Sir emaski, millatlarga xos fe’l-atvor xususida so‘z ketganida nemis millatiga mansub odamlarga "tartibli", "qat’iyatli", "mas’uliyatli" sifatlari ishlatiladi. Birovdan qarz bo‘lishni istamaydigan, o‘z aravasini o‘zi tortadigan insonlarni maqtab "nemis", ya’ni tartib-intizomli ham deyishadi. Xo‘sh, bu tarbiyaning siri nimada? Germaniyaliklar farzandlarini qanday usullar bilan tarbiya qiladilar? Quyida shu haqida ma’lumot beramiz.
Berlin bo‘ylab sayohat qilar ekansiz, xiyobonlarda suhbatlashib qahva ichib o‘tirgan ota-onalarning sho‘x-shodon o‘ynayotgan, har yerga osilib, sakrab sho‘xlik qilayotgan bolalariga deyarli e’tiborsiz ekanliklari, ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yganlarining guvohi bo‘lasiz. Bolalarning baland joylardan sakrab, har narsaga osilishini ko‘rib, xavotir oladi kishi. Ularga bu xavfli ekanini aytgan odamga bolalar ham, ota-onalar ham norozi nigoh bilan qarashadi. Ha! Germaniyaliklar bolalarini mana shunday mustaqil o‘sib-ulg‘ayishlarini istashadi. Ularning fikrlaricha, bolaga hadeb e’tibor berish va uni nazorat qilish uning mustaqil va mas’uliyatli bo‘lib o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Aslida xiyobondagi ota-onalar bolalariga befarq yoki e’tiborsiz emas. Ular shu yo‘l bilan bolalariga ishonch bildiradilar.
Berlinliklar bolasini o‘qishga majburlamaydi. Berlindagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ham bolaning aqliy salohiyatini oshirishga u qadar yuqori urg‘u qaratilmaydi. Agar siz bolangizga bolaligidanoq yozish yoki o‘qishni o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, germaniyaliklar nazdida siz bolani noto‘g‘ri tarbiya qilayotgan bo‘lasiz.
Boisi nemislar nazdida bog‘cha bolaning do‘stlar orttirishi, do‘stlikni o‘rganishi va o‘ynashi, bolalikni his qilishi, sho‘xliklar qilishi, ijodiy tasavvurni boyitish uchun zarur bo‘lgan makon. O‘qish va yozishni esa ularga maktabda o‘rgatishadi.
2012 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, germaniyalik 15 yoshli o‘quvchilar matematika, o‘qish va boshqa fanlarni o‘zlashtirishda dunyodagi boshqa tengdoshlariga qaraganda peshqadam ekanlar.
Berlinliklar bolaga yoshligidayoq olov bilan qanday muomala qilish kerakligini o‘rgatishadi, bir nimalarni yoqib, xavfsiz o‘chirish yo‘llarini ko‘rsatishadi. Yangi yil kunlarida birgalashib mushaklar otishadi. Bu dunyoning boshqa millat ota-onalari uchun hayratlanarli tarbiya, albatta.
Bolalarni yolg‘iz sayr qilishiga ruxsat beradigan ota-onalarni boshqa yerda topish qiyin. Nemischa tarbiya sirlaridan biri ham shu – bolalar boshlang‘ich sinfga chiqqach, ota-onalarisiz maktab atrofida, o‘zlari istiqomat qiladigan mavze bo‘ylab sayr qilishadi. Ba’zi bolalar hatto metroda mustaqil maktabga borib kelishadi. Ota-onalar bu yerda bolalar xavfsizligi haqida o‘ylaganda bolalarning o‘g‘irlab ketilishidan emas, yo‘l harakati bilan bog‘liq baxtsiz tasodiflardan ko‘proq cho‘chiydilar.
Germaniyada bolalarning o‘g‘irlab ketilishi juda kamyob hodisa. Amerikada esa yiliga kamida 115 nafar bola o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi sodir etiladi.
Ruhshunos va pedagoglar ham bolaning yolg‘iz sayr qilishi uning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlashgan. Ammo bu bilan bolaga yolg‘iz sayr qilishiga qo‘yib berish kerak, degani emas. Sizning mavzeingizdagi sharoit boshqacha bo‘lishi mumkin.
Nemislar inson hayotida 3 muhim tub burilish pallasi bor, deb hisoblashadi. Einschulung – maktabga chiqish, Jugendweihe – o‘spiringa aylanish hamda turmush qurish.
Berlinda bolaning maktabga chiqadigan pallasi katta bayramga aylanadi. Maktabga chiqadigan bolaga bo‘yi barobar keladigan yirik idishni uning uchun kerak bo‘ladigan qalam, ruchka, o‘chirg‘ich, kitob, soat, daftar, shirinlik va bolani xursand qiladigan boshqa narsalar bilan to‘ldirishadi. Bu bilan ota-onalar bolalariga kelajak sovg‘a qilib, bu sovg‘alar bilan uning o‘qishga bo‘lgan zavq-shavqini oshiradilar. Bu sovg‘alar bolani yaxshi o‘qishga chorlaydi.
Jugendweihe davri, ya’ni o‘spirinlik davriga o‘tishda ham xuddi shunday bayram, ziyofat uyushtiriladi. Ota-onalar farzandlariga hayotda unga bilim olishi, foydalanishi uchun zarur sovg‘alar berishadi, ularni hayotning yangi bosqichi bilan qutlashadi.
Germaniyaliklar har kuni bolalari bilan sayr qilishni yaxshi ko‘rishadi. Nemislarning shunday maqoli bor: "Ob-havoning noqulayi bo‘lmaydi. Faqatgina nobop kiyim bo‘lishi mumkin". Ular bog‘cha yoki maktab yoshidagi bolalarini har qanday ob-havo sharoitida aylantirgani olib chiqishadi. Siz yomg‘ir mahalida ham bolalar maydonchasi yoki ko‘chada aylanib yurgan oilani ko‘rishingiz mumkin. Qor yoki sovuqda ham bolalar Berlin ko‘chalarida o‘ynab yurishgan bo‘ladi.
Ha! Nemislar uchun toza havo shunchalar muhim. Maktabda ham ochiq havoda dars o‘tish imkoniyatidan tez-tez foydalaniladi.
Tarbiyaning yana bir jihati bor – oilaviy dasturxon uchun novvoyxonadan non olib kelish vazifasini ota-onalar bolalariga kichikligidayoq topshirishadi. Bu ham ularning mas’uliyatli bo‘lib o‘sishlariga yordam beradi. Shunda uyga non bilan qaytgan bola vazifasini qoyilmaqom qilib uddalagan askar misoli g‘alaba kayfiyatidan sarmast bo‘ladi.
Nemislar bola zehnli bo‘lib ulg‘ayishi uchun unga ishonch berilishi kerakligini ko‘p takrorlashadi. Umid qilamizki, bola tarbiyasida yuqoridagi usullarning yaxshi va yomon jihatlariga xos xulosa chiqarib bo‘ldingiz.
Farzandingiz kamolini ko‘rish sizga nasib qilsin!