Bilasizmi?

Farzandiga aliment to‘lay olmaydigan ishsiz kishilar majburiy mehnatga yollanadi

Aliment undirish samaradorligini oshirish bo‘yicha 2016 yil 21 dekabrda "Toshkent shahrida ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquq va majburiyatlari bo‘yicha davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qo‘shma qaror ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad alimentlarning o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilishdir.

2016 yilning 26 sentyabridan 2017 yilning 17 yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarning 895tasi (44,8 foiz) aliment qarzdorligini undirish bilan bog‘liq, deb yozadi Kun.uz.

Demak, bu ko‘rsatkich mazkur jarayonda muammolar yetarlicha ekanligini tasdiqlaydi.

Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tashkiliy nazorat bo‘limi boshlig‘i Sadriddin Hidirov bilan aliment masalasi bo‘yicha tashkil etilayotgan chora-tadbirlar xususida suhbatlashdik:

"Ayni damda Toshkent shahridagi 505 ta mahallada fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etilib, insonlarni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda mahalla faollari, sud ijrochilari, davlat idorasi xodimlari, yarashtiruv kommissiyasi a’zolari va shu bilan birga qarzdor hamda undiruvchi tomonlar ham ishtirok etdi. Bu kabi tadbirlar yil davomida tashkil etilib, uning negizida nafaqat undiruvni ta’minlash, balki inson huquqlarini tiklash, voyaga yetmagan shaxs manfaatini himoya qilish yotadi".

Bundan tashqari, Sadriddin Hidirov ishsiz yurib, alimentni to‘lay olmagan qarzdorlarga nisbatan qo‘shma farmoyishga yangilik kiritilishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, hech qayerda ishlamay, voyaga yetmagan farzandi uchun alimentni o‘z vaqtida to‘lamagan kishilar majburiy mehnatga joylashtiriladi va tushgan mablag‘lar farzandlarga yetkaziladi.

Bundan tashqari, Mehnat idoralari zimmasiga bo‘sh ish o‘rinlari haqida Sud ijro bo‘limiga ma’lumot berish vazifasi yuklatildi.