Salomatlik

Ehtiyot bo‘ling - Gelmintoz!

Agar ko‘pchilik bolalarning yuziga diqqat bilan nazar tashlansa, ularning aksariyatida turli kattalikdagi dog‘larga ko‘zimiz tushadi. Bu dog‘lar tanasining boshqa joylarida ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ayrim bolalar injiq, rangpar, nimjon, ishtahasiz bo‘lishadi. Bu shunchaki injiqlik emas, balki aynan gijjalarning ishi hisoblanadi. Manbalarda qayd qilinishicha, hozirgi kunda gijjalarning 270 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, yer yuzida juda keng tarqalgan. Bizning yurtimizda ularning 40 turi parazitlik qiladi. Gelmintozlar, ya’ni gijja kasalliklari, ayniqsa, bolalarning sog‘lom rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

      52 Muxbirimizning oliy toifali shifokor, urolog-jarroh Alijon Faqirov bilan suhbati gelmintoz xastaliklarini davolash xususida bo‘ldi.

SAVOL – Bugun aholimiz gijjalardan davolanish maqsadida turli vositalarga murojaat etishadi. Lekin natija har doim ham ko‘ngildagidek emas. Shifokor sifatida siz qanday maslahat berasiz eng maqbul davo chorasi qaysi?

FAQIROV- Bugungi kunda har bir gijja, har bir parazitga individual ta’sir ko‘rsatadigan dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Masalan, oxirgi yillarda zentel preparati ishlab chiqarilayapti. Zentel preparati yoki albindazolni 4-5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 200 milligramm bir kunda, agar 6 yoshdan katta bola bo‘ladigan bo‘lsa, kattalar qatorida, ya’ni 400 milligramm kuniga qabul qilishi kerak.

Agar bemorda enterobioz bo‘ladigan bo‘lsa, organizmni tozalash uchun bor-yo‘g‘i 2-3 kun yetarli bo‘ladi.

Sal murakkabroq, ketishi qiyin bo‘ladigan gijjalar, masalan, pakana gijjaga 5-6 kun qabul qilish kerak bo‘ladi.

Askaridozga ham xuddi shunday. Faqatgina bu dori vositasini qabul qilganda yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Chunki, organizmda ortiqcha yig‘ilib qolmasdan, peshob bilan chiqib ketishi kerak.

Shuningdek, jigarni himoya qiluvchi biron dori bilan qo‘shib qabul qilgan ma’qul. Agar mabodo lyamblioz bo‘ladigan bo‘lsa, 5-6 kundan ortiqroq muddatda qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Chunki, lyamblya ketishi biroz qiyin kechadi. O‘t yo‘llariga ham o‘rmalab kiradi, o‘t qopida yashaydi. Shuning uchun ularni haydab chiqarish va nobud qilish qiyinroq bo‘ladi.

>Exinokokkoz bo‘ladigan bo‘lsa, bunday bemorlarga biz hattoki, bir oylab buyuramiz, albatta, jigarni himoya qiluvchi dori vositalarini qo‘shgan holda.

Savol – Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalib o‘tsangiz. Hozirgi kunda ko‘plab tabiblar va xususiy klinikalar tomonidan “biz har qanday gijjani tushiramiz”, “klizma qilib gijjalardan forig‘ etamiz”, deya otning kallasidek harajatlar evaziga o‘z xizmatlarini tavsiya etishadi. Ularga qanchalik ishonish mumkin? Umuman bola organizmi uchun klizmaning zarari yo‘qmi?

FAQIROV - Avvalam bor, tahlil o‘tkazish kerak. Men, shifokor sifatida ularga ishonmayman. Davlatimiz tomonidan bolalar uchun bepul qilib qo‘yilgan tahlil usullarimiz bor. Xususan, Toshkent Tibbiyot akademiyasi, Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti hamda Respublika Ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy markazi klinikalari laboratoriyalarida sidqidildan ishlashadi, tahlil natijalari to‘g‘ri, aniq chiqadi va men biror marta noto‘g‘ri holat bo‘lganini ko‘rmaganman.

