o‘tkazish ham bolani ruhlantirishini aniqladi.
- Yaxshilik qadrlanishini ko‘rsating
Bir-biriga mehribonlik qiluvchi bolalar boshqalarga qaraganda baxtliroq bo‘ladi va tengdoshlari orasida ham ko‘proq qadrlanadi. Tengdoshlari tomonidan tan olinganlik esa bolaning o‘qish jarayonidagi o‘zlashtirishiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.
- Muloqot qiling
Bola miyasi antiqa usulda shakllanadi: u yon-atrofda bo‘layotgan har bir hodisani o‘ziga yutib oladi, bola tashqi dunyo bilan o‘zaro bog‘liqlikda gapirishni, emaklashni va yurishni o‘rganadi. Bola sizning gapirishingizni tinglab, gapirishni o‘rganadi. Keyinroq sizning nutqingizga qarab, o‘z nutqini shakllantiradi. Bola bilan muloqot qilish juda muhimligini unutmang!
Maqolani tayyorlashda "Ya Happy mama" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.