Bilasizmi?

​Farzandimni to‘g‘ri parvarishlayapmanmi?

5 savolga – javob

Onalik ayollik «kasbi» dagi yangi soha, shubhasiz, uning doim sergak va e’tiborli bo‘lishini talab qiladi. Lekin bularning hammasi birdaniga paydo bo‘lmaydi. Yosh ona ayni dam kerakli maslahatlarga muhtoj. Ularni malakali mutaxassisdan olsa, yanada a’lo. Quyida xuddi shu ishni amalga oshiramiz. Bola parvarishiga oid savollarga tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-pediatr Maktuba MIRRAHIMOVA javob beradi.

«PEShOB AJRATIShI KO‘PAYGAN...»

– Sutim juda quyuq, qizimning ko‘p peshob ajratishi shundanmi?

Nazira, Samarqand viloyati

– Ona sutining quyuqligi emizikli bolaning peshobiga bu darajada ta’sir qilmaydi. Gap onaning taomnomasida bo‘lishi mumkin. Ayol kun davomida asosan suyuq ovqatlar iste’mol qilsa, suyuqlikni ko‘p ichsa, bolada siydik ajratish jarayoni tezlashadi. Yilning sovuq mavsumini hisobga oladigan bo‘lsak, bolada sovqotish kuzatilishi, buning ortidan esa, siydik yo‘llarida yallig‘lanish ehtimoli kelib chiqishi mumkin. Maslahatim, bolalar shifokori – pediatrga uchrab, umumiy qon va siydik tahlilini topshiring.

«QIZIMNING UYQUSI NOTINCh»

– 7 oylik qizim kunduzi yaxshi uxlaydi, ammo kechasi bilan halovati yuq. Shifokorlar sog‘lom deyishdi, oxirgi paytlarda ko‘p stress boshdan o‘tkazgandim. Bu bolaga qanchalik ta’sir etgan bo‘lishi mumkin?

Sharifa, Qo‘qon shahri

– Emizikli ona kayfiyatidagi arzimas o‘zgarish ham bolaning ahvolida aks etadi. Farzandingizning notinchligi shundan bo‘lishi mumkin. Nizoli vaziyatdan keyin asablarni tinchlantirib olishingiz zarur. Bu vaqt mobaynida iloji boricha, bolaning yoniga kelmang, yuz-qo‘lingizni muzdek suvda yuving, derazani ochib, toza havodan nafas oling. Qizingizdagi tungi uyqusizlikni bartaraf qilish uchun har kuni ertalab, uni sayrga olib chiqing. Kunduzgi uyquni biroz cheklang, agar bola bir soatdan uzoq uxlayotgan bo‘lsa, uyg‘otib oling. Kechki uyquga yotqizishdan avval, badanini mayin uqalash, cho‘miltirish kerak. Bordi-yu, shundan keyin ham bolaning ahvoli o‘zgarmasa, shifokor-nevropatolog ko‘rigidan o‘tishni tavsiya qilaman.

«ChOV ORASI QIZARIB KETAYaPTI, SABABI NIMA?»

– Qizimning jinsiy a’zosi, chov oraliqlari tez-tez qizarib qoladi. Achishganidan yig‘lab, chayintirishga ham qo‘ymaydi. Nega shunday bo‘ladi?

Ma’mura, Chirchiq shahri.

– Bunga aksariyat yosh onalarning taglikka bo‘lgan ishtiyoqi sababdir. Gap shundaki, taglik 4 soatdan uzoq qo‘llanilmasligi kerak. Bola kichik hojat ajratganidan keyin darrov taglikni yechib, bolaning ostini yuqoridan pastga tomon bolalar sovunida yuvib, yaxshilab quritish lozim. Parvarishlovchi har xil xushbo‘y moylarni ishlatishda ham ehtiyot bo‘lish lozim. Ular ham yuqoridagi teri dermatitiga sabab bo‘ladi. Ular o‘rniga bolaning ostini yuvib, quritgach, 2-3 daqiqa havo vannasini qabul qilish va zaytun moyini surtish mumkin.

«O‘G‘LIMNING OYoG‘IGA DOG‘I BOR»

– O‘g‘lim 7 oylik. Tug‘ilganida hech qanday muammo bo‘lmagan. Yaqinda o‘ng oyog‘ining sonida och jigarrang dog‘ paydo bo‘lganini ko‘rib qoldim. Dog‘ kundan kun kattalashayapti. Shifokorlar esa: «bolang soppa sog‘», deyishmoqda. Bu nimadan bo‘lishi mumkin?

Roziya, Toshkent shahri

– Tug‘ma dog‘ va norlar alohida parvarishni talab etmaydi. Bor-yo‘g‘i ularni kesilish, urilish va boshqa mayda jarohatlardan asrasangiz bas. Lekin tushunishimcha bu yerda gap orttirilgan dog‘ haqida ketmoqda. Ona, bolani parvarish qilgan paytda tarkibida spirt va boshqa kuchli ta’sirga ega vositalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Maslahatim bolani allergodermatolog ko‘rigidan o‘tkazing. Shunda vaziyat oydinlashadi va teridagi dog‘ning kelib chiqish sababi aniqlanadi.

«BOLAMNING TERISI KO‘ChIB TUShAYaPTI....»

– 10 oylik o‘g‘limning qo‘l barmog‘ining terisi ko‘chib tushayapti. Terisi quruqlashgandir deb, yumshatuvchi bolalar kremidan surtdim. Ammo foydasi bo‘lmadi. Kimga murojaat qilishni bilmayapman? Sababi nima? Xuddi terisi po‘st tashlayotganga o‘xshaydi.

Shirin, Farg‘ona viloyati

– Yoshiga to‘lmagan bolalarning terisi po‘st tashlashi yod tanqisligi hamda kamqonlik kasalligida kuzatiladi. Shuningdek, bu holat allergiya, terining zamburug‘li infeksiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bolani pediatr va tor doiradagi shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazib, tezroq davolanishni boshlang.

Manba: Darakchi.uz