Maktab yoshidagi bolalarning 15% ida disleksiya muammosi mavjud bo‘ladi. Bunda bolaning gapirishi, so‘zlar talaffuzi to‘g‘ri bo‘lishiga qaramay qat’iy nazar o‘qiyotganda juda ko‘p xato qiladi. Ota-onasi bir necha marta to‘g‘rilasa ham, bola o‘z holicha umuman tushunarsiz qilib o‘qiydi.
Buning sababi bolaning aqliy rivojlanishi emas. Bola juda aqlli bo‘la turib, disleksiyasi bo‘lsa, hech qachon to‘g‘ri o‘qiy olmaydi. Chunki bolada nutqni qabul qilish va to‘g‘ri eshita olish qobiliyati rivojlanmagan.
Agar maktab yoshidagi bola sekin-sekin o‘qisa, bu normal holat, lekin o‘qiyotganda bir xil tovushlarni yoki bo‘g‘inlarni qoldirib ketib yoki, aksincha, o‘zidan qo‘shib yuborib, so‘zlarni oxirigacha o‘qimay, o‘qiyotgan narsasini ma’nosini tushuna olmayotgan bo‘lsa, u holda mutaxassis bilan maslahatlashib ko‘ring.
Ushbu holatlarning sababi disleksiya yoki bolaning aqliy rivojlanishi bo‘lishi mumkin. Agar disleksiya bo‘lsa, u holda bola bilan muntazam ravishda maxsus nutq mashg‘ulotlari o‘tkazish tavsiya etiladi. Aqliy rivojlanish tufayli bola yomon o‘qisa, u holda ota-onaning o‘zi bola bilan shug‘ullanishi, ya’ni kitoblarni ko‘proq o‘qib berish, bola bilan puzl va origami yasash, bolani intellektual rivojlantirishi talab etiladi.
Disleksiyaning asorati disgrafiya bo‘lishi mumkin. Bola tovushlarni to‘g‘ri o‘qiy olmagani uchun tovushlarni noto‘g‘ri eshitayotgani uchun so‘zlarni xato bilan yozadi. Albatta yozishni endi o‘rgangan bolalarga bu taaluqli emas. Lekin yillar davomida ayrim so‘zlarni muntazam ravishda noto‘g‘ri yozishi disgrafiya muammosi mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, "olma" so‘zining o‘rniga "omla" yozadi yoki "mushukcha" ning o‘rniga "mushuchka" deb yozishi mumkin.
Disgrafiyani ham vaqtida aniqlab maxsus logopedik mashg‘ulotlar qo‘llanilsa muammo bartaraf etiladi. Ko‘pincha ota-onalar disleksiya yoki disgrafiya mavjudligidan xabari bo‘lmay, farzandi yomon o‘qishiga uning o‘zi sababchi deb o‘ylaydilar. Aslida juda aqlli va zukko bola disleksiya muammosi bilan hech qachon to‘g‘ri o‘qib yoza olmaydi.