Mening barcha sinfdoshlarim biz o‘qigan maktab atrofida turishar edi. O‘qituvchilarimiz bilimli, malakali bo‘lganliklari sabab hozirda deyarli barcha shogirdlari jamiyatda o‘z o‘rniga ega. Hatto men ayni kunlarda ham maktabda ingliz tili o‘qituvchim bergan bilimga asoslanib tarjima asarlar yarataman...
Endi, farzandlarimizni maktabga berish masalasiga yuzma-yuz kelganda bildimki, maktab ta’limi avvalgi holatidan anchagina o‘zgarib ketibdi.
Atrofdagi maktablar hududda yashaydigan aholining ishonchini oqlamaganligi sababli ota-onalar o‘z farzandlarini uzoqda joylashgan maktablarga olib boradilar. Maktab davrida biz doim mahalla ichidan maktabimizga yetib olardik, ota-onamiz ham shundan bexavotir o‘tirgan bo‘lsalar kerak.
Ko‘pchilik maktablarda mutaxassis kadrlar yetarli emas, borlarini ham tajribali, o‘z ishini ustasi deb bo‘lmaydi. Xalq orasida “o‘qituvchini ish haqiga kim ham ishlardi”, deydigan bo‘lib qolishdi. “Bir kun tuz yegan joyinga o‘n kun qulluq qil” degan naqlni ham unitmaylik, hurmatli kam oylikka ishlab “qahramonlik ko‘rsatayotgan” ustozlar.
Bir tumanda 3–4 ta talabga javob berishga yaqin maktablar bor, shu maktablarga o‘z farzandining kelajagidan zarracha umidvor ota-onalar navbat kutib, “turtilib-surtilib” nuridiydalarini o‘quvchilikka “joylaydilar”.
Xususiy maktablar paydo bo‘lganidan beri ma’lum ma’noda “og‘irimiz yengil” bo‘ldi. Har holda tajribali o‘qituvchilar, oddiy maktablardan kechib, shu yerda o‘qitishni maqul ko‘rmoqdalar. Umuman, hozirgi kunda xususiy maktablarning ko‘payishi ta’lim sohasida raqobatni kuchayishiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo...
Ammo davlat maktablari raqobatlashgandan ko‘ra, o‘quvchilari kamroq bo‘lganidan, ko‘proq haq talab qiladigan o‘qituvchilar o‘z murodi maqsadiga yetib, ishini topib ketganidan xursand bo‘lib o‘tiribdilar chog‘i. Bu raqobatda xususiy maktablar g‘olib chiqqani aniq bo‘lib qoldi. Endi farzandini o‘qitishga mablag‘i yetarlilar farzandiga xorij standartlariga mos ta’limni ta’minlab bera oladi. Oddiy, o‘rtahol oilaning farzandi yozish va chizishni bilsa bo‘ldimi?!
Xususiy maktablarni ochishdan maqsad, ushbu maktablarda xorij ta’lim standartlariga javob beradigan ta’lim berishni yo‘lga qo‘yish ekan, bu borada bu maktablarda xorijlik mutaxassislarni jalb qilish ta’kidlanmoqda. Davlat maktablarida xorij ta’lim standartlariga javob beruvchi o‘qitish tizimini joriy qilib bo‘lmaydimi?! Xorijlik o‘qituvchilarni oddiy maktabga ham chaqirsak-chi?!
Hozirgi kunda aksar maktablarda “pullik sinflar” ochildi. “Pullik sinfda” o‘qigan bola xuddi shu maktabdagi oddiy sinfga o‘tib o‘qiy olmadi. “Dars o‘tishmas ekan u sinfda”, dedi o‘quvchi. Kaminani jahon tajribasi yoki qog‘ozlardagi nazariya emas, insonlarning, xalqning fikrlari ko‘proq qiziqtiradi. Ayni kunda esa, xalq davlat maktablari holatini qoniqarli emas, deya hisoblamoqda. Xususiy maktabga farzandini o‘qitgisi kelmoqda-yu, mablag‘i yetarli emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining"Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga Sharhda shunday deyiladi: “Xorijiy tajribalar davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat fuqarolarning sifatli ta’lim olishga bo‘lgan huquqini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlarda nodavlat ta’lim sektorining umumiy o‘rta ta’limdagi ulushi yuqori bo‘lib, Germaniyada 12 foizni, Fransiyada 17 foizni, AQShda 18 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Ispaniya, Irlandiya va Gollandiyada 30 foizni tashkil etadi”
O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqi 149775 so‘mni tashkil qiladi. Xususiy maktablar o‘qitish uchun esa oyiga 700 000dan 2,0 mln gacha haq to‘lash lozim. Misol tariqasida 30%i xususiy maktab deya keltirilgan Gollandiyada eng kam oylik ish haqi 1551 yevroni tashkil qiladi. Xususiy maktablarda o‘qish oyiga 1700 yevroga teng. Yani, mamlakatimizdagi xususiy maktablarning narxi eng kam oylik ish haqidan kamida 10 baravar ko‘p, Gollandiyada esa xususiy o‘rta maktabda o‘qish deyarli eng kam oylik ish haqining bir baravariga teng.
Hozirgi kunda respublikada 43 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi tegishli litsenziyaga ega bo‘lib, xalq ta’limi tizimidagi 9680 ta maktabga nisbatan ularning ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Bu maktablarning asosiy qismi Toshkent shahrida va 0,4 % insonlarning maktab tizimiga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirishga yetib ortyapti.
Biz kimnidir tirikchiligini “beliga tepish” yoki xususiy maktablarni qoralash niyatimiz yo‘q. Davlat maktablari raqobatbardosh holatga kelishini, xususiy maktablarda o‘qish to‘lovlari “aqlga sig‘adigan” bo‘lishini, farzandlarimni ko‘nglim to‘q bo‘lib, yonimdagi maktabga olib borishni, maktabda ertamizning egalariga munosib ta’lim berilishini istaymiz, xalos.