Maktab yoshi

Farzandingiz maktabga otlandi

Yetti yoshli bolalarda "o‘tish davri" yuzaga kelishi tabiiy jarayon. Avvaliga bolajoningiz vaqtini faqat o‘yinlar bilan o‘tkazgan bo‘lsa, endi ta’lim olish ham "jadval"ga kiritildi. Bog‘chada u dunyoni o‘yinchoqlar orqali anglardi, endi esa kitoblar. Maktab formasi, qat’iy kun tartibi, erta uyg‘onish, darsliklarni ko‘tarib yurish, o‘qituvchining aytganlariga itoat etish bolada stress uyg‘otishi mumkin. Xo‘sh, buni qanday yengish mumkin?

Istaklarga to‘siq. Birinchi sinfda bola "mumkin, mumkin emas" so‘zlariga to‘qnashadi. Maktabdagi tartib-qoida uning o‘z "qoidalariga" zid kelishi, istaklarini bo‘g‘ishi turgan gap. Bu jarayon bir necha haftadan bir yilgacha davom etishi mumkin. Moslashishda eng katta rolni ota-onalar o‘ynaydi. Kattalarning qo‘llab-quvvatlashi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, bolani tushunishi bu pallada juda muhimdir.

Kun tartibi. Bolaning ham ruhiy, ham jismoniy holati bog‘chadagidan ko‘ra ancha rivojlanadi. Tungi uyqu vaqti o‘n soatdan kam bo‘lmasligi shart. Kunduzi ochiq havoda sayrga olib chiqishni unutmang. Bu televizor yoki kompyuter qarshisida o‘tirishdan foydaliroq. Aytgancha, nevropatologlarning aytishicha, monitor oldida bolakay 40 daqiqadan ortiq o‘tirmasligi lozim (hatto planshet va smartfonlarda ham). Agar u kompyuter o‘yinlarini yaxshi ko‘rsa, tez orada atrofdagilar bilan muloqot o‘rnatishda muammolar yuzaga keladi.

Qo‘shimcha og‘irlik tushmasin. Bolani birinchi sinfdanoq qo‘shimcha kurs va to‘garaklarga berish tavsiya etilmaydi. Bu unga og‘irlik qiladi. Avval bola yangi kun tartibi va yangi odamlarga o‘rganib olsin. Kamida yarim yildan so‘ng farzandingiz xohishiga qarab, sport yoki musiqa to‘garaklariga berishingiz mumkin. Bolani tongda urishib uyg‘otmang, buni o‘zi istashi kerak. "Budilnik" bilan uyg‘onishni o‘rgating. Shosha-pisha nonushta qilish ham yaxshi emas. Maktabdan kelib biroz mizg‘ib olsin. "Nima, qayerda, qachon, nega?" kabi savollarga ko‘p tutmang.

Uyga vazifa. Unutmang, yetti yoshli bolalar uzog‘i bilan 20 daqiqa diqqatini biror narsaga jalb eta oladi. Uyga vazifalarni tayyorlayotganda tanaffus berib turing. Avval og‘zaki, so‘ng yozma ishlarni bajartiring. Uning o‘rniga o‘zingiz yozib bermang! Bola o‘z "yumushini" o‘zi bajarishi lozimligini tushunsin. Agar masalalarni tushunmasa, tanbeh bermang. Buni o‘yinlar yordamida tushuntiring.

O‘qituvchisini yomonlamang. Bola hayotida sizdan keyin turuvchi muhim inson - bu uning birinchi o‘qituvchisidir. O‘qituvchi sizga yoqadimi, yoqmaydimi, unutmang – u farzandingiz kamolotiga o‘z hissasini qo‘shadi. Agar o‘qituvchi bilan tortishsangiz, yomonlasangiz, bu bolaga qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Unga hamisha o‘qituvchisini maqtang va aytganlarini qilishi lozimligini tushuntiring. Ba’zida bolakay sizni emas, o‘qituvchisining gapiga kiradi. Demak, ustozga hurmat shu davrdan shakllanadi.

Qo‘llab-quvvatlang. Uni doim qo‘llab turing. Past baho olsa, urishib, yuqori baho olsa, maqtasangiz, bolada meni baholarim uchun yaxshi ko‘risharkan, degan xulosa uyg‘onadi. Unga doim neytral munosabatda bo‘ling. O‘zida uyg‘onayotgan ko‘p savollarga o‘zgalardan emas, sizdan javob olishiga imkon yarating. Sinfdoshlari bilan do‘stlashishni o‘rgating, yolg‘izlanib qolmasin.

Arzimas narsalarni deb... Bola shaxs sifatida rivojlanarkan, bu pallada mojarolar unga salbiy ta’sir etadi. Arzimas narsalar uchun tanbeh beraversangiz, u aybini yashirishni o‘rganadi. Daftaridagi siyoh, ruchkasini yo‘qotishi, dars jadvalida adashishi kabi oddiy holatlardan katta fojea yasamang. Bu har bir o‘quvchi hayotida sodir bo‘ladigan tabiiy jarayon.

Erta tongga tayyorlanish qoidalari:

  1. Ertalab bola maktabga kech qolmasligi uchun kechqurun zarur narsalarni tayyorlab qo‘ying: maktab formasi, sumka, jadval bo‘yicha kitob- daftarlar.
  2. Agar ertalab bolangizni maktabga tashlab, so‘ng to‘g‘ri ishga ketadigan bo‘lsangiz, ikki karra ko‘p vaqt ketadi. Buning uchun avval o‘zingiz tayyor bo‘lgach, so‘ng bolani kiyintirib, tayyorlating.
  3. Nonushta mazali bo‘lishini ta’minlang. Har kuni bir xil bo‘tqa yeyish bolaning kayfiyatiga ta’sir qiladi. Haftada ikki marta yogurt, shokolodli myusli, buterbrod qilib bering.
  4. Bola maktabga tayyorlanayotganda sabrli bo‘ling. Tish yuvishi, paypoqlarini kiyishi, soch tarashi kabi vazifalarni o‘zi bajarishiga imkon yarating. Bu vaqtda uni shoshiltirmang va majburlamang.

Manba: Beka.Uz