Tarbiya

Farzandingizga «nozik masalalar»dan so‘z ochsangiz...

Odatda, BU mavzuga o‘smirlarning qiziqishi kuchli bo‘ladi. Ota-onalar uchun esa farzandimga to‘g‘ri tushuncha bera olamanmi-yo‘qmi, degan o‘y xavotirli.  Xo‘sh, nozik masalalar xususida bolaga qachon va qay tariqa so‘z ochgan ma’qul? Ayni mavzudagi suhbat jarayonida ota yoki ona o‘zini qanday tutishi kerak?

Sizu bizni qiziqtirgan shu kabi savollarga oliy toifali shifokor, seksopatolog — Ramazon NAZAROV javob beradi.

Bola qachon anglaydi?

Taxminan, ikki-uch yoshlarda kichkintoy qiz va o‘g‘il bolalarning tanasi bir-birinikidan farq qilishiga ahamiyat bera boshlaydi. Va ayni e’tibor bolada o‘zining tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan qiziqishni shakllantiradi. Qiz bola va o‘g‘il bolaning aniq farqlaydi. Sinchkov go‘dak ongida savollar tug‘ila boshlaydi. Demak, unga kerakli va tushunarli javob berish lozim.

Jinsiy tarbiyaga faqat ota-ona mas’ul

Avvalambor, ota-ona tushuntirish ishlarini o‘zi olib borishi darkor. U farzandining savollariga uyalmay javob qaytarsa, qiziqishlariga xotirjam munosabatda bo‘lsa, shuningdek, o‘rtadagi “parda” ko‘tarilmasa, bolada shu mavzuga nosog‘lom qiziqish shakllanmaydi. Ota-ona savollarga javob berishdan qochib, suhbatlashish istagini bildirmasa yoki jerkib, baqirib bersa, bola uyalib qoladi. Bu yoqimsiz holat uning yodida uzoq vaqt saqlanib, siz bilan bu mavzuda suhbatlashmay qo‘yadi va “beminnat” mahalladoshlardan ma’lumot oladi. Shuni unutmaslik kerakki, farzandimiz “kattalar mavzusi” yuzasidan ilk savolni berguniga qadar biz oiladagi munosabatlarimiz, xatti-harakatlarimiz bilan unga jinslar orasidagi farqni o‘zimiz bilmagan holda o‘rgatib boramiz.

Hamma savolga ham javob berish shartmi?

Javob berishni paysalga solish yaxshi emas: har qanday holatda ham bola o‘zini qiziqtirgan savolga javob olmagunicha tinchimaydi. Farzandingizning qiziqishini, albatta, qondiring. Javoblar imkon qadar qisqa, lo‘nda va bolaning yoshiga mos bo‘lishi lozim. Ba’zan bola bir narsa haqida qayta-qayta savol beraveradi, bu uning siz tushuntirgan nimanidir anglamay qolganidan dalolatdir. Shunda barini boshidan gapirib bermay, uni aynan nima qiziqtirayotganini so‘rang.

Qay yoshda nimalar qiziq?

Maktabgacha yoshdagi bolalarni, birinchi navbatda, tana tuzilishi qiziqtiradi. O‘g‘il bolalar va qizlarning farqi haqida gapirayotib, to‘g‘risini so‘zlang, lekin tafsilotlarga berilish shart emas.

Taxminan 5-7 yoshga kelib, bolaga “Men qanday paydo bo‘lganman?”, degan savol tinchlik bermay qo‘yadi. Shunchaki “Oyingning qornidan chiqqansan”, “Seni laylak tashlab ketgan”, “Osmondan tushgansan”, degan mavhum gaplar bilan farzandingizni chalg‘ita olmaysiz. Chunki unda: “Qanday qilib u yerga kirib qolganman”, “Demak, laylak tashlab ketgan bo‘lsa, men ota-onamga begona ekanman-da”, “Meni osmonga kim chiqarib qo‘ygan?”, degan taajjubli savollar paydo bo‘lishi, shubhasiz. Maslahatimiz, javobni hujayralar misolida tushuntiring: “Otang ikkimizning to‘yimiz bo‘lgach, bir-birimizni judayam yaxshi ko‘rib qolganmiz va farzandlarimiz bo‘lishini istaganmiz. Shunda ikkalamiz ichimizdagi mitti hujayralarning birlashishini Xudodan so‘radik. Hujayralarimiz bir bo‘lgach, sen paydo bo‘lding”, deb.

