Qattiqqo‘llik yomon emas, ammo o‘smirlar turli xil qoida va cheklovlarga qarshilik ko‘rsatishadi, shuni ham inobatga oling va har bir vaziyatni imkon qadar mehr va sabot bilan tushuntiring.
Biror narsaga izoh bermay, taqiqlavermang. Avval nima uchun? – degan savolga javob berishingiz kerak. Aks holda, farzandingizning do‘sti siz emas, balki ko‘chadagi oshna-og‘aynilari bo‘lib qoladi. Maslahatni kanda qilmay, hayot yo‘lini ham ana o‘shalar ko‘rsatib turishadi. Aytib turgan yo‘llari antiqa kompyuter o‘yinlari bo‘lsa mayliku-ya, muhimi tamaki yoki ichimliklar bo‘lmasin.
Shuning uchun keraksiz do‘stlar o‘rniga o‘zingiz do‘st bo‘lib, zararli odatlar o‘rnini foydalilari bilan almashtiring. Shu bilan bir katorda, bolada bo‘sh vaqt qolmasligiga xarakat kiling. Biror sevimli mashg‘uloti yoki sport bilan band bo‘lsin. Sport gormonal o‘zgarish paytida bola organizmiga ijobiy ta’sir etadi.
O‘zaro hurmat-chi?..
Agarda o‘smir farzandingiz vaqtingizga hurmat bilan qarashini istasangiz, avval o‘zingiz uning vaqtini qadrlang. Yana gap-so‘zlaringizni hurmat qilishini istasangiz, avval o‘zingiz uning har so‘ziga hurmat bilan qarang. Uning istaklari, orzu-umidlari, fikrini xamisha qadrlang. O‘zaro hurmat o‘smir farzandni ota-onasiga yanada yaqinlashtiradi.
O‘smir farzandingiz fikrlari va maslahatlariga bee’tibor bo‘lmang. Har bir o‘smir mustaqil qaror qabul kilishga o‘zini yetarlicha oqil va dono, deb hisoblaydi. To‘g‘ri yo‘lga solish esa, sizning ota-onalik iqtidoringizga bog‘liq. Masalan, xonadoningizga biror o‘zgartirishlar kiritmoqchisiz, bu borada farzandingiz fikrini so‘rang va, albatta, inobatga oling. Shunda farzandingiz, uning fikriyu maslahatlariga hurmat bilan qarashingizni ko‘rib, o‘zini oilaning ajralmas bo‘lagi, deb hisoblaydi.
Manba: Darakchi.uz