Ba’zi ota-onalar farzandining chiroyliligini, aqlliligini ko‘z-ko‘z qilish uchun ularning suratlarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishni yoqtirishadi. Ammo ular aynan ijtimoiy tarmoqda farzandldariga xavf tug‘diruvchi odamlar mavjudigi haqida o‘ylab ko‘rishmaydi, deb xabar beradi “Adme.ru” nashri.
Bu bilan farzandlaringizni yashirishga harakat qiling, degan fikrdan yiroqmiz. Ammo hamma narsada me’yor bo‘lgani yaxshi. Quyida bunday xatardan bolangizni asrashning 7 jiddiy sababi bilan tanishtiramiz.
Suratlarga geolokatsiya qo‘ymang
Farzandingiz asosiy vaqtini o‘tkazadigan — maktab, sport zal, to‘garak nomini, joyini oshkor etmang. Yomon odamlar bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishlari mumkin.
Bolaning qiziqishlari aks etgan suratlarni joylashtirmang
Bolangizning nimaga qiziqishini bilgan odam uni osongina, duch kelgan joyda, har qanday vaziyatda bundan unumli foydalangan holda aldashi mumkin.
Bola haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha suratlarni olib tashlang
Bu sizga g‘alati tuyulishi mumkin. Biroq shunday odamlar borki, ular ijtimoiy tarmoqda bolasiga olgan vizasi, pasporti va boshqa hujjatlari bilan maqtanib, ularning suratlarini joylashtirishadi. Hujjatda bolaning ismi-sharifi, u haqdagi ma’lumotlar aniq ko‘rsatilgani bois, uning qayerda yashashi va qaysi maktabda o‘qishini bilib olish oson bo‘ladi.
Bolaning mashina yonida tushgan suratini qo‘ymang
Bu ma’lumot nafaqat bola uchun, balki ota-onalar uchun ham xavf tug‘diradi. Jinoyatchilarga o‘zingiz haqingizda ham to‘liq ma’lumot berishingiz mumkin.
Bolaning yarim yalang‘och suratini joylashtirmang
Bunday suratlar siz va yaqinlaringiz uchun qanchalik kulgili va samimiy tuyulmasin, ba’zilar unga batamom boshqa tomondan nazar tashlashlari mumkin.
Kelajakda bolangizning uyalishiga sabab bo‘ladigan suratlarni qo‘ymang
Shubhasiz, bunday suratlar barchamizda mavjud. Bolaligimizda ijtimoiy tarmoqlar mavjud bo‘lmagani bois, ularni faqatgina yaqinlarimiz tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bizning bolalarimiz esa bunday xavfdan himoya qilinmagan. Ularning bunday suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish kelajakda ularning qizarishiga, uyalishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Farzandingizning boshqa bolalar bilan tushgan suratini qo‘ymang
Bunday suratlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishdan ilgari farzandingiz bilan suratga tushgan bolalarning ota-onasi qarshi bo‘lmasligi haqida o‘ylab ko‘ring. Axir bu ishingiz bilan boshqa bolalarning javobgarligini ham o‘z bo‘yningizga olasiz.
Farzandingizning suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishdan oldin uni nafaqat do‘stlaringiz, yaqinlaringiz ko‘rishini, balki har qanday yovuz niyatli odam undan g‘arazli maqsadlarda foydalanishi mumkinligi, bolangizning xavfsizligi haqida o‘ylab ko‘ring. Farzandingizni yomon ko‘zlardan, yomon niyatli odamlardan asrang!
Manba: Darakchi.uz