Ikkinchidan, aynan shifokorning maslahati bilan dorixonalardan olinadigan dori vositalari samarali va narxi ham arzon.

Men atayin hisoblab ko‘rdim. Bor-yo‘g‘i o‘n ming, o‘n besh ming so‘mlik dori vositasi bilan askaridozni ham tushirsa bo‘ladi, ikki-uch ming so‘mlik dori bilan enterobiozni ham tushirsa bo‘ladi. Besh yuz yoki bir million so‘m to‘lab, klinikaga borib, klizma qildirib, yotish shart emas.

SAVOL - Huqna, ya’ni klizma qilib, gijjalardan nahotki, xalos bo‘lish mumkin emas? Oxirgi vaqtlarda gemintoz kasalliklarini shu yo‘l bilan davolash holatlari tez-tez quloqqa chalinib turibdi-ku.

FAQIROV - Bu anatomiyaga mutlaqo zid narsa. Men har qanday klinikaning rahbari bilan bu masalada bahslashishga tayyorman. Inson shunday yaratilganki, oziq-ovqat faqat tepadan pastga bitta yo‘nalish bo‘yicha harakatlanadi, orqaga qaytaman, desa ham qayta olmaydi, chunki, klapanlar bor. Insonning ingichka ichagi bilan yo‘g‘on ichagi o‘rtasida Baugiyen to‘sig‘i bor. Bu to‘siq ovqatni faqatgina bir tomonlama o‘tkazishga mo‘ljallangan.

cleansing-1024x768-300x225

Agar klizma bilan gijjani tushiraman desa, bu g‘irt yolg‘onchilik! Ba’zilar klizma qilinadigan suyuqlikka sarimsoq qo‘shib qilishadimiyey, yana ba’zilar “dorivor o‘simliklardan qo‘shib gijjani tushirdim”,- deydi. U baugiyen to‘sig‘igacha boradi. Yo‘g‘on ichakning uzunligi odamda bor-yo‘g‘i bir metr. Boring ana kattalarda biru yigirma, bolalarda oltmish-yetmish santimetr. Shunchagina qism tozalanishi mumkin. Suyuqlik baugiyen to‘sig‘igacha boradi-da. Undan u yog‘iga to‘siq mutlaqo o‘tkazmaydi. Gijjalarning aksariyat qismi esa ingichka ichakda, o‘n ikki barmoqli ichakda, yon bosh, och ichakda yashaydi. U joyga klizma yetib bormaydi. Shuning uchun hech qachon bu tavsiyaga ishonish kerak emas.

SAVOL-Demak, tashxis qo‘yib, gijjaning turini aniqlab, keyin siz aytgan dori vositalarini qo‘llash eng maqbul yondoshuv, shundaymi?

FAQIROV - Albatta. Dori vositasini qo‘llab, 10-15 kundan so‘ng yana qayta tahlildan o‘tish kerak. Qani, dori vositasi qanchalik darajada samara berdi ekan, deb. Men bugungi kunda hamma dorixonalardagi dori vositalarining sifati ham talabga javob beradigan darajada, deb ayta olmayman. Falon dorixonada qalbaki dori vositasi bor, deb ham ayta olmayman. Lekin, odamlar albatta, ehtiyot bo‘lgani ma’qul.

Qalbaki dori vositalarini haqiqiysidan ajratib olish yo‘llari bor. Ishlab chiqarilgan dorining qutisida yaroqlilik muddati o‘yib yozilgan bo‘lsa, bu haqiqiy dori vositasi hisoblanar ekan. Kompyuter bilan yozib qo‘yish juda ham oson. O‘yib yozishning uddasidan chiqish esa qiyin. Ikkinchidan, har bir dori vositasining o‘ziga xos hidi bo‘ladi.

Masalan, xapdori, ya’ni tabletka ochganimizda uvalanib ketmasligi kerak. Uvalanib ketdimi, demak, qalbaki bo‘lishi ehtimoli juda yuqori. Undan tashqari dori vositalarining haqiqiyligini aniqlab beruvchi galogrammalar qo‘yib chiqarilayapti. Bu tomoniga ham e’tibor berish kerak. Yana ayrim dori vositalari haqida aytib o‘tilsa, Hindistondan yaqinda juda yaxshi dori vositasi keltirildi. O‘zbekistonimizda ham chiqarilayapti, deb eshitdim. Bu glistagon preparati. Men bemorlarimga qo‘llab qo‘rdim. Ikkita dori vositasi bir-biriga uyg‘unlashtirilgan. Juda ko‘plab bemorlarga yordami tegdi. Kuchli kimyoterapiya hisoblanadi, lekin, asorat bermasligi uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichish kerak va, albatta, jigarni himoyalovchi preparat bilan qo‘shgan holda, albatta.

SAVOL- Jigarni himoyalovchi dori vositalarining qaysilarini tavsiya qilasiz?

FAQIROV- Jigarni himoyalashda birinchi navbatda polivitamin preparatlar, shuningdek, na’matak, shirinmiya ildizi damlamalaridan foydalanish kerak. Bundan tashqari xalq tabobati asosida o‘zimizda livermaks dori vositasi ishlab chiqarilmoqda. Men juda ham samarali qo‘llayman ushbu preparatni. Shuningdek, gepanorm preparati ishlab chiqarilayapti. Aynan bu bizlarga Hindistondan keltirilayotgan apkasul yoki liv-52 degan jigarni himoyalovchi dori vositalariga o‘xshab ketadi. O‘zimizning xom ashyodan ishlab chiqarilgan. Jigarning hujayralarini juda ham yaxshi himoya qiladi.

Xulosa o‘rnida: Ba’zilar tanish-bilishlarining maslahatlari bilan o‘z bilganlaricha bolalarini gijjaga qarshi davolashadi. Bu mutlaqo mumkin emas!

>Eng birinchi navbatda gelmintlarning turi aniqlanib, tashxis qo‘yilishi lozim. Keyin esa mutaxassisning tavsiyasi asosida o‘ziga xos davolash muolajalari qo‘llaniladi.

Gelmintlar profilaktikasida shaxsiy gigiyena, ozodalikka nihoyatda e’tiborli bo‘lish va qat’iy rioya qilish muhimdir.

Tirnoqlarni kalta qilib olish, ovqatlanishdan oldin qo‘lni sovun bilan obdon yuvish shart.

Polizda, bog‘da ishlash vaqtida har turli narsalarni og‘izga solishdan saqlanish kerak. Chunki, gelmintozlar aksariyat hollarda iflos qo‘llardan yuqadigan kasallikdir. Xonalar va jihozlar har doim yuvib, artilib, hovlilar tozalanishi zarur. Boisi, gijja tuxumlari chang bilan birga nafas yo‘llariga ham tushishi mumkin.

Suvni faqat qaynatib ichish talab etiladi.

Ko‘pincha meva-sabzavotlar tuproq bilan ifloslangan bo‘ladi. Shuning uchun ularni tanovvul qilishdan oldin toza suvda yuvish hamda ustidan qaynoq suv bilan chayish maqsadga muvofiqdir.

Tasmasimon gijjalar odamga gijja lichinkalari bo‘lgan mol go‘shtini yaxshi qovurmay yoki yetarli darajada pishirmay iste’mol qilganda, ayniqsa, uy bekalariga xom qiyma tuzini tatib ko‘rayotganda yuqadi.

Qolaversa, hayvonlarni parvarish qilish talablariga ham amal qilish kerak.

>Eng iflos narsa bu-pul! Shu bois bolaning qo‘liga pul bergandan keyin uning qo‘lini yaxshilab sovunlab yuvishga odatlantirish lozim. Bu kattalarga ham bevosita taalluqlidir.

Sh.Abdualimova