Bilasizmi?

Farg‘onada hayvonot bog‘i ish boshladi

O‘zbekistonda 700 dan ortiq turdagi umurtqali, ya’ni sut emizuvchi, sudralib yuruvchi jonzotlar, baliqlar, amfibiyalar va 15 mingdan ziyod turdagi umurtqasiz hayvonlar uchraydi. Bu O‘zbekiston hayvonot dunyosi naqadar boy va xilma-xil ekanidan dalolat. Ushbu noyob tabiiy boyliklarni asrab-avaylash maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.

Noyob va yo‘qolib borayotgan hayvonlar kolleksiyasini tashkil etish va ularni sun’iy ko‘paytirish, aholini O‘zbekiston va jahon faunasi bilan tanishtirishda hayvonot bog‘lari muhim ahamiyat kasb etadi.

Uch gektardan ziyod maydonni egallagan mazkur hayvonot bog‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 20 maydagi “2016-2020 yillar davrida Toshkent hayvonot bog‘ini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etildi. Bu yerda turli o‘lkalardan keltirilgan 70 dan ortiq hayvon va antiqa qushlarni ko‘rish mumkin. Hayvonot bog‘i ish boshlashi bilan 60 ga yaqin ish o‘rni tashkil etildi. Yangi xodimlarning aksariyati kollej bitiruvchilaridir.

Hayvonot bog‘ida tog‘ hayvonlari saqlanadigan bo‘lim ancha keng joyni egallagan. Sher, ayiq, to‘ng‘iz kabi hayvonlar maxsus qafaslarda saqlanadi. Tosh uyumlari ustida sakrab yurgan tog‘ qo‘yi, tog‘ echkisi, Afrika tuyaqushi, lama, maxsus hovuzlarda suzayotgan g‘ozlar, noyob baliqlarni hayrat bilan tomosha qilayotgan bolajonlarning quvonchi cheksiz.

– Anchadan buyon shahrimizda hayvonot bog‘i bo‘lishini orzu qilib yurardik, – deydi Feruza Subhonberdiyeva. – Yangi yil bayramida bu bizga, farzandlarimizga katta sovg‘a bo‘ldi. Bu yerda juda yaxshi sharoit yaratilibdi. Bugun farzandlarimning shodligini ko‘rib, o‘zim ham behad quvondim. Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.