Ota-ona uchun farzand tarbiyasi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Bola tug‘iladi, uning tarbiyasi boshlanadi...bu borada eng muhimi nima? Nimadan boshlash kerak?
Madaniyatdan...Axir tarbiyali bola - bu madaniyatli boladir.
Insonni madaniyat va san’atga qiziqishi uning hayvondan farq qiluvchi fazilatidir. Qadimda xatto yozuv bo‘lmagan davrlarda ham insonlar g‘orlarda suratlar chizib yurganlar.
Shunday ekan har bir ota-ona o‘z farzandini tarbiya qilishda avallambor uni madaniyatli, san’atga qiziquvchan bo‘lishiga ahamiyat bermog‘i darkor.
Bolaning birovga, atrof-muhitga bo‘lgan munosabati naqadar muhim ekanligini kichikligidan anglashi lozim. Bolaning muomalasi, atrof-muhitga bo‘lgan hurmati uning hayot davomidagi quroli ekanligini tushunishi lozim.
Bola uning ijodi nafaqat unga balki atrofdagilarga ham xursandchilik keltirishini anglashi lozim. Agar maktabda "5" baho olsa, bu uning shaxsiy baxti, lekin do‘stlari uchun ajoyib tomosha uyushtirib bersa, u bir qator insonlarni baxtli eta olganidan mamnun bo‘ladi.
Bola, uchun butun dunyo sahnadir. Bola o‘ynayotganda dunyoni anglaydi, o‘yinda o‘z dunyosini yaratadi. Bu jarayonga ota-ona aralashmagani ma’qul.
San’atga oson kirish uchun bola ko‘rayotgan narsasini kuzata bilishi va tushuntira olishi kerak, u buni his etishi lozim. Shuning uchun bolalikda musiqa, chizish, raqs, tomosha, zabon va yozuv shunchalik muhim.
Bola madaniyatli bo‘lishini istagan ota-ona o‘z nutqiga e’tiborli bo‘lishi kerak. Bola bilan gaplashayotganda madaniyatli so‘zlarni ishlatish odat tusida bo‘lishi darkor. Undan tashqari bolaga kitob va ayniqsa, sher o‘qib berish juda foydali bo‘ladi.
Farzand tarbiyasida o‘rgatishdan ko‘ra jalb qilish muhimroqdir. Rasm chizishni o‘rgatishdan oldin uni ajoyib rasmlar ko‘rgazmasiga olib borish, skripkada chalishni o‘rgatishdan oldin filarmonik konsert eshittirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bola bilan biron narsa ko‘rilgandan keyin albatta uning bu haqdagi fikrini so‘rash, bu haqda u bilan suhbatlashish talab etiladi. Shunda u o‘z hissiyotlarini tasvirlab bera oladi. Iloji bo‘lsa, ko‘rgan narsasini rasmda tasvirlashi ham juda foydali.
Bolada yoshligidan ijodkorlik fazilati rivojlanishi uchun u bilan birgalikda ertaklarni to‘qish, to‘qilgan ertaklardan tomoshalar o‘ylab topishda ko‘maklashish kerak;
Farzand tarbiyasi gap bilan emas balki amallar bilan amalga oshiriladi. Televizor ko‘rayotgan onasini kuzatgan bolaga "Bor kitob o‘qi" deyishdan ko‘ra, televizorni o‘chirib "Yur, birgalikda biron kitob o‘qiymiz" deyish maqsadga erishish uchun eng oson va foydali yo‘l bo‘ladi. Farzandi madaniyatli va tarbiyali bo‘lishini istagan ota-ona unga namuna bo‘la olishi tarbiyaning eng muhim jihatidir.
Xulosa o‘rnida, buyuk olim Eynshteynning hikmatli so‘zini keltirib o‘tamiz: "Agar inson Motsartni eshita olmasa, demak u o‘lgan".
Manba: Uzbaby.Uz