Bolaning 10-12 yoshi ayni diqqat-e’tibor talab etadigan palladir. Bu paytda farzandingiz ko‘p narsani tushuna oladi. Uni endi muhabbat, sevgi masalasi qiziqtira boshlaydi. Siz buni mehr izhori, deb izohlang. Ba’zan inson sovg‘a-salomlar, chiroyli so‘zlardan ham ko‘ra, yaqinining quchishi yoki bo‘sasidan o‘zini baxtli his etishini ayting.

Qiyin-a? Ammo zarur. Bilsangiz, o‘smirlar bilan aynan jinsiy hayot haqida suhbatlashish shart emas. Bu ularga maktabdagi anatomiya darsi va salomatlikka oid boshqa qo‘shimcha mashg‘ulotlarda tushuntiriladi. Sizning vazifangiz esa jinsiy hayotning boshlanishi va o‘sha davrga taalluqli sog‘lom turmush tarzi haqida gapirib berishdir.

Suhbatni boshlovchi: otami yoki ona?

Ona va qiz, ota va o‘g‘il alohida-alohida suhbatlashgani ma’qul. Bu vazifani yana buvi va bobolarga ishonib topshirish mumkin. Avvalo, bolakay kimga ko‘proq ishonishi hamda kim bilan uyalmay suhbatlashishini inobatga olish zarur.

Ibo va hayo pardasi ko‘tarilmasin!

Farzandingiz hali kichik bo‘lsa, uning yonida bemalol kiyimingizni almashtira olarsiz. Ammo katta bo‘lgani sayin orada hayo pardasi saqlanishi kerak. Uch yoshdan katta bolalar ota-onasi kiyinayotganda ishtirok etmagani ma’qul. Bundan tashqari, qizingiz va o‘g‘lingizga har bir insonning shaxsiy hududi (bizda bu yotoqxonaga to‘g‘ri keladi) daxlsiz ekanligini tushuntiring. Masalan, boshqa birovning yotog‘iga kirishdan avval eshikni taqillatish lozimligini, yuvinish xonasida kimdir bo‘lsa, u yerga kirmaslikni yoshligidan o‘rgatib boring. Shuningdek, o‘zganing va o‘zining tanasiga qo‘l tekkazish mumkin emasligini ham eslatib qo‘ying.

 Hayz haqida qiz bolaga qachon aytish kerak? Odatda, onalar qizlari 10-11 yoshlarga yetganida unga hayz haqida gapirib berishadi. Bu to‘g‘ri. Zero, hayz qo‘rqinchli va dahshatli emas, balki (kelajakda) ona bo‘lishga har oyda  tayyorgarlik ko‘rib borish ekanligini tushuntirish kerak. Shuningdek, albatta, gigiyena qoidalariga amal qilish, doimo chiroyli va ozoda bo‘lishga intilish lozimligini aytish ham foydali. Buning uchun esa ona qiziga kunda ikki marotaba dush qabul qilish hamda gigiyenik vositalardan qanday foydalanishni tushuntirib beradi. Bu bilan qizingizni sog‘lom turmush tarziga odatlantirib borgan bo‘lasiz.

Farzandlarimiz ertami-indin, albatta, mustaqil hayotga qadam qo‘yishadi. Ularni “kattalar dunyosi”ning muammolari va yozilmagan qonunlari haqida ogohlantirish  biz, ota-onalarning burchimizdir. Shuni unutmasak, bo‘lgani!

Manba: Darakchi.uz