Bolalar taomi

Farzandingizga maktabga berib yuborish uchun mazali va foydali yeguliklar

Farzandingizga maktabda tanaffus chog‘ida yeyish uchun ham mazali, ham foydali bo‘lgan qanday yeguliklarni berib yuborish mumkin?

Avvalo, bola uchun yorqin va chiroyli lanch-boks sotib oling. Unga solinadigan oziq-ovqatlarning barchasini yeyish uchun to‘liq tayyor holatga keltiring: ularni yuving va kesish kerak bo‘lganlarini kesing. Vaqtingiz va xohishingiz bo‘lsa, yaxshisi, turli shakllar, kulgili yuzlar shaklida kesing.

Bolalar bir martada ko‘p narsa yeya olmaydi, shuning uchun katta buterbrodlarni yaxshisi kichigi bilan almashtiring, katta olma o‘rniga uzum donalaridan soling, shunda bola o‘rtoqlari bilan ham bemalol bo‘lisha oladi.

Sendvich tayyorlashda xilma-xillik bo‘lishi uchun kreker, vafli yoki yupqa lavashdan foydalaning, axir bir xil non tez jonga tegib qoladi.

Sabzavotlarni duxovkada pishirishingiz yoki grilda qovurib olishingiz mumkin, shuningdek, bolangizga meva va butundonli kulcha nonlarni berib yuborishingiz mumkin.

Eng muhim mikroelementlar manbalari bo‘lib yong‘oqlar va quruq mevalar ham hisoblanadi. Bu mahsulotlarni farzandingiz ratsioniga kiriting.

Issiq va sovuq mahsulotlarni birga joylamang — bunday muhitda mikroblar tez ko‘payadi. Shuningdek, kolbasa mahsulotlari va qattiq pishloqdan foydalanmang, ular issiqlik ta’sirida o‘zidan yog‘ ajratadi va ham ko‘rinishi, ham mazasi jihatidan yoqimsiz holatga keladi.

Bolaga do‘kondan olingan emas, uyda qaynatib sovitilgan suv yoki kompotni berib yuboring. Shuningdek, oddiy butilkalarni chiroyli suv ichadigan maxsus idishlar bilan almashtirish mumkin, shunda ichimlikni kiyimiga to‘kib qo‘yishi ehtimoli ham kamroq bo‘ladi.

Manba: Daryo.uz