Ota-onalarni qiynaydigan savollardan biri – farzandining maktabda olayotgan baholari muhimmi yoki muhim emasmi? Uch bahoga o‘qiydigan bolalarning hayotda o‘z o‘rnini topishi oson kechishi haqidagi fikrlar qanchalik to‘g‘ri?
Agar moddiy ta’minlanganlik jihatini olib qarasak, maktabdagi baholar bunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikka ega emas. Boshqacha qilib aytganda, o‘rtadan balandroq daromadga ega odamlar orasida maktabda a’lo baholarga o‘qiganlar bilan bir qatorda umuman maktabda ta’lim olish imkoniga ega bo‘lmaganlari ham bor. Bunga misol mashhurlar juda ko‘p.
Agar o‘z hayotidan mamnunlik darajasiga ta’sirini o‘rgansak, bunda ham maktabdagi baholar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish yo‘q. Boylar ham yig‘laydi, mashhur kishilar ham o‘zini yolg‘iz his qilishi mumkin.
Baho – bu bolaning maktabda o‘rganilayotgan qaysidir mavzuni qanday o‘zlashtirganligi. Faqat shu xolos. Unga qo‘shimcha o‘lchovlarni biriktirish kerak emas.
Baho – iqtidor ko‘rsatkichi hisoblanmaydi. Bolada qobiliyat bo‘lishi mumkin, lekin xohish-istak bo‘lmasligi mumkin.
Baho – kelajakdagi muvaffaqiyatlarning kafolati bo‘la olmaydi. Ijtimoiy yoki hissiyotga xos zakovat maktabda baholanmasligi mumkin, biroq kishiga muayyan kasbda o‘z o‘rnini topishi uchun yordam bera oladi.
Baho bola o‘zining rivojlanish darajasida qanchalik ilgarilaganligining ko‘rsatkichi hisoblanmaydi. Bolani baholashda uning erishgan natijasi ma’lum bir me’yor bilan taqqoslanadi. Bolaning bundan avvalroq erishgan natijalariga qarab xulosa qilinmaydi.
Baho bolaning naqadar mas’uliyatli ekanligining ko‘rsatkichi hisoblanmaydi. Bola o‘zi uchun qiziqarli bo‘lgan qaysidir boshqa sohada o‘ta mas’uliyatli bo‘lishi mumkin.
O‘quv jarayonidagi yomon baholar – bu “dahshatning o‘zginasi, bola dangasa va zehni past, mas’uliyatsiz, hech qachon yaxshiroq ishga joylasha olmasligi”ni anglatmaydi. Yomon baho – bu qaysidir sababga ko‘ra, bolaning maktab talablarini bajara olmayotganligi yoki bajarishni istamayotganligidir. Faqat shu.
Kundalikdagi baholarga qarab bolaning shaxsiyati haqida xulosa chiqarish kerak emas!