Bilasizmi?

Farg‘onada ayol qo‘lidagi farzandi bilan o‘zini kanalga tashladi

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida o‘zini farzandi bilan birga kanalga tashlagan ayol va bolasi qutqarib qolindi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmatiga asoslanib, Sof.uz xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, 3 mart kuni Qo‘shtepa tumani IIB huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘linmasi boshlig‘i mayor Davlat Daminovga tuman hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar kengashi raisi Muhabbat Mo‘ydinova qo‘ng‘iroq qiladi.

U Do‘rmon qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tgan katta Farg‘ona kanali qirg‘og‘ida bir ayol qo‘lida voyaga yetmagan farzandi bilan o‘ychan ahvolda o‘tirganligini, hozir uning oldiga borayotganligi haqida xabar bergan.

Mazkur xabardan so‘ng mayor D.Daminov zudlik bilan M.Mo‘ydinova aytgan joyga yetib borganida, kanal qirg‘og‘ida o‘tirgan ayol qo‘lidagi voyaga yetmagan farzandi bilan birga o‘zini kanalga tashlab yuborgan.

Shu vaqtda voqea joyidan o‘tib ketayotgan yo‘lovchilar Abduhamid G‘ulomov va Azizjon Bo‘tayevlar ularni qutqarish uchun o‘zlarini suvga otishgan. Ular ortidan mayor D.Daminov ham kanalga tashlangan va ayolning voyaga yetmagan farzandini suvdan chiqarib, qirg‘oqda turgan yo‘lovchi Abdurahim Xoshimovga bergan.

So‘ng bolaning onasini qutqarish uchun harakat qilayotgan fuqarolar bilan birgalikda ayolni ham qutqarib qirg‘oqqa olib chiqqan.

Mayor D.Daminov ayol va uning farzandiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, xizmat mashinasida Langar qishlog‘ida joylashgan shifoxonaga olib borgan. Ichki ishlar xodimining va fuqarolarning hushyorligi tufayli ona-bolaning hayoti saqlab qolindi.

Hozirda 23 yoshli ayol va uning 2 yashar farzandining ahvoli qoniqarli holatda. Